O‘zbekiston | 23:00 / 31.03.2021
7938
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondagi ko‘p qurilish obektlarida sifatsiz mahsulotlar ishlatilayotgani aytildi

Aksariyat qurilish obektlarida ishlab chiqaruvchisi noma'lum, sifat sertifikatlari mavjud bo‘lmagan, talablarga javob bermaydigan mahsulotlardan foydalanilayotgani kuzatilmoqda.

«O‘zstandart» agentligi bosh direktori Dilshod Sattorov qurilish materiallari sifati bo‘yicha so‘nggi bir oy ichida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasi haqida ma'lumot berdi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«O‘tgan bir oy ichida respublikadagi binolar mustahkamligi, obektlar energiya tejamkorligini ta'minlaydigan qurilish materiallari sifat darajasini o‘rgandik.

Ming afsuski, qurilish materiallarini ishlab chiqarish sifatli, standartlarga to‘liq javob beradigan darajada ta'minlanmayotgan holatlar 40-50 foizga yaqinlashib qolgan.

«O‘zstandart» agentligi tahlillariga ko‘ra, aksariyat qurilish obektlarida ishlab chiqaruvchisi noma'lum, sifat sertifikatlari mavjud bo‘lmagan, talablarga javob bermaydigan mahsulotlardan foydalanilayotgani kuzatilmoqda.

Misol uchun, tekshiruvlar natijasida qorishqoqligi (MPA) standart bo‘yicha 30 – 50 ko‘rsatkichiga ega bo‘lishi zarur gazobeton yoki gazoblok kabi qurilish materiallarining katta qismi 13-15 ko‘rsatkichni, ya'ni belgilangan miqdorning yarmiga ham yetmayotgan holatlar kuzatilmoqda», dedi agentlik rasmiysi Senat qo‘mitasining qurilish masalalariga oid majlisida.

Avvalroq, «O‘zstandart» agentligi huzuridagi departament xodimlari 2021 yilning o‘tgan davrida o‘tkazgan o‘rganishlar natijasida 136 ta qurilish mahsulotlari korxonalaridan 23 tasida standartlar joriy etilmasdan mahsulot ishlab chiqarilayotgani aniqlangani xabar qilingandi.

Shuningdek, sifatsiz sement ishlab chiqarayotgan va import qilayotgan bir necha tadbirkor aniqlanib ularga chora ko‘rilgani ham qayd etilgan.

Umuman olganda, so‘nggi vaqtlarda qurilish materiallari sifati talabga javob bermayotgani yuzasidan turli e'tirozli fikrlar bilan birga, shunday nostandart mahsulotlarda qurilgan binolar qulashi bilan bog‘liq noxush hodisalar ham yuz berib turibdi.

Xususan, joriy yilning 10 yanvarida Jizzax viloyatida yangidan qurilayotgan 6 qavatli uyning qulab tushishi keng muhokamalarga sabab bo‘lgandi.

Mazkur voqeaga munosabat bildirgan mutaxassislar bino qulashiga qurilishda sifatsiz materiallardan foydalanilgani sabab bo‘lganini bildirishgan.

Mavzuga oid