22 yoshli qotil, uch qurbon va kichik guvoh – Popdagi qotillik tafsiloti
2024 yilning 9 avgusti. Pop tumani Chodak qishlog‘idagi xonadonlardan biriga kechga yaqin IIB, prokuratura xodimlari va shifokorlar to‘plandi. Xonadonda qotillik jinoyati sodir etilgan, ayol va uning voyaga yetmagan ikki o‘g‘li vahshiylarcha pichoqlab ketilgandi. Akalari va onasi o‘ldirilayotganini deraza orqali ko‘rib turgan kichik qizaloq esa divan ostiga yashirinib, tirik qolgan. Qotil bu oilaga begona emasdi: 2025 yil 7 aprel kuni unga hukm o‘qildi.

Foto: Kun.uz
Chodakdagi jinoyat
Qishloq hayoti biroz sokin bo‘ladi: kun botishi bilan hamma o‘z ishidan, daladan, tomorqasidan qaytadi. Boshlanayotgan tunning sukunatini chirildoqlarning ovozigina buzib turadi. Ammo 2024 yilning 9 avgustida Pop tumanidagi Chodak qishlog‘ida tun har kungi kabi sokin boshlanmadi: qishloqda qotillik sodir etilgani bir zumda odamlar qulog‘iga yetib bordi. Qulog‘i bilan eshitayotganiga ishonmaganlar hayratdan lol qolib, jinoyat sodir etilgan xonadon atrofiga to‘plana boshladi. Bu vaqtda IIB xodimlari, shifokorlar ham jinoyat joyiga yetib kelishgandi.
Xonadon egasi Rossiyada edi. Uning turmush o‘rtog‘i, ikki o‘g‘li vahshiylarcha o‘ldirib ketilgandi.
22 yoshli qotil
Sud hukmida keltirilishicha, qotillik 2003 yilda tug‘ilgan Abobakir Muhamatjonov tomonidan sodir etilgan. O‘ldirilganlar uning yangasi va jiyanlari edi.
Abobakirning otasi Avaz Ismoilov va amakisi Mahmud Ismoilov avvaldan uy-joy va maishiy nizolar tufayli muntazam janjallashib kelishgan. Oqibatda har ikkala oila a’zolarining bir-birlariga nafrati oshib borgan.
Abobakir yashagan xonadon amakisining xonadoni orqali elektr energiyasi va gaz tarmog‘iga ulangan bo‘lgan. Mahmud Ismoilov ishlash uchun Rossiyaga ketgandi. Uning oila a’zolari qo‘shni xonadon egalarini ogohlantirmagan holda muntazam ravishda o‘zboshimchalik bilan gaz va elektr energiyasi tarmog‘idan uzib qo‘yib kelgan.
2024 yil 9 avgust kuni soat 20:00 larda uyiga kelgan Abobakir yangasi Moxira Raxmatova tomonidan elektr energiyasi tarmoqdan uzib qo‘yilganidan xabar topadi. Buning uchun o‘ch olish maqsadida yangasi va uning voyaga yetmagan farzandlarini qasddan o‘ldirishni rejalashtirgan.
Qonli tun
Abobakir ro‘zg‘or uchun foydalaniladigan pichoqni olib, soat 20:30 larda amakisining xonadoniga kirgan. Dastlab xonadon hovlisida tomorqaga qarab ketayotgan, 2011 yilda tug‘ilgan jiyani Muxsinjon Muhamatjonovning orqasidan yugurgan. Yetib olgach qo‘lidagi pichoq bilan bo‘yin, qorin va ko‘krak qismlariga 29 marotaba zarba bergan. Muxsinjon voqea joyida vafot etgan.
Ko‘zi qonga to‘lgan Abobakir uning harakatlarini kuzatib turgan va jon saqlash uchun qochayotgan yangasining orqasidan quvgan. U yangasini yotoqxonaga kirganda ushlab olgan va pichoq bilan 42 marotaba zarba berib, uni o‘ldirgan.
Oilaning yana bir o‘g‘li Maqsadjon qotilning bu harakatlaridan qo‘rqib, xonadon oshxonasiga yashirinib olgandi. Abobakir uni ham o‘ldirish maqsadida qo‘lidagi pichoq bilan ichkaridan qulflangan oshxona eshigini ochishga uringan. Biroq pichoq sinib ketgan. U eshikni tepib ochgan va shu yerda turgan boshqa pichoq bilan jiyani Maqsadjonga 39 marotaba zarba bergan holda uni ham o‘ldirgan.
Shundan so‘ng Abobakir jinoyat izlarini yo‘qotish maqsadida yangasining Samsung telefoni va shu xonadon oshxonasidan olgan pichoqni tomorqaga otib yuborib, hodisa joyidan qochib yashiringan.
“Men o‘ldirmadim”
Abobakir Muhamatjonov sudda aybiga iqror bo‘lmagan. U yangasi va jiyanlarini boshqa shaxslar o‘ldirganini, agar jinoyatni bo‘yniga olmasa uning oila a’zolarini ham o‘ldirish bilan tahdid qilishganini aytgan.
