O‘zbekiston | 18:47 / 09.03.2021
10730
4 daqiqa o‘qiladi

Xivada tug‘ish vaqtida ona va bola nobud bo‘ldi 

Foto: pixabay.com

3 fevral kuni Xiva tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli akusherlik kompleksida 36 yoshli ayol tug‘ish paytida vafot etdi. Farzandi ham o‘lik holda tug‘ildi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

1985 yilda tug‘ilgan Dinara Madaminova shu kuni akusherlik kompleksiga «4-homiladorlik, 4-tug‘ish, GR-40 hafta 6 kun, soxta tug‘uruq» tashxisi bilan qabul qilingan. 

Soat 18:05 da ayolda tug‘uruq faoliyati boshlangan. Bu vaqtda unga «Tug‘uruqqacha qog‘onoq pardasining yorilishi, tug‘uruqning I-davri» tashxisi qo‘yilgan. Soat 18:35 da (muntazam tug‘uruq faoliyati boshlanganidan so‘ng 20 daqiqa o‘tgach) bemor ahvoli keskin og‘irlashgan. U badanida og‘riq bo‘layotgani, havo yetishmasligi, ko‘z oldi xiralashganidan shikoyat qilgan. Es-hushi karaxt holatga tushgan, savollarga aniq javob bermagan. 

Soat 19:10 da ayolda kesarcha kesish amaliyoti boshlangan. 3 daqiqa o‘tgach o‘g‘il jinsli chaqaloq o‘lik holda olingan. Soat 19:25 da bemorda klinik o‘lim sodir bo‘lgan va kesarcha kesish amaliyoti vaqtincha to‘xtatilgan. Soat 20:40 da amaliyot qayta davom ettirilgan. Soat 22:40 da ayolda biologik o‘lim qayd etilgan.   

Holat yuzasidan Respublika sud-tibbiy ekspertizasi ilmiy-amaliy markazi Xorazm filiali tomonidan sud-tibbiy va komissiyaviy sud-tibbiy ekspertizalari o‘tkazilgan. 

Sud-tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, D.Madaminova o‘limiga «bachadon bo‘yin orqa devori yirtilishi, kesarcha kesish amaliyotidan keyingi holat, bachadondan qon ketishi (postgemorragik shok) oqibatidagi o‘tkir yurak va qon tomir yetishmovchiligi» sabab bo‘lgan. 

Komissiyaviy sud-tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, D.Madaminovani davolash ishlari (ko‘rik, dori vositalari) Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi tug‘uruq muassasalarida perinatal yordam ko‘rsatishning sifatini oshirish bo‘yicha milliy standartlar hamda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan belgilangan qoidalarga asosan to‘g‘ri tashkil qilinmaganligi, ya'ni yo‘ldoshning vaqtidan oldin ko‘chishi va qon ketishi bo‘lganidan operativ tug‘uruq amalga oshirilishi zarur bo‘lsa-da, kesarcha kesish jarrohlik amaliyoti davolovchi va navbatchi shifokorlar tomonidan kech boshlanganligi, amaliyot boshlashdan oldin bemor ahvoli to‘liq baholanmaganligi hamda D.Madaminovaning o‘limiga sabab bo‘lgan «bachadon bo‘yin orqa devori yirtilishi, kesarcha kesish amaliyotidan keyingi holat, bachadondan qon ketishi (postgemorragik shok) oqibatidagi o‘tkir yurak va qon tomir yetishmovchiligi» mas'ul shifokorlarning xatoliklarga yo‘l qo‘yganligi oqibatida kelib chiqqanligi, shuningdek, jarrohlik amaliyoti taktikasi noto‘g‘ri tanlanganligi, ya'ni milliy standartlarga ko‘ra bachadon devori yirtilib, o‘tkir qon ketishi kuzatilganida to‘g‘ridan to‘g‘ri bachadon ekstirpatsiyasi o‘tkazish kerakligi qayd qilingan. 

Bundan tashqari, ekspertiza xulosasiga ko‘ra, bemorni operatsiyaga o‘z vaqtida tayyorlab, operatsiya orqali uning chaqalog‘i olinganida, ona va bolaning hayotini saqlab qolish imkoni mavjud bo‘lgan. 

Holat yuzasidan Xiva shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 116-moddasi (Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Bu modda odamlar o‘limi yuz bergani sababli, 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini ko‘zda tutadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid