Jamiyat | 11:59 / 12.03.2021
13670
2 daqiqa o‘qiladi

Kulolchilik sirlarini o‘rganish uchun Rishtonga kelgan fransiyalik qiz - video

Fransiyaning Ansi shahridan kelgan Emma Frola Farg‘ona viloyatining Rishton tumanidagi Xalqaro kulolchilik markazida qadimiy hunar sirlarini o‘rganmoqda.

Emma universitetda amaliy san'at yo‘nalishida tahsil oladi. U amaliyotini aynan O‘zbekistonda o‘tashga qaror qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rishtonda saqlanib qolgan kulolchilik maktabi bu qarorga kelishiga sabab bo‘lgan.

U ayni kunlarda usta kulol Baxtiyor Nazirovning uy-mehmonxonasida yashab, kulolchilik sirlarini o‘rganmoqda.

«Menga o‘zbekistonlik kulollar va ularning an'analari to‘g‘risida xabar berishdi. Men esa bundan keyin aynan shu turdagi, ya'ni Fransiyada topilmaydigan keramika turini tanladim va bu yerga 4 kun ichida yetib keldim. Hozir men usta kulolning uyida yashayapman. Turgan joyim juda qulay va kattagina», — deydi Emma.

Usta Baxtiyor Nazirovning so‘zlariga ko‘ra, Emma ko‘proq o‘zbek tilini ham o‘rganishga qiziqmoqda va imkoni boricha o‘zbekcha suhbatlashishga harakat qilmoqda.

Emmaning aytishicha, tarixiy hamda zamonaviy kulolchilik yo‘lanishlarini o‘rganish maqsadida amaliyot uchun davlatlar tanlangan. U bir oy Rishtonda va yana bir oy Buxoroning G‘ijduvon tumanida kulolchilik sirlarini o‘rganadi.

Eslatib o‘tamiz, prezident 4-5 fevral kunlari Farg‘onaga tashrifi davomida ushbu xalqaro kulolchilik markaziga tashrif buyurgan edi.

Mavzuga oid