Jahon | 11:52 / 28.04.2021
25602
4 daqiqa o‘qiladi

Alanga ichidagi Dehli: Kasallarga kislorod, o‘liklarni yoqishga joy yetishmayapti (foto)

Afsuski oxirgi kunlarda Hindistonda koronavirusning kunlik tarqalishi va qurbonlar soni yana ko‘tarilgan. Dunyo bo‘ylab bu balo tarqalishi va qurbonlar soni bilan peshqadam davlat ham bugun Hindiston. Dehlidagi kasalxonalarda joy qolmagan. Kislorod taqchilligidan yuzlab bemorlar qurbon bo‘lmoqda. Yevropa, AQSh va Yaqin Sharq davlatlari bu mamlakatga yordam jo‘natishmoqda.

Mamlakat hukumati shifokorlarning ogohlantirishlariga qaramay, vaziyatga yetarlicha hozirlik ko‘rmagani uchun tanqidga uchradi.

Hindiston so‘nggi haftada kundalik koronavirus yuqtirish soni bo‘yicha dunyo miqyosida rekord o‘rnatdi. So‘nggi 24 soat ichida 352,991 ta virus yuqtirish holati qayd etildi. Bu bilan mamlakatda virusga chalinishlarning umumiy soni 16 milliondan oshdi. Sog‘liqni saqlash vazirligi so‘nggi 24 soat ichida 2812 odam nobud bo‘lganini ma'lum qildi.

Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, Hindistonda bugunga qadar 189, 544 kishi bu kasallikdan vafot etdi.

Hukumat shifoxonalarga tibbiy kislorod yetkazib berishni jadallatish uchun maxsus ekspress poyezdlarni, havo kuchlari samolyotlari va tankerlarni ishga soldi, kislorodga solinadigan bojxona soliqlarini bekor qildi.

Ammo qariyb 1,4 milliard odam yashaydigan mamlakatda vaziyat og‘ir bo‘lib qolmoqda.

Dehli shimolidagi mana bu kichik shifoxona har kuni bir mushkulot qarshisida.

Shifoxona doktori bilan suhbatlashar ekanman, u kuyinib shunday dedi: Men o‘tgan haftadan beri tunlarni uyqusiz o‘tkazyapman. Bemorlarga yetarli yordam ko‘rsata olmayotganingizdan yig‘lagudek bo‘lasiz. Har kuni bir xil manzara: juda oz miqdorda kislorodimiz qoldi va tizim bizga faqat so‘z bermoqda, kislorod emas.

Shanba kuni Dehli oliy sudi infeksiyalar soni keskin ko‘payotganini «sunami» deb atadi va favqulodda kislorod yetkazib berish chora-tadbirlariga to‘sqinlik qiladigan har qanday kishi «osilishi» haqida ogohlantirdi.

Hindistondagi yangi to‘lqin ilk bor mamlakat hududida aniqlangan koronavirus shtammi tufayli yuzaga kelgani aytilmoqda.

Yanvar oyida bosh vazir Narendra Modi Hindistonda koronavirus ustidan g‘alaba qozonganligini e'lon qilgan edi.

Ammo sog‘liqni saqlash mutaxassislari va tanqidchilarning aytishicha, o‘tgan yil oxirida yangi infeksiyalar soni ozaya boshlagani uchun hokimiyat vaqtidan erta g‘alaba nishonlagan va sog‘liqni saqlash tizimidagi ilk to‘lqin davomida aniqlangan muammolarni bartaraf etmagan. Bundan tashqari, siyosatchilar va hukumat idoralari shu choqqacha virus tarqalishiga qulay zamin yaratadigan tadbirlar, shu jumladan, diniy festivallar va saylov mitinglari o‘tkazilishiga yo‘l qo‘ygani uchun keskin tanqidga uchradi.

Telangana shtati Fanlar Akademiyasida immunitet tizimini o‘rganib kelayotgan doktor Amrita Nayakning aytishicha, Hindistondagi kislorod tanqisligi zamirida holatlar kamayib borishi ortidan yuzaga kelgan beparvolik yotibdi.

Ayrim shifoxonalar ilojsizlikdan oilalardan kislorodni o‘zlari topishni so‘ramoqda. Tibbiy uskunalar sotiladigan do‘konda odamlar o‘z yaqinlariga zudlik bilan yetkazish uchun bo‘sh kislorod ballonlari bilan navbatda turganlarni uchratasiz.

Hukumat kislorod ta'minotini tezlashtirish va'dalarini bajarishda ko‘plar uchun kech qolmoqda. Oilalar nima uchun shifoxonada bu kabi oddiy jihoz yo‘qligini savol ostiga olishadi.

Mamlakat tashlab qo‘yilgandek go‘yo. Odamlar hukumat qilishi kerak bo‘lgan ishni, shafqatsiz pandemiyaga qarshi kurashni o‘z zimmalariga olishmoqda.

Shundog‘am yashash og‘ir bu mamlakatning boshiga kelgan mudhish bu kulfatlar aholini battar qiynab qo‘ymoqda.

O‘tkir Alimov,
Uzbek.Lifening Hindistondagi kolumnisti

Mavzuga oid