O‘zbekiston | 20:49 / 20.03.2021
13192
8 daqiqa o‘qiladi

Onkologiya muammolari – uzluksiz shikoyatlar, erishilgan natija va bugungi imkoniyatlar

Rak degan so‘zning o‘ziyoq kishini dahshatga soladi. Ammo tirik jon borki dardga chalinadi, shifo izlaydi. Onkologik kasalliklar tibbiyotning eng murakkab muammolaridan biri hisoblanadi va asrlar osha ularni yengish uchun tadqiqotlar o‘tkazilib kelinmoqda.

O‘zbekistonda ham o‘sma kasalliklarini davolash nafaqat sog‘liqni saqlash tizimining, balki butun jamiyatning doimiy e'tiborini talab qiladigan soha ekanligi ma'lum. Bunday kasalliklarga chalingan bemorlar, ayniqsa bolalar har bir shifokorga, hamma davolash uslublariga najot sifatida qarashadi.

Soha uzluksiz tanqidlarga uchrashi, bemorlardan shikoyatlar muntazam tushib turishiga ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. Buning obektiv sabablari bor. Ma'lum bo‘lishicha, 20-30 yil davomida tibbiyotning ana shunday murakkab sohasi o‘z holiga tashlab qo‘yilgan, qoldiq prinsip asosida moliyalashtirilgan, doimiy yetishmovchiliklar kuzatilgan va ko‘plab mutaxassislar xorijga ketishga majbur bo‘lganlar.

Xo‘sh, bugungi kunda vaziyatda o‘nglanish bormi? Oxirgi yillardagi qarorlar sohaga qanday yangilik va bemorlarga qanaqa yengilliklar olib kirdi? Asosiysi – O‘zbekiston onkologiyasining buguni va kelajagi qanday?

Mana shu savollarga javob olish uchun Sog‘liqni saqlash vazirligining Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga bordik va vaziyatni o‘rganishga harakat qildik.

Onkologiya shifoxonalari deyilganda odatda kirishdanoq navbatlar, ko‘rimsiz xonalar, u yerdagi tushkun bemorlar va ilojsiz shifokorlar ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘ladi. Lekin bu safar suratga olish jarayonlarida hammasi yaxshi tomonga o‘zgara boshlaganiga bevosita guvoh bo‘ldik.

Binolar kapital ta'mirlangan, kirish va chiqish osonlashgan, uzoq vaqt navbatda turish muammosi imkon qadar bartaraf etilib, xuddi banklardagidek singari elektron tartibga olingan, kutayotganlarga qulay sharoitlar yaratilgan.

Eng muhimi – keng, yorug‘ yo‘laklar va palatalarda zarur sharoitlar yaratilgan. Bemorlarga dori-darmon, ularga mos yeguliklar berilmoqda.

Respublika Onkologiya markazida rekonstruksiya jarayonlari davom etmoqda. Yaqin yillar ichida barcha binolar to‘liq ta'mirdan chiqarilishi rejalashtirilgan.

Bizga markazdagi yangiliklarni tanishtirishda bosh shifokor o‘rinbosari, tibbiyot fanlari nomzodi Dilnoza A'zamxo‘jayeva hamrohlik qildi.

– Markazimizda navbatlar doimiy kuzatiladi, shu bois birinchi navbatda qabul bo‘limida qulay sharoitlar, elektron poliklinika va navbatlarni yo‘lga qo‘ydik. Ayni paytda binolarimiz rekonstruksiyasi davom etmoqda. 2011 yilda homiylar tomonidan qurib bitkazilgan bolalar bo‘limi 60 o‘rinli va bu o‘rinlarning hammasi band. Xalqimiz savobtalab, juda ko‘pchilik bolalardan xabar olgani keladi, – dedi shifokor.

Markazning ilk qavatlarini egallagan diagnostika bo‘limlarida tashrif buyuruvchilar zamonaviy tibbiy uskunalar yordamida ko‘riklardan o‘tkaziladilar. Shu yerda bir ma'lumot bilan qiziqdik, ma'lumki, onkologik kasalliklarni aniqlashda erta tashxis qo‘yish muhim ahamiyatga ega. Bilamizki, rivojlangan davlatlar fuqarolari hech qanday shikoyatlari bo‘lmasa-da, tibbiy ko‘riklardan muntazam o‘tib turadilar.

Xo‘sh, bizda-chi? Hamyurtlarimiz ham hali biror joylari og‘rimay turib, o‘z ixtiyorlari bilan tibbiy ko‘riklarga keladilarmi? Afsuski, javob xursand qiladigan bo‘lmadi.

Tashrifimiz jarayonida markaz direktori, respublika bosh onkologi, professor Mirzag‘olib Tillashayxov bilan ham suhbatlashdik.

