Jamiyat | 10:02 / 08.03.2021
25569
8 daqiqa o‘qiladi

«Ona tergovga kirib ketdi, bolasi menda qoldi...» – militsiyachi ayol hikoyasi

Ichki ishlar organlarida erkaklar qatorida ko‘plab ayol xodimlar ham xizmat qiladi. Ularni har kuni ko‘cha-ko‘yda, mahallalarda xizmat vazifasini bajarayotgan holatda ko‘ramiz. Bu ayollar tizimdagi erkak xodimlar bilan bir safda turib, el-yurt osoyishtaligini ta'minlash, jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilikning oldini olish yo‘lida ter to‘kmoqda. 8 mart – ayollar bayrami arafasida Andijon viloyat ichki ishlar boshqarmasi tizimida xizmat qilayotgan xotin-qizlar faoliyatini oz bo‘lsa-da ochib berishga harakat qildik...

Andijon viloyati IIBning xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bosh inspektori Barnoxon Mirzayeva ichki ishlar tizimida 10 yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda: «Andijon viloyat ichki ishlar boshqarmasida men singari yana 70 nafar ayol xizmat qiladi. Kelinglar, men sizlarni o‘zim va ayol xodimlarning ish faoliyati bilan tanishtiray», – deb yo‘lga boshladi Barnoxon.

Viloyat ichki ishlar boshqarmasida 102 qisqa raqamli Call-markaz faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. U yerda fuqarolarning murojaatlari uzluksiz qabul qilinib, tegishliligi bo‘yicha shahar va tuman navbatchilik qismlariga yetkazib beriladi. Shundan keyin mas'ul xodimlar murojaatlar bo‘yicha tezkor ish olib boradi. Call-markaz'da ayol xodimlar ishlaydi. «Bugun biz soat 14:30gacha 260ta murojaatni qabul qildik», – deydi Call-markaz operatori Nigina Vaqqosova.

Buni qarangki, patrul-post xizmatida ham bir necha nafar xotin-qizlar xizmat qilarkan. Ulardan biri Maftunaxon G‘ulomjonova. Xizmat mashinasidan dadil tushib kelgan Maftunaxonning kayfiyati a'lo darajada ekani yuz-ko‘zidan sezilib turardi: «Men 8 yildan buyon ichki ishlar tizimida xizmat qilaman, kasbimni juda yaxshi ko‘raman. Vazifamiz jamoat tartibini saqlash va fuqarolar xavfsizligini ta'minlashdan iborat», – dedi patrul-post xizmati inspektori Maftunaxon G‘ulomjonova.

Shu kuni Andijon shahridagi «Dinamo» stadionida 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan musobaqa tashkil etilgan ekan. Stadionda pistoletni to‘liqsiz qismlarga ajratish va yig‘ish, granata uloqtirish va 100 metrga yugurish bo‘yicha bellashuvlar bo‘lib o‘tdi. So‘ngra ichki ishlar tizimidagi xotin-qizlar o‘q otish mashg‘ulotiga yo‘l olishdi. U yerda o‘q otish borasidagi mahorat sinovdan o‘tkazildi. «To‘g‘risi, har gal qo‘limga qurol olganimda biroz hayajonlanaman», – dedi Barnoxon nishonni mo‘ljalga olishdan oldin.

IIB xodimlari ayol bo‘lsa ham, jismoniy tayyorgarligi yaxshi bo‘lishi kerak, chunki har qanday holat bo‘lishi mumkin. Bu borada ularga yakkakurash turlari bilan shug‘ullanish asqatadi.

«Ichki ishlar tizimida xizmat qilayotgan xodimalarimiz ish bilan bir qatorda sport bilan ham shug‘ullanishadi. Men karate bilan muntazam shug‘ullanaman. Maqtanib qo‘yay, medallarim ham juda ko‘p. Bir necha marta O‘zbekiston chempioni, xalqaro turnirlar g‘olibi bo‘lganman. Ilgari ichki ishlar tizimida sportning o‘rni juda katta deyishsa, men hayron bo‘lardim. Lekin jinoyatchilik bilan bog‘liq holatlarda sport kerakligini sezdim.

Shu desangiz, bir kuni uyimizga o‘g‘ri tushgan. O‘g‘rini sambo usullarini qo‘llab zararsizlantirganman. To‘g‘ri, bu doim bo‘ladigan holat emas, lekin ish jarayonida, aynan o‘g‘rilarni ushlashda sambo usullarini qo‘llashga tayyor turish kerak», – deydi Barnoxon.

