O‘zbekiston | 20:19 / 28.04.2021
42618
2 daqiqa o‘qiladi

Zoyir Mirzayev koronavirusga chalindi

Viloyat rahbari bir necha kundan buyon Toshkent shahrida davolanmoqda.

Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev koronavirus yuqtirib oldi. Bu haqda viloyat hokimi matbuot kotibi Ahror Sodiqov xabar bergan.

«Hammangizning xabaringiz bor, koronavirus balosi ko‘pchiligimizni chetlab o‘tmadi. Virusdan davolanayotgan viloyat rahbarimizning ham salomatliklari tiklanib, tez orada ish faoliyatlariga qaytishlarini so‘ragan bo‘lar edim», – degan Ahror Sodiqov o‘z videomurojaatida.

Ma'lum bo‘lishicha, hokimda 24 aprel kuni koronavirus aniqlangan. Ayni paytda viloyat rahbari Toshkent shahrida davolanmoqda.

Ma'lumot uchun, Qashqadaryo viloyatida 24 aprel kuni 4ta kasallanish holati qayd etilgan. 25 aprel kuni kasallanish holatlari aniqlanmagan, 26-27 aprel kunlari kunlik kasallanish ko‘rsatkichi 6taga chiqqan.

SSV matbuot xizmati ma'lumotiga ko‘ra, 27 aprel kuni mamlakat bo‘ylab jami 378 kishida koronavirus aniqlangan va pandemiya boshidan buyon qayd etilgan holatlar soni 90 mingdan oshgan.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilda Buxoro viloyati hokimi Karim Kamalov, bosh vazir o‘rinbosari O‘ktam Barnoyev hamda Qoraqalpog‘iston rahbari Musa Yerniyazov koronavirus tufayli vafot etgandi. Navoiy viloyati hokimi Qobul Tursunov va Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov kasallikka chalinib, davolanib chiqqan.

Mavzuga oid