“O‘sha kuni o‘rtoqlarim bilan sun’iy maydonda futbol o‘ynamoqchi bo‘lib, amakimning yashash xonadoni oldidagi dala hovlimizga bordim. U yerda yangam M.Raxmatovani ko‘rdim, u yashash uyiga kirib ketdi. Shundan so‘ng simyog‘ochdan elektr tokini yoqib, dalahovlimizga kirdim va kiyimlarimni kiyib, telefonning chirog‘ini yoqqan holda tashqariga chiqdim.
Hovlidan ketayotgan vaqtim kimdir meni chaqirdi. Amakim Rossiyada bo‘lgani uchun shubhalanib, ovoz kelgan tomonga bordim. U yerda davlat raqam belgisi bo‘lmagan Damas mashinasi turgan ekan. Mashina chiqib ketish uchun qulay qilib, darvoza tomonga qarab qo‘yilgandi.
Mashinada yuzida niqobi bor 3 nafar odam borligini ko‘rdim. Ulardan ikkisi mashinadan tushdi: biri sochimdan ushladi, ikkinchisi qo‘limni bog‘ladi. Ushbu shaxslardan biri bobomning ukasi O‘tkir ekanligini ovozidan tanib qoldim.
Shundan so‘ng ular qo‘llarimni skochladi. Elektr chirog‘i o‘chiq bo‘lgani uchun ularning yuzini ko‘ra olmadim. Qo‘limdan ushlab sudragancha hovliga olib chiqishdi. U yerda Muxsin pichoqlangan holatda yotganini ko‘rdim va stress holatiga tushdim. Meni daraxtlar orasida uy ichiga olib borishdi. Chap tomondagi uy ichida yangam va katta o‘g‘li Maqsad pichoqlangan holatda yotgandi. Uning yonida singan pichoq bor edi. O‘sha pichoqni olib, cho‘ntagimga solishdi.
O‘sha shaxslar menga ushbu jinoyatni bo‘ynimga olishni, agar bo‘ynimga olmasam oila a’zolarimni ham shu holatga tushirishlarini aytishdi. So‘ngra qo‘lim bog‘langan holatda o‘sha yerda qoldirishdi.
So‘ng xonalar ichiga kirib, amakimning qizi Madinani ismini aytgan holda chaqirdim. U menga javob bermagach hovlidan chiqib, o‘zimizning dalahovliga kirdim. U yerda dadamni ko‘rdim va amakimni xotini va o‘g‘illarini o‘ldirib qo‘yganimni aytdim”, degan Abobakir o‘z ko‘rsatmasida.
Shuningdek, u niqobli odamlar qo‘rqitgani va tergov vaqtida unga kuch ishlatishgani uchun qotillikni tan olganini, aslida esa ularni o‘ldirmaganini bildirgan va suddan yengillik so‘ragan.
“Abu o‘ldirdi”
Marhumaning kenja farzandi – qizi Madina qotillik sodir etilayotganda divan ostiga yashiringan. U sudda qonuniy vakili ishtirokida so‘roq qilinganida onasi va akalarini amakisining o‘g‘li “Abu” o‘ldirganini aytgan.
“Abu” kelib akalarimga va oyimga pichoq tiqdi. Men divanning ostiga kirib, yashirinib oldim. “Abu” Madina, chiq, dedi, men chiqmadim. “Abu”ning ikkita pichog‘i, qo‘lida skotch bor edi”, degan qizaloq.
Mahmud Ismoilov sudda turmush o‘rtog‘i va farzandlarini jiyani Abobakirning o‘zi o‘ldirmagani, uning sheriklari bo‘lganini aytib, ularni ham jinoiy javobgarlikka tortishni, sudlanuvchidan 1 mlrd so‘m ma’naviy zarar undirib berishni so‘ragan.
Dalil
Abobakir suddagi ko‘rsatmasida yangasi va jiyanlarini niqobli shaxslar o‘ldirgani, uning qo‘lini bog‘lab, skotchlab qo‘yganini aytgan. Biroq uning qilmishi guvohlarning ko‘rsatmalari, hodisa joyidan olingan barmoq izlari, o‘nga yaqin ekspertiza xulosalari bilan o‘z tasdig‘ini topgan. Shuningdek, guvohlardan biri o‘sha kuni Abobakirning qo‘lida arqon va skotch izlarini ko‘rmagani haqida ko‘rsatma bergan.
Jazo
Jinoyat ishlari bo‘yicha Pop tuman sudining 2025 yil 7 apreldagi hukmi bilan Abobakir Muhamatjonov Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “a, v, j” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilishda aybli deb topilgan. Unga umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Abobakir jazoni maxsus tartibli koloniyalarda o‘taydi.
Shuningdek, sudlanuvchidan jabrlanuvchining qonuniy vakili M.Ismoilovga 75 mln so‘m, T.Raxmonovaga 50 mln so‘m ma’naviy zarar undirish belgilangan.
Ruslan Saburov,
Kun.uz
Sud materiallari asosida tayyorlandi.
Mavzuga oid

15:56
Istanbulda o‘zbekistonlik ayol erini o‘ldirishda gumonlanmoqda

21:18 / 10.04.2025
Toshkentda uy-joy nizosi ikki kishining o‘limi bilan tugadi

14:46 / 01.04.2025
“Yetim qolgan nevaralarim ko‘ziga qaray olmayapman” - Popda oyog‘i sinishi bilan operatsiya qilingan bemor vafot etdi

20:52 / 15.03.2025