O‘zbekiston | 00:05 / 27.04.2021
15542
10 daqiqa o‘qiladi

Sudya: Fuqaro huquqidan inson huquqlariga o‘tish vaqti yetdi

«Bizda bir necha 10 yillar davomida «fuqaro huquqi»ga ustuvorlik berildi, adolat huquqidan uzoqlashdik, din va diyonatni huquqdan yiroqlashtirdik». Sudya Nuriddin Murodov Kun.uz'ga taqdim etgan maqolasida fuqaro huquqidan adolat huquqiga o‘tish zarurati haqida so‘z yuritadi.

Nuriddin Murodov

Yevropaning qator davlatlarida huquq institutlari, cherkov, ya'ni din huquqlari asosida shakllana boshlagan. Keyinchalik bu jarayonda qator demokratik islohotlar natijasida inson huquqlari – adolat huquqiga o‘tildi hamda unga sodiq qolindi. Fransiyada esa bir qancha vaqt fuqaro huquqiga ustuvorlik berildi-yu, lekin oqibat buning xatoligi sabab... tezda inson huquqlariga qaytildi.

Xullas, Yevropa va okeanorti diyorlarida, yillar davomida «adolat huquqi – inson huquqi» shakllanib bordi. Qonunchilik ham shu asosda qurildi, hukumat ham shu tamoyil asosida ishladi, odil sudlov ham shu tarzda faoliyat yuritdi va xalq ishonchiga erishdi. Sababki, adolat (inson) huquqlari odil sudlovda ta'minlanadi.

Bizda esa bir necha 10 yillar davomida «fuqaro huquqi»ga ustuvorlik berildi, adolat huquqidan uzoqlashdik, din va diyonatni huquqdan yiroqlashtirdik. Faxriy fuqaro bo‘lishga oshiqdik, grajdanlik huquqi deb balandparvoz gaplarga ishonib yurdik, o‘z e'tiqodimiz, dinimiz, an'ana-odatimiz, qadriyatlarimizni xavf ostiga qo‘ydik. O‘z tilimiz hurmatini orttirishni sharaf bilish o‘rniga, boshqa tilda gapirishni o‘zimizga obro‘ bildik, ona tilini emas, «o‘sha» tilni bilmaganlarga past nazar bilan qaradik, yaqin-yaqingacha shu tilni bilganlarni davlat idoralarida ishga olishga ham imtiyozlar berib keldik, ularga boshqa tilda ishlash ustuvorlik berdi.

Nima uchun?! Chunki fuqaro huquqiga mukkasidan ketdik, inson huquqini chetga surdik, adolat huquqi haqida gapirishga ham qo‘rqdik...

1989 yilda qabul qilingan «Til to‘g‘risida»gi qonunni bizning o‘zimiz har kun, har daqiqa, har soniya buzdik, buzmoqdamiz, tepkiladik. Biz bu borada Navoiy ishonchini oqlamadik, hatto o‘zga tilning butun boshli grammatikasini yaratgan buyuk ajdodimiz Zamaxshariyga munosib bo‘la bilmadik.

Istiqlolning ilk yillarida qabul qilingan «Vijdon erkinligi to‘g‘risida»gi qonunga esa amal qilmadik. Diniy bag‘rikenglik deya balandparvoz shiorlarni aytdik, lekin qora ro‘yxatni shakllantirdik, e'tiqod qilgan kishiga ola qarash qildik, o‘zimizdan o‘zimiz dushman yasadik. Buxoriy, Termiziylar, Moturidiy, Naqshband, Nasafiylar kabi buyuk ajdodlarimizga munosib bo‘la olmadik.

So‘z-fikr erkinligi ta'minlanmoqda, senzura bizda yo‘q dedik, ammo amalda aksi bo‘ldi. Behbudiy, Qodiriy, Fitratdan og‘iz ko‘pirtirib ko‘p gapirdik, lekin ularning munosib vorisi bo‘la oldikmi?..

Majburiy mehnatga yopishib oldik, yoshlar – o‘quvchilar, talabalar hamda o‘qituvchi, domla, tibbiyot sohasi xodim va xodimalari majburiy mehnatning asosiy sub'yekti bo‘ldi. Paxta «umummilliy harakat»ga aylandi.

Yurtimizda inson huquqlari – adolat huquqi ustuvor, insonning yashash, ko‘chib yurish huquqi – ular qadriyatimizga aylangan dedik, biroq o‘z yurtdoshlarimizga, o‘z yurtimizning ayrim hududlarida ro‘yxatga o‘tishga cheklov o‘rnatdik.

Nega? Chunki sobiq tizimdan meros bo‘lib o‘tgan fuqaro huquqi bizning ongimizga singib qolgan. Davlat va fuqaro (grajdan) huquqiga o‘rganib qolganmiz.

Illo, barchamiz yaxshi bilgan va ming yil ilgari bitilgan «Avesto»ning asosida barcha salbiy illatlarga qarshi kurash jamiyatda adolat qaror topishiga qaratilgan ezgu amallardan biri, xususan: «Haq so‘zdan o‘zga hech narsa to‘g‘risida o‘ylama, haq so‘zdan o‘zga hech narsa to‘g‘risida suhbatlashma, haqqoniy amaldan o‘zga hech narsa bilan shug‘ullanma», – deb qayd etilgani, ya'ni adolatdan yiroqlashma, adolat huquqiga sobit bo‘l, degan qadriyat bizni befarq qoldirdi.

Zero, insoniyat yaralgandan beri har qaysi makon va zamonda yoki jabhada adolatga qarab talpingan, unga suyangan hamda adolat ta'minlanadigan makonga intilgan. Negaki, adolat ham ma'naviy, ham ijtimoiy va eng avvalo tabiiy ehtiyojdir. Dastlab jamiyatda urf bo‘lgan an'ana va odob-axloq qoidalari asosida mezonlanadigan adolat har qachon ham jamiyatni o‘z ortidan ergashtirgan.

Ana shundan adolat huquqi bunyod bo‘lgan. Biz esa buni yillar davomida fuqaro huquqiga aylantirmoqchi bo‘ldik. Fuqaro huquq va erkinliklari ta'minlanadi, sudlarimiz eng gumanitar sud degan chaqiriqlar bilan yashadik.

Hech kimga sir emas, har qanday xushomaddan xoli ravishda obektiv baho beraylik, prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida so‘z va fikr yuritish hamda e'tiqod erkinligi huquqini ta'minlash yo‘lida sezilarli ishlar boshlandi.

Endi bizdan talab etiladigani ushbu – so‘z erkinligini amalga oshirish jarayonida, bir tamoyilga tayanib ish ko‘rish, ya'ni «O‘z huquqlaringni amalga oshirish chog‘ida o‘zgalar huquq va manfaatiga ta'sir etma, o‘z huquqingni amalga oshirishing o‘zgalar huquqini buzmasligi kerak», – degan prinsipga og‘ishmay amal qilishdir. Demak, bu «adolat huquqi» deyiladi.

Diniy e'tiqod, diniy bag‘rikenglik masalasida 2016 yildan boshlab ilk bor taqiqlangan guruhlar a'zolari afv etila boshlandi, 24 mingdan ortiq yurtdoshlarimiz qora ro‘yxatdan chiqarildi, amalda «qora ro‘yxat» degan tushuncha yo‘q qilindi.

Prezident Mirziyoyev BMTda «Ma'rifat va diniy bag‘rikenglik» rezolyutsiyasi hamda «Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasi»ni qabul qilish tashabbusi – «vijdon erkinligi huquqi», «diniy bag‘rikenglik» degan tushunchalarni ro‘yobga chiqardi.

«Qur'on tilovati» musobaqalarini o‘tkazish, masjidlarda baralla azon aytish, xohlagan har bir shaxs jamoatga borib namoz o‘qishi va hokazo mumkin. Bu – «adolat huquqi»ni anglatadi.

Bizning vazifamiz esa bu jarayonda o‘zimizdan avliyoyi zamon yasab olmasdan, ya'ni fundamental g‘oyalarga berilib ketmasdan, radikallashmasdan, sof e'tiqodlarimizga sobit bo‘lishdir.

Bolalarning majburiy mehnatiga amalda chek qo‘yildi, o‘qituvchi va sog‘liqni saqlash xodimlari, talabalar hamda boshqa davlat tashkilotlari xodimlarining beminnat xizmatlaridan foydalanish amaliyoti deyarli tugatildi. Demak, davlat fuqarolariga huquq va majburiyat qilib yuklagan «fuqaro huquqi» «adolat huquqi – inson huquqi»ga qarab tortildi.

Bu borada galdagi ish esa joylarda rahbarlarning «adolat huquqi» tomon qarab o‘zgarishidir.

Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ko‘chmas mulkni olishda O‘zbekiston fuqarolari uchun ushbu hududlarda doimiy propiska... isloh etildi. Bu borada Konstitutsiyada amalda bo‘lgan inson huquqi amalga kiritildi. Demak, bu ham fuqaro huquqi emas, «adolat huquqi» deyiladi.

Yaxshi qo‘shnichilik – yaqin qo‘shnichilik. Markaziy Osiyoda «yangi bahor» siyosati o‘rnatildi...

2018 yilning oktyabr oyining bir kunida Sariosiyo tumanidan Termiz shahriga aeroportga qarab, «Neksiya»da yo‘lga chiqdik (bu haqda avval ham yozgandim). Avtomobilning orqa o‘rindig‘ida, 70 yoshlardagi chol-kampir. Ular Tojikiston fuqarolari bo‘lib, 2000 yildan beri Surxondaryoga chegara bosib o‘ta olmagan, mana shu kun esa Termiz shahrida yashayotgan qizining uyiga 18 yil deganda, yana – nevarasining to‘yiga borayotgan ekan.

«Nevaramni 2 yoshida ko‘rgandim, bugun u 20 yoshga to‘lgan, o‘zim Samarqandda o‘qiganman», deb gap berib ketishdi. Xullas, o‘sha yo‘lovchilar, to‘y bo‘layotgan qizning bobosi va momosi hamda ammasi Termizning Namuna degan joyida qolishdi. O‘sha otaxonning yo‘l-yo‘lakay aytgan bir gapi menga juda ta'sir qildi. «Men shu Termizda yashaydigan qizimni ko‘rmay o‘lib ketamanmi deb o‘ylagandim, Xudoga shukr, bugun nevaramning to‘yiga boryapman...» Bu ham fuqaro huquqi emas, «adolat-inson huquqi» deyiladi.

Bu misolda ham bizning oldimizda birgina masala – ochiqlik siyosati O‘zbekistonga faqat va faqat manfaatli bo‘lishini anglab yetish, xolos.

Aytmoqchi bo‘lganim esa «adolat huquqi»ni ta'minlash yo‘lida sobit xizmatlari uchun har bir rahbar e'tirofga sazovor bo‘lishi shubhasiz.

Albatta, g‘arbda «adolat huquqi» ancha-muncha yillardan beri amalda, ular bunga ko‘nikib ham ketishgan. Markaziy Osiyoda esa bu huquq fuqaro  huquqi bilan shunchalik chalkashib ketganki, fuqaro huquqidan adolat huquqini ajratib olish ancha mushkul masala.

Shu ma'noda, O‘zbekistonda birgina so‘z-fikr yuritish, vijdon erkinligi kafolatlarini ta'minlash, majburiy mehnatga barham berish, dunyoga ochiq O‘zbekiston siyosatini yuritish kabi «adolat huquqi – inson huquqi» borasidagi islohotlari bilan Markaziy Osiyo siyosiy liderligiga munosibdir.

Nuriddin Murodov,
FIB Toshkent shahar Uchtepa tumanlararo sudi sudyasi

Mavzuga oid