Iqtisodiyot | 22:15 / 30.03.2021
5287
3 daqiqa o‘qiladi

Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilish strategiyasi tasdiqlandi

Davlatning «oltin aksiya» maxsus huquqi bekor qilinadi. Shuningdek, davlat ishtirokidagi korxonalar soni 75 foizga qisqartiriladi.

Joriy yil 29 mart kuni Vazirlar Mahkamasining «2021-2025 yillarda davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarish va isloh qilish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Qarorda 2021-2025 yillarda davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarish va isloh qilish strategiyasi va uni 2021-2022 yillarda amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» hamda maqsadli ko‘rsatkichlari tasdiqlandi.

Strategiyada quyidagi me'yorlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan:

  • «Davlat mulkini boshqarish to‘g‘risida» va «Xususiylashtirish to‘g‘risida»gi qonunlar loyihasini ishlab chiqish;
  • davlat ishtirokidagi korxonalarga egalik qilish mezonlarini (tabiiy monopoliya, strategik manfaat sohasida faoliyat yuritadigan va boshq.) belgilash, har yili ushbu mezonlardan kelib chiqib, «sot yoki tushuntir» tamoyili, ya'ni agar ma'lum bir korxonani davlatda ushlab turishning zarurati asoslab berilmasa sotishga majbur bo‘ladigan yangi amaliyot joriy etiladi;
  • davlat ishtirokidagi korxonalarga nisbatan tijorat va notijorat maqsadlarni belgilash, davlat ishtirokidagi korxonalar va nodavlat yuridik shaxslar uchun teng sharoit yaratish, jumladan, barcha davlat unitar korxonalarini xo‘jalik jamiyatlariga aylantirish, davlatning mulkdor (aksiyador, ishtirokchi, muassis) va tartibga soluvchi funksiyalarini ajratish;
  • boshqaruv organlari a'zolarini bosqichma-bosqich tanlov asosida saylash, kuzatuv kengashi tarkibiga mustaqil a'zolarni jalb etish, uning qoshida qo‘mitalar tashkil etish, taftish komissiyalari faoliyatini tugatish;
  • davlat ishtirokidagi korxonalarning ijro etuvchi organi va kuzatuv kengashi a'zolarini korporativ boshqaruv tamoyillari (aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi, kuzatuv kengashi va muassis qarorlari) asosida ular tomonidan mustaqil ravishda saylash (tayinlash);
  • davlat ishtirokidagi korxonalarda kuzatuv kengashi, ichki audit xizmati, kuzatuv kengashi tarkibida audit qo‘mitasi tashkil etish;
  • aksiyalar fond birjasining birja kotirovkasi varag‘iga (listingga) kiritilgan va davlat ulushi 50 foizdan ortiq bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlarida «muvofiqlik tizimi» xizmatini tashkil etish;
  • davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyatining natijalari to‘g‘risida yig‘ma hisobot shakllantirish va 2022 yildan boshlab, har yili Davlat aktivlarini boshqarish agentligining rasmiy veb-saytiga joylashtirish.

Shu bilan birga, ijroiya organi va kuzatuv kengashi a'zolari vakolatlarini bir yildan uch yilgacha uzaytirish hamda davlatning «oltin aksiya» maxsus huquqini bekor qilish ko‘zda tutilmoqda.

Bundan tashqari, mahalliy va xalqaro mutaxassislarni jalb qilgan holda Ekspert kengashini tashkil etish belgilagan.

Strategiyani amalga oshirish natijasida:

  • davlat ishtirokidagi korxona kuzatuv kengashlari tarkibida mustaqil a'zolar ulushini bosqichma-bosqich 30 foizga yetkazish;
  • davlat ishtirokidagi korxonalar sonini 75 foizga qisqartirish;
  • 20ta davlat ishtirokidagi korxonalar aksiyalarini birlamchi va ikkilamchi ommaviy joylashtirish nazarda tutilgan.

Mavzuga oid