Jamiyat | 20:37 / 09.04.2021
21554
3 daqiqa o‘qiladi

«Cho‘ponlik otamdan meros» - chorkesarlik Samandar cho‘pon

Kun.uz sayti ijodkorlari chekka hududlarda, halol mehnat ortidan rizq topayotgan oddiy insonlar hayoti haqida reportajlar uyushtirib kelmoqda. Galdagi qahramonimiz - Namangan viloyati, Pop tumani, Chorkesar qishlog‘ida istiqomat qiluvchi usta cho‘pon Samandar To‘ychiyev bo‘ldi.

Samandar aka tog‘-u toshlar orasida ulg‘aygan. U esini tanibdiki, qo‘y, echki boqadi. Hozir 400dan oshiq zotdor echkini qir-adirlarda o‘tlatib yuribdi.

O‘zining aytishicha, bu echkilarning yungi qimmatbaho va juda talabgir. Shu sabab Chorkesar qishlog‘i atrofida bu turdagi echkilar ko‘p boqiladi.

Cho‘ponning bir echkisi shu kunlarda bolalabdi. Uloqcha tug‘ilganda sovuq shamol hukmron edi, kasal bo‘lib qolmasligi uchun qopga solib yurishgan ekan. Samandar akaning aytishicha, bu turdagi echkilar bir martada bitta tug‘adi. Takasi egizak bo‘lsa, echki ham egizak tug‘ishi mumkin.

Usta cho‘pon erta tongda echkilarini tog‘ tomon boshlaydi. Kuni bo‘yi 10-15 km yo‘l yuradi. Echkilar tog‘-u toshlarda kiyik kabi yurishini hisobga olganda, cho‘pon ham oddiy odam yurishga qiynaladigan yo‘llardan yurishiga to‘g‘ri keladi.

Cho‘ponlar tilida chuvalama yo‘l, deb ataluvchi so‘qmoq bizga bir muncha qiyinchilik tug‘dirdi. Echkilar bahor payti qir-adirlarda boqiladi. Yungi olingach, tog‘ tomon yo‘l olishadi. Chunki tog‘da o‘t-o‘lan ko‘p.

«U yoqda kiyiko‘t, bedaka, shuvoq, chaka va ko‘plab o‘t turi bor», — deydi cho‘pon.

Undan tog‘-toshlar orasida qanday adashmay yurishini so‘radik. «Begona joylar bo‘lsa adashib qolishim mumkin. U ham tuman tushgan paytda. Bu yerlarda hech adashmayman. Tog‘lar orasida nima qayerda joylashgan, hammasini bilaman», — deydi u.

Cho‘pon adirga tutash yerda qurilgan maxsus uyda yashaydi. Uy oldida qo‘ra qurilgan. Echki va uloqchalarni cho‘ponning qo‘riqchi itlari qo‘riqlaydi. Uloqchalar shu yerda onalari kelishini kutishadi.

Cho‘pon qishloqdagi uyiga katta o‘g‘li navbat almashganda borib keladi. Hozirda yashayotgan uyiga elektr energiyasi yetib kelmagani bois quyosh batareyasidan foydalanadi.

Samandar To‘ychiyev podani boqish unga o‘zgacha zavq bag‘ishlashi, echkilari ko‘payayotganini, semirib, et olayotganini ko‘rsa xursand bo‘lishini aytib o‘tdi.

Cho‘ponlikni yaxshi ko‘radigan, jonivorlarga mehri o‘zgacha Samandar akaning mehnatiga baraka tilab xayrlashdik. Adirlarni tark etar ekanmiz, tog‘ transporti bo‘lmish eshaklarda mashina yuradigan yo‘lgacha yetib oldik.

Tohirjon Tursunov, Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid