Jahon | 08:30 / 28.03.2021
5441
2 daqiqa o‘qiladi

Qohirada uy qulashi oqibatida halok bo‘lganlar soni oshdi

Misr poytaxti Qohirada o‘n qavatli uy qulab tushishi oqibatida halok bo‘lganlar soni 22 nafarga yetdi. Avvalroq 5 kishi halok bo‘lgani ma'lum qilingandi.

Ko‘p qavatli uy qulashi 27 martga o‘tar kechasi yuz bergan. Ma'lumotlarga ko‘ra, uyning qulab tushishiga unga noqonuniy ravishda qo‘shimcha yana 6ta qavat qurilgani sabab bo‘lgan. 2011 yilda qurilgan uyda dastlab 4 qavat bo‘lgan. Guvohlarning aytishicha, bir necha kun avval uyning 1-qavatida joylashgan do‘konda ta'mirlash ishlari boshlangan bo‘lgan. Bu ishlar davomida do‘kondagi devorlar va bir nechta ustun buzib tashlangan.

Qutqaruvchilar tirik qolganlarni topish ilinjida kun davomida maxsus texnika yordamida ishlar olib borishgan. Ular yon-atrofdagi binolarni ham ehtimoliy shikastlanishlarga ko‘zdan kechirib chiqishgan.

Voqea oqibatida 25 kishi jarohat olgan. Yana 3 kishini qidirish ishlari davom etmoqda.

Mutaxassislarning ta'kidlashicha, Qohiradagi inshootlarning 40 foizi ro‘yxatdan o‘tkazilmagan va qurilish qoidalariga zid ravishda qurilgan. Ko‘plab binolar XX asr boshida qurilgan va kapital ta'mirni talab qiladi. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid