O‘zbekiston | 08:00 / 08.04.2021
4035
3 daqiqa o‘qiladi

«Multiplikatsion filmlar studiyasi» va «Respublika kinoprokat markazi» tugatildi

“Kinematografiya sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish hamda soha vakillarining ijodiy faoliyati uchun munosib sharoit yaratish to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.

Kinematografiya agentligi huzurida:

a) quyidagilar tashkil etildi:

Kinematografiya akademiyasi oliy ta'lim muassasasi;

“Respublika kinofondi” DUK negizida budjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan “O‘zbekiston milliy kinofondi” davlat muassasasi;

“O‘zbekfilm” DUK negizida xususiy kinokompaniyalarga film, multfilm va seriallar yaratish bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi “O‘zbekfilm” kinokonserni” DUK;

agentlikning viloyatlar va Toshkent shahar hududiy bo‘limlari;

b) quyidagilar tugatildi:

“Multiplikatsion filmlar studiyasi” DUK;

“Respublika kinoprokat markazi” DUK va uning hududiy filiallari;

“Kinematografchilar uyi” DUK;

“Kinoindustriya sohasi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi” DUK;

v) “Yoshlar ijodiy tajriba studiyasi” DUK “Yoshlik” kinostudiyasi” DUK etib qayta nomlandi.

Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda agentlik markaziy apparati va uning tizim tashkilotlari rahbar va xodimlarini ularning bilim va salohiyatlari bugungi kun talablari va egallab turgan lavozimlariga muvofiqligini aniqlash maqsadida attestatsiyadan o‘tkazadi hamda ularni malakali kadrlar bilan to‘ldirish choralarini ko‘radi.

Belgilab qo‘yilishicha:

  • moliyalashtirish manbaidan qat'i nazar, mahalliy kinokompaniyalar tomonidan ishlab chiqarilgan filmlar va ularning boshlang‘ich materiallari, shuningdek, respublikada amalga oshirilayotgan yirik loyihalar bo‘yicha tayyorlangan video va foto materiallar saqlash uchun bir nusxada O‘zbekiston milliy kinofondiga topshiriladi;
  • qarorga muvofiq tugatilayotgan unitar korxonalarning qoldiq mablag‘lari, ularga tegishli bino (inshoot)lar va moddiy-texnika bazasi agentlik va uning hududiy bo‘limlari hisobiga o‘tkaziladi.

Mavzuga oid