Mirzag‘olib Tillashayxov

– Mirzag‘olib Ne'matovich, rak kasalligi ko‘payyapti, degan tashvishli ma'lumotlar qanchalik asosli?

– Chindan ham rak kasalliklarini aniqlash son jihatdan ko‘payyapti. Ammo buning obektiv sabablari bor. Masalan, o‘rtacha umr davomiyligi oshib boryapti. 1980-yillarda 80 yoshga kirish juda kam uchrardi, hozir bu yosh oddiy hol bo‘lib qoldi, 80-90 yoshlarda ham ishlab yurganlar mavjud. Bundan tashqari, kanserogen moddalar ko‘paymoqda, ekologik muammolar bor. Birgina samolyot ko‘tarilayotganda yoki qo‘nayotganda 2 tonna atrofida aviakerosin yoqadi, avtomobillar soni kundan-kunga oshyapti. Bularning hammasi aholi yashovchi hududlarda kanserogen moddalar tarqalishiga sabab bo‘ladi. Albatta, bu sabablar tufayli avtomobillardan yoki samolyotlardan voz kechib bo‘lmaydi, lekin sog‘lom turmush tarzini ham unutmaslik kerak.

– Onkologiya shifoxonalariga keluvchilar shifokorlar qabulida, nur beruvchi uskunalarda navbatlar ko‘pligidan shikoyat qilishadi.

– O‘zingiz ko‘rdingiz, navbatlarni imkon qadar tartibga soldik. Nur terapiyasi bo‘yicha bundan 5 yil avvalgi holatni aytay – bizda sobiq ittifoq davridan qolgan 5 donagina uskuna ishlab turgandi. O‘zi har 300 ming aholiga bitta uskuna bo‘lishi kerak, O‘zbekistonda 35 mlnga yaqin aholi bor, ularga shu buzilishga ulgurmagan 5 dona nur beruvchi apparat ishlab turgandi. Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev hali bosh vazirlik paytida bu muammoga e'tibor qaratgandi. Prezident bo‘lib saylanishi bilan onkologiya muammolari bo‘yicha qator qarorlar qabul qildi. Bizga 20 ta nur beruvchi uskunalar xarid qilib berildi. Ular poytaxtga ham, viloyatlarga ham o‘rnatilib ishga tushirildi va tushirilmoqda. Hozir nur berish bo‘yicha navbatlar yo‘q.

– Bemorlarning yana bir e'tirozi murakkab operatsiyalar o‘zimizda qilinmasligi, albatta, xorijga chiqish zarurligi bo‘yicha. Buni qanday izohlaysiz?

– Bu fikrlarga qo‘shilmayman, aksincha, bizda jarrohlarning malakasi so‘nggi 20-25 yilda juda oshdi. Buning sababi aniq – kimyo terapiyasi yetishmasdi, bor-yo‘g‘i 12-15 foiz atrofida edi, nur terapiyasi bo‘yicha uskunalar ishdan chiqqandi. Lekin bemorlarni qandaydir usulda davolash kerak. Deyarli yagona chora operatsiyalar qoldi. Jarrohlarimiz majburlikdan juda ko‘p operatsiyalar qilishdi. Bundan 20 yil oldin juda ko‘p noyob operatsiyalar qilinmasdi, o‘lim ko‘rsatkichlari yuqori edi. Bugun hammasi boshqacha, hattoki chet ellardan ham kelib o‘tkazilayotgan operatsiyalarimizga yuqori baho berishadi.

– Yana bir e'tiborli jihat – dorilar ta'minoti. Bu boradagi vaziyat qanday?

– Vaziyat oxirgi yillarda juda yaxshilangan. Yuqorida aytganimday kimyo terapiyasi bo‘yicha vositalar ta'minoti 15 foizdan oshmasdi, hozir to‘liq ta'minlanyapti. To‘g‘ri, pandemiya tufayli karantin paytida uzilishlar bo‘ldi. Tenderlar vaqtida o‘tkazilmadi, zavodlarga buyurtmalar kechikib berildi. Lekin bular ham bartaraf qilinyapti, may oylariga borib hammasi iziga tushib ketadi.

Markazga tashrifimiz davomida chiziqli tezlatkich apparatining buzilgani uchun bemorlar kutib qolayotganini hisobga olib bu uskuna qachon ishga tushirilishi bilan qiziqdik. Markaz matbuot kotibi Parizoda Yakubovaning ma'lum qilishicha, chindan ham ayni paytda bu uskuna ishlamayapti. Uni ta'mirlash uchun zarur ehtiyot qismlar Buyuk Britaniyaga buyurtma qilingan va mart oyi oxirigacha yetib keladi. Instalyatsiya jarayonidan keyin yana bemorlarga xizmat ko‘rsata boshlaydi.

 Abror Zohidov,
tasvirchi Doniyor Yakubov.

Mavzuga oid