O‘zbekiston | 21:10 / 07.03.2021
11553
2 daqiqa o‘qiladi

Aksilmonopoliya qo‘mitasining Surxondaryodagi boshqarmasi mas'ul xodimi pora bilan ushlandi

Mas'ul xodim dorilari qimmat narxlarda sotilayotgan dorixona ustidan tushgan shikoyatni “tinchitish” uchun dorixona rahbaridan 200 dollar pora talab qilgani aytilmoqda.

Qayd etilishicha, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasida bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlovchi shaxs o‘zining ish yurituvida bo‘lgan, Denov tumanidagi xususiy korxonaga qarashli dorixonada dorilar qimmat narxlarda sotilayotganligidan norozi bo‘lib yozilgan murojaatni ushbu korxonaning foydasiga ijobiy hal qilib berish evaziga korxona rahbaridan 200 AQSh dollari pora talab qiladi.

U 200 dollarni olayotgan vaqtda Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Denov tuman bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda qo‘lga olingan.

«Ayni paytda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 201-moddasi (Pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari o‘tkazilmoqda», deyiladi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining xabarida.

Avvalroq lavozimga tayinlanganiga bir oy ham bo‘lmagan Pensiya jamg‘armasi Xovos tumani bo‘limi boshlig‘i, «Yermulkkadastr» davlat korxonasi sobiq xodimi, «Xorazm hududiy elektr tarmoqlari» AJ rahbari, Andijon viloyati Avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limi boshlig‘i pora bilan qo‘lga olingan edi.

Mavzuga oid