Ichki ishlar tizimidagi ayollar ham tunda navbatchilik asosida mahalla guzarlari va ko‘chalarda jamoat tartibini saqlashga safarbar qilinadi. Bunda otliq guruh alohida o‘rin tutadi: «Otliq guruhimiz jamoat tartibini saqlash va xavfsizlikni ta'minlash maqsadida ko‘chalarda, ommaviy tadbirlarda xizmat olib boradi», – deydi patrul-post xizmati xodimi Muazzamxon Qahhorova.

Barnoxon Mirzayeva ish faoliyati davomida bo‘lgan o‘zgacha bir holatga to‘xtaldi: «Ichki ishlar tizimida xizmat qiladigan ayollarni qahri qattiq, jiddiy deb o‘ylashadi, lekin bunday emas. Biz avvalo ona, ayolmiz. Ish davomida bo‘lib o‘tgan bir voqeani aytib bermoqchiman. Yosh kelinchak qo‘lida uch oylik farzandi bilan juda og‘ir jinoyat sodir etdi. Bu jinoyatning tergov jarayonlarida o‘zim ham bevosita ishtirok etdim. Ona tergovga kirib ketdi, bolasi menda qoldi, yig‘laydi, qorni ochiqqan axir. Shunda bolani bag‘rimga bosdim, bor onalik mehrimni berdim, oziqlantirdim. Bola yuzimga qarab kulib, uxlab qoldi.

O‘n kunda bola bilan bir-birimizga o‘rganib qoldik. Uning oila a'zolariga bu bola katta bo‘lsa, yana bir onang bor, deb aytib qo‘yinglar, dedim. To‘g‘risi, bolani onasi bilan hibsxonaga kuzatayotganda, bergim kelmadi. Uni onasiga topshirayotib, yig‘lab yubordim. Hibsxonaga beshikni ham olib tushganmiz. U ayol hatto beshikka belashni bilmas ekan. Shunda beshikka belashni o‘rgatib, bolani yo‘rgaklab, beshikka belab, uxlatib chiqqan kunlarim ham bo‘lgan», – deb eslaydi Barnoxon.

Barnoxon Qo‘rg‘ontepa tumanidan Izboskanga kelin bo‘lib tushgan. Qaynotasi Komiljon aka va qaynonasi Muhabbatxon aya to‘rt o‘g‘ilni voyaga yetkazgan. Hozirda to‘rt kelinning barchasi ahil yashamoqda. 14 nabira esa katta oilaning chinakam quvonchi.

«Men Izboskan tumanining Mardlar mahallasiga kelin bo‘lib tushganman. Xizmatdan tashqari, kelinlik vazifamni ham uddalashim kerak. To‘rt nafar farzandim bor – uch qiz, bir o‘g‘il. Turmush o‘rtog‘im ham ichki ishlar tizimida xizmat qiladi. Har kuni ertalab uydan chiqayotib, qaynota va qaynonamdan, ya'ni ota-onamizdan duo olib ishga ketamiz. Oilada to‘rt ovsin birga yashaymiz. Ular bilan opa-singilday bo‘lib ketganmiz», – deydi Barnoxon non yopishga tayyorgarlik ko‘rar ekan.

U non yopish bilan mashg‘ul bo‘lgan paytda qaynonasini suhbatga tortdik:

«Kelinim yaxshi. Bir-birini yoqtirishgani uchun Qo‘rg‘ontepadan olib berganman. Mana, endi uch qiz, bir o‘g‘li bor. Forma kiyib, birgalikda mehr-oqibatli bo‘lib, farzandlarini boqyapti.O‘g‘lim prezidentning qo‘lidan orden olgan. Bunda shu qizning hissasi bor,chunki mening oldimdan chiqib ketib, o‘sha tomonlarda birga yashab, bir tan, bir jon bo‘lishyapti.

Biznikiga kelib turishadi. O‘g‘lim dadasiga yordam beradi, kelinim menga non yopishda yordamlashadi, mantini yaxshi ko‘ramiz, manti qilib beradi. Xarakteri o‘g‘il bolacha, shaddod, hamma narsaning uddasidan chiqadi, nimani boshlasa, oxiriga yetkazadi.

Mening armonim Hajga borish. Barcha farzandlarni uylab-joyladik, yangi uylar solyapmiz. Endi cholim bilan Hajga borishni orzu qilyapmiz», – deydi qaynonasi Muhabbatxon aya Boymirzayeva.

«Mana, bayram dasturxoniga issiqqina nonlarimiz pishdi. Men dunyodagi barcha ayollarni, qolaversa, huquqni muhofaza qiluvchi idoralarda xizmat qilayotgan opa-singillarimizni bayram bilan tabriklayman», – deydi qahramonimiz.

Elmurod Ermatov, Jahongir Mahmudov

Mavzuga oid