Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Iordaniyaning sobiq valiahd shahzodasi uy qamog‘iga olindi
Iordaniyaning sobiq valiahd shahzodasi Hamza ibn Husayn harbiylar uni uy qamog‘iga olishgani haqida xabar berdi. U bu haqda BBC’ga yo‘llagan videomurojaatida ma'lum qilgan va bo‘layotgan voqealarni iordaniyalik harbiylarning o‘zgacha fikrlilarni tiyib qo‘yish kampaniyasining bir qismi sifatida baholagan.
Bu xabarni Hamza ibn Husayn o‘z advokati orqali yo‘llagan. Videoyozuvda sobiq valiahd mamlakat rahbariyatini korrupsiyaga botishda va layoqatsizlikda ayblagan.
Uning aytishicha, unga ko‘chaga chiqish taqiqlangan, shuningdek, uyda internet va telefon aloqasi o‘chirib qo‘yilgan, bunga Iordaniya qiroli va hukumat tomon bildirgan tanqidiy fikrlari sabab bo‘lgan.
Harbiylarning o‘zi esa sobiq valiahd uy qamog‘iga olingani haqidagi xabarni inkor etishgan, shu bilan birga, unga «mamlakatdagi xavfsizlik va barqarorlikka putur yetkazuvchi chiqishlari»ni to‘xtatish bo‘yicha ko‘rsatma qilinganini tan olishgan.
Hamza ibn Husayn esa qonunga qarshi ish qilmaganini ta'kidlaydi. «Men hukumatimizda oxirgi 15-20 yil ustunlik qilgan va tobora ayonlashib borgan boshqaruvdagi muvaffaqiyatsizlik, korrupsiya va malakasizlik uchun javobgar shaxs emasman. Shuningdek, fuqarolarning hokimiyat institutlariga ishonchsizligiga ham men aybdor emasman», degan u.
Uning ta'kidlashicha, mamlakatda vaziyat shunday nuqtaga yetganki, birorta odam biror masala bo‘yicha o‘z fikrini o‘zi uchun xavf-xatarsiz bildira olmaydi.
Iordaniya - Suriyada jangarilarga qarshi o‘tkazilgan amaliyotlarda Vashingtonning muhim hamkori bo‘lgandi. AQSh, Misr va Saudiya Arabistoni qirol Abdullani qo‘llab-quvvatlashlarini aytib chiqishdi.
Avvalroq Iordaniyada o‘nlab yuqori martabali mulozimlar qo‘lga olingani haqida xabar tarqalgandi. OAVdagi taxminlarga ko‘ra, ular davlat to‘ntarishi uyushtirishi tayyorlashda gumon qilingan, ammo rasmiy ayblovlar hozircha ma'lum emas.
Iordaniyaning «Petra» axborot agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, «xavfsizlik nuqtayi nazaridan» mamlakatda podshohlik oilasi a'zosi Sharif Hasan ibn Zayd va qirol Abdulloh II’ning sobiq maslahatchisi Bassam Avadalla hibsga olingan. Bu orada «Al-Mayadin» telekanali Ummonda «Abdulloh II’ni hokimiyatdan ag‘darish maqsadidagi fitna fosh etilgani»ni ma'lum qilgandi.
Hozirda 40 yoshda bo‘lgan Hamza ibn Husayn Iordaniyaning avvalgi qiroli Husayn ibn Talolning to‘rtinchi rafiqasi Nurdan tug‘ilgan o‘g‘lidir. U qirol Husaynning sevimli o‘g‘li bo‘lgan, 1999 yilda u vafot etganida, uning ikkinchi rafiqasidan tug‘ilgan Abdulloh taxtga chiqqan, Hamza esa 2004 yilgacha valiahd shahzoda bo‘lgan, shundan so‘ng kutilmaganda bu maqomdan mahrum qilingan. Hozirda Abdulloh II’ning to‘ng‘ich o‘g‘li – 26 yoshli Husayn ibn Abdulloh taxt vorisi hisoblanadi.
Iordaniyalik jurnalist Rana Sveys BBC News muxbiri bilan suhbatda ma'lum qilishicha, shahzoda Hamza Iordaniyada mashhur hisoblanadi — xususan, mahalliy qabilalar uni qo‘llab-quvvatlashadi. BBC’ning qayd etishicha, shahzodaning uy qamog‘iga olinishiga u qabilalar yetakchilari bilan uchrashuvga borgani sabab bo‘lishi mumkin.
Mavzuga oid
13:57 / 03.03.2025
O‘zbekiston va Iordaniya dippasport egalari uchun vizasiz kirish to‘g‘risida kelishuv imzoladi
16:33 / 24.02.2025
Dubay valiahd shahzodasi dunyodagi eng baland binodan parashyutda sakradi
12:20 / 12.02.2025
Iordaniya qiroli falastinliklarning ko‘chirilishiga qarshi chiqdi
11:37 / 14.01.2025