Iqtisodiyot | 13:14 / 30.03.2021
6328
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya agrosanoat holdingi Surxondaryoda yangi issiqxona quradi

Rossiya agrosanoat holdingi – «EKO-kultura» 2024 yilga borib O‘zbekistonda yangi issiqxona majmuasini qurib bitkazadi. Majmua Surxondaryo viloyati Qiziriq tumanidagi 150 gektar maydonda joylashishi ko‘zda tutilgan.

Rossiyaning «EKO-kultura» holding Surxondaryo viloyati Qiziriq tumanidagi 150 gektar maydonda issiqxona majmuasi quradi, deb xabar bermoqda Xorijiy investitsiyalarni jalb qilish agentligi.

Qayd etilishicha, majmua qurilishini 2024 yilgacha to‘liq yakunlash rejalashtirilgan: bu vaqtga borib, u yerda yiliga 80 ming tonnadan ortiq pomidor yetishtirilishi ko‘zda tutilgan.

«Ishlab chiqarish quvvatining oshirilishi pomidorlar bilan nafaqat Rossiya aholisini, balki Fors qo‘ltig‘i va Osiyo aholisini ta'minlash imkonini beradi», – deya ta'kidlagan kompaniya vakili.

Ayni paytda birinchi bosqich doirasida inshootlar qurilishi boshlanib, 12,8 gektar maydonda kino qoplamali issiqxonalar barpo etilmoqda. Ularni ishga tushirish 2021 yil iyulga rejalashtirilgan. Kutilayotgan ishlab chiqarish hajmi yiliga olti ming tonna sabzavotni tashkil etadi. Bundan tashqari, maydoni o‘n ming kvadrat metr bo‘lgan ulgurji tarqatish markazining qurilishi boshlangan.

  • Ma'lumot uchun, «EKO-kultura» agrosanoat holdingi — Rossiyaning eng yirik sabzavot yetishtiruvchilaridan biri sanaladi. Kompaniya Stavropol o‘lkasi, Leningrad, Tula, Lipetsk va Voronej viloyatlarida 300ga yaqin yuqori texnologiyali issiqxonalarga ega. Asosan, pomidorlar, bodring va salat bargini yetishtirish bilan shug‘ullanadi. 2025 yilga borib issiqxonalar maydonini 1 ming 143 gektarga oshirish rejalashtirilgan.
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid