O‘zbekiston | 10:31 / 23.04.2021
5248
2 daqiqa o‘qiladi

Xorazmlik imom-xatiblar ehtiyojmand oilaga 5 xonali uy hadya qildi

Xorazm imom-xatiblari 15 yil ijarada yashagan, ko‘rishida nuqsoni bor oila vakillariga 5 xonali uy hadya qildi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati ma'lum qildi.

Xorazm viloyati Urganch shahar bosh imom-xatibi Hasanboy Kenjayev tashabbusi bilan homiylar jalb etilgan holda shaharning Temiryo‘lchi mahallasida yashovchi, ko‘rishida nuqsoni bor oila vakillariga 5 xonali uy hadya qilindi. Yangi xonadon egasi 15 yil davomida onasi va bolalari bilan uyma-uy ijarada qiynalib yashab yurgan.

«Uyni topshirish marosimida O‘zbekiston musulmonlari idorasi Xorazm viloyati vakili Xayrulla Abdullayev va Urganch shahar hokimligi vakillari qatnashdi.

Qur'oni karimda marhamat qilinadi: «Ehsonning mukofoti faqatgina ehsondir» (Ar-Rohman surasi, 60-oyat). Ya'ni yaxshilikning mukofoti faqatgina yaxshilikdir. Oyati karimadagi birinchi yaxshilikni bandalar qiladi. Uning ichiga barcha ezgu ishlar kiradi. Ikkinchi yaxshilik esa Alloh taolo yaxshilik qiluvchilarga beradigan jannatdir.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: «Kim bir mo‘min birodarining dunyodagi qiyinchiligini yengillatsa, Alloh u bandaning qiyomat kunidagi qiyinchiligini oson qilib qo‘yadi». (Imom Muslim rivoyati)

Alloh taolo ushbu xayrli ishga hissa qo‘shgan insonlardan rozi bo‘lsin, ularning ehsonini dargohida qabul qilib, ikki dunyo saodatidan bahramand qilsin, ana shunday xayrli ishlarni qiladigan saxovatpesha hamyurtlarimiz ko‘payaversin!» — deyiladi O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati xabarida.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid