Sport | 12:12 / 13.04.2021
26746
3 daqiqa o‘qiladi

Odil Ahmedov yana klubini o‘zgartirdi

Odil Ahmedov Xitoy chempionatidagi uchinchi klubiga o‘tdi.

O‘zbekiston milliy jamoasi yarimhimoyachisi Odil Ahmedov Xitoy Superligasida ishtirok etadigan «Tsanchjou Mayti Layons» klubi bilan shartnoma imzoladi.

Odil Ahmedov 2017 yilda Rossiyaning «Krasnodar» klubidan Xitoyga yo‘l olgan va «Shanxay SIPG» klubida 2020 yil yozigacha to‘p surgandi. U shanxayliklar safida jami 98ta uchrashuvda maydonga tushib, 10ta golga mualliflik qilgan, Xitoy Superligasi chempionligi va Superkubogi g‘olibiga aylangandi.

U o‘tgan yil sentyabrida autsayder jamoalardan biri «Tyanszin Teda»ga ijara asosida o‘tgandi. Ammo «Tyanszin Teda» moliyaviy inqiroz sabab 2021 yil boshida bankrotlik e'lon qildi.

«Tsanchjou Mayti Layons» 2020 yilgi mavsum yakunlariga ko‘ra Xitoy Superligasida so‘nggi o‘rinni olib, quyi ligaga tushib ketgandi. «Tyanszin Teda»ning inqirozi sabab, klub yana oliy divizionga qaytgan. 

Xitoy Superligasining 2021 yilgi mavsumi 20 aprel kuni start oladi. Ahmedovning yangi jamoasi 21 aprel kuni 1-turni «Tsindao Huanhay»ga qarshi o‘tkazadi.

Tribuna.uz muxbiri yarimhimoyachi bilan bog‘lanib, transfer tafsilotlari haqida ma'lumotlar oldi.

— Odil, sizni Ramazon oyi kirib kelganligi va yangi klub bilan rasman shartnoma tuzganingiz bilan tabriklaymiz. Bitim qancha muddatga mo‘ljallangan?

— Tabrik uchun rahmat. Barcha musulmonlarga, O‘zbekiston ahliga Ramazon muborak bo‘lsin.

Shartnomaga keladigan bo‘lsak, kelishuv 2 yilga, ya'ni 2022 yil so‘ngigacha mo‘ljallangan. 

— «Tsanchjou Mayti Layons» o‘z oldiga qanday maqsadlar qo‘ygan?

— Jamoa yangi. Tarkibga 15 nafardan ortiq futbolchi kelib qo‘shildi. Imkoni boricha yuqori o‘rinlar uchun kurashamiz.

— Yangi klubingizdagi birinchi o‘yinni 21 aprelda o‘tkazishingiz kutilmoqda. Milliy jamoaning JCh-2022 saralashi doirasida Saudiya Arabistonida bo‘ladigan o‘yinlarigacha jismoniy holatingizni to‘liq tiklay olasizmi?

— O‘zbekiston milliy jamoasi yig‘inigacha Xitoyda 5ta tur o‘tgan bo‘ladi. Rasmiy o‘yinlarda qatnashib, jismoniy holatimni tiklab olishga umid qilaman.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid