Toshkent metrosida to‘xtab qolgan poyezdga ortdan kelgan poyezd urildi
Toshkentda, «Olmazor» yer osti metro bekatidan Sergeli yo‘nalishining «Choshtepa» yer usti metro bekati tomon harakatlanib ketayotgan 4 vagonli tarkib to‘xtab qoldi. Natijada shu yo‘nalishda harakatlanib kelayotgan navbatdagi tarkib to‘xtab turgan vagonga borib urildi.
Bu haqda xabar bergan Favqulodda vaziyatlar vazirligi hodisada jabrlangan va halok bo‘lganlar yo‘qligini ma'lum qildi.
Qayd etilishicha, vagonlarga ham katta zarar yetmagan. Birinchi tarkib «texnik sabablarga ko‘ra» to‘xtab qolgan, uning ortidan kelgan ikkinchi tarkib oldinda to‘xtab turgan vagonga borib «yengil urilgan».
Voqea 18 mart kuni soat taxminan 20:10larda ro‘y bergan. FVB, IIB va metropoliten xodimlari vagon ichidagi yo‘lovchilarni xavfsiz joyga evakuatsiya qilgan.
«O‘zbekiston temir yo‘llari» ma'lumotiga ko‘ra, birinchi tarkib mashinisti «Olmazor» bekatidan chiqayotib, temir yo‘l liniyasida begona jismga ko‘zi tushgan, shu bois tarkibni to‘xtatgan. Kompaniya xabarida ham yo‘lovchilar va mashinistlar orasida jabrlanganlar yo‘qligi, to‘qnashuv natijasida yong‘in chiqmagani ma'lum qilingan.
Huquq organlari tergovga qadar surishtiruv o‘tkazmoqda.
«Sirg‘ali» metro yo‘nalishining voqea sodir bo‘lgan qismida harakat vaqtincha to‘xtatilgani bois qolgan tarkiblarning harakati qo‘shimcha yo‘nalish bo‘yicha davom ettirilgan. Hozirda ushbu yo‘nalishda harakatlar to‘liq qayta yo‘lga qo‘yilgan.
Mavzuga oid
22:45 / 10.11.2024
Toshkentda «zakladchik»ni kaltaklagan uch nafar shaxs qo‘lga olindi
10:47 / 08.11.2024
Toshkentda ayrim ko‘chalar yopilishi haqidagi xabarlar rad etildi
16:17 / 07.11.2024
“Toshkent shahri atrofidagi issiqxonalarning 60 foizi ko‘mir, rezina shinalar yoqyapti” – Ekologik partiya
20:44 / 06.11.2024