Jamiyat | 23:56 / 20.05.2025
3304
2 daqiqa o‘qiladi

IIB xodimini pichoqlagan shaxsni qo‘lga olishda yordam bergan fuqaro 10 mln so‘m bilan taqdirlandi

Shuningdek, ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan ikki nafar IIO xodimiga «A’lo xizmatlari uchun» ko‘krak nishoni, bir nafar ofitserga esa muddatidan oldin «katta leytenant» maxsus unvoni topshirildi.

Toshkentda ichki ishlar organi xodimining hayotiga suiqasd qilgan gumondorni qo‘lga olishda jonbozlik ko‘rsatgan fuqaro va xodimlar taqirlandi. Bu haqda poytaxt IIBB matbuot xizmati xabar berdi.

19 may kuni «Yunusobod dehqon bozori»da xizmat olib borayotgan PPX inspektori o‘zini shubhali tutgan fuqaroni to‘xtatib tekshirmochi bo‘lganida, u yonidagi pichoq bilan xodimning bo‘yin qismiga tan jarohati yetkazgan edi. Jinoyatchi voqea joyidan yashirinish maqsadida shu atrofda bo‘lgan avtobusga qo‘lidagi pichoq bilan chiqib olgan.

Hududda xizmat olib borayotgan Patrul-post xizmati xodimlari katta serjant Samat Karjanbayev, safdor Sardor Abzalov va profilaktika inspektori leytenant O‘ktam Normamatov tezkorlik bilan fuqarolar xavfsizligini ta’minlab, avtobusdan yo‘lovchilarni evakuatsiya qilgan. So‘ng xavfli jinoyatchini maxsus vositalar va jismoniy kuch ishlatish yo‘li bilan zararsizlantirib qo‘lga olgan. Ushbu jarayonda IIO xodimlariga fuqaro Vladimir Avdiyans ham faol yordam berib, o‘zining fuqarolik burchini sidqidildan bajargan.

Toshkent shahar IIBBda tantanali ravishda bo‘lib o‘tgan tadbirda fuqaro Avdiyansga «Ichki ishlar vazirligining minnatdorchiligi» e’lon qilinib, u 10 million so‘m miqorida pul mukofoti bilan taqdirlandi.

Shuningdek, ichki ishlar vazirining tegishli buyrug‘iga asosan serjant Karjanbayev, safdor Abzalov «A’lo xizmatlari uchun» ko‘krak nishoni bilan, leytenant Normamatov esa rag‘batlantirish tariqasida muddatdan oldin «katta leytenant» maxsus unvoni bilan taqdirlandi.

Mavzuga oid