O‘zbekiston | 09:58 / 30.03.2021
21860
2 daqiqa o‘qiladi

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga yangi rahbar tayinlandi

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining tegishli qarori bilan Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari vazifasida ishlab kelgan Shohrux Shoturg‘unovich Shorahmetov Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi etib tayinlandi. Bu haqdagi ma'lumotni SSV matbuot xizmati va qo‘mita matbuot xizmati Kun.uz’ga tasdiqladi.

Sh.Shorahmetov 1977 yilda tug‘ilgan. 1998 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini, 1999 yilda esa Buyuk Britaniyaning Ekseter universitetini iqtisod, moliya va investitsiyalar mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.

O‘z faoliyatini Davlat mulk qo‘mitasi huzuridagi Qimmatli qog‘ozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi yetakchi mutaxassisi vazifasidan boshlagan Sh.Shorahmetov turli yillarda Iqtisodiyot vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi kabi tashkilotlarda mas'ul lavozimlarda faoliyat ko‘rsatgan. 

U 2019-2020 yillarda Moliya vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlagan, 2020 yil yozidan buyon Sog‘liqni saqlash vazirining moliyaviy-iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.

  • Eslatib o‘tamiz, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga 2019 yil yanvaridan buyon rahbarlik qilgan Najmiddinxo‘ja Sharipov 2021 yil martida Toshkent viloyati hokimining investitsiya va tashqi savdo masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga o‘tkazildi.

Mavzuga oid