O‘zbekiston | 08:15 / 01.05.2021
31368
4 daqiqa o‘qiladi

Endi amaldorlar xizmat mashinasini istalgan vaqtda almashtira olmaydi

29 aprel kuni qabul qilingan hukumat qaroriga asosan davlat amaldorlarining xizmat mashinalarini yangisiga almashtirishi hamda ularning tizimidagi tashkilotlarga o‘tkazib berishi uchun cheklov o‘rnatildi.

Vazirlar Mahkamasining 258-sonli qarori bilan davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarida yangi tartib o‘rnatilmoqda. Unga ko‘ra, davlat organlari va mahalliy hokimliklarda faoliyat yurituvchi mansabdorlar xizmat mashinasini yangisiga almashtirishi hamda ularning tizimidagi tashkilotlarga o‘tkazib berishiga cheklov belgilangan. Endi davlat xizmatchisiga berilgan avtomobil kamida 5 yil foydalanilgandan keyingina sotilishi yoki boshqa tashkilotga o‘tkazib berilishi mumkin (foydalanishga yaroqsiz holga kelgan avtotransport vositalari bundan mustasno). Bunda avtotransport vositasining texnik holati hamda undan foydalanish xavfsizligi inobatga olinadi.

Yangi tartibga ko‘ra, xizmat mashinalarining hisobi budjet tashkilotlari tomonidan budjet hisobi va hisoboti yuritilishini kompleks avtomatlashtirish uchun mo‘ljallangan dasturiy majmuada yuritiladi. Bundan tashqari, amaldorlarning xizmat mashinalarini sotib olishda tegishli g‘aznachilik bo‘linmalari tomonidan ularning belgilangan me'yorlarga mosligi tekshiriladi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti va Vazirlar Mahkamasi hujjatlari bilan berilgan xizmat avtomobillaridan ular uchun belgilangan limitlar doirasida foydalaniladi. Qolaversa, hukumat qarori bilan bundan buyon davlat organlari va mahalliy hokimliklarning xizmat avtotransport vositalarini sotish faqat elektron auksion savdolari orqali amalga oshirilishi belgilangan.

Avvalroq Oliy ta'lim vazirligi Malibu-2 sotib olayotgani, Qoraqalpog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi yangi rahbari ishni Malibu-2 xaridi bilan boshlagani, Navoiy viloyatida 8ta tuman hokimlariga Malibu-2 berilgani, Samarqandda Narpay, Ishtixon va Qo‘shrabot tumanlari hokimlari uchun Trailblazer xarid qilingani xabar qilingan edi.

Bundan tashqari, 2020 yilning dekabrida Koson tumani hokimining odam o‘limiga sabab bo‘lgan Captiva’si yangisiga almashtirish uchun mahalliy budjetning zaxira jamg‘armasi hisobidan 262 mln so‘m mablag‘ ajratilgani ijtimoiy tarmoqlarda e'tirozlarga sabab bo‘lgan, Qashqadaryo hokimi Zoyir Mirzayev 2021 yilning fevralida viloyatda faoliyat yurituvchi 15 nafar hokim va ularning o‘rinbosarlariga yangi xizmat avtomobili sotib olishni taqiqlagan edi.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan qariyb 883 mln so‘mga Toyota Prado, Namangan viloyati hokimligi 1 mlrd 579 mln so‘mga Touota LC 200, 398 mln so‘mga Trailblazer LTZ AT, Pop va Uchqo‘rg‘on tuman hokimliklari Trailblazer LTZ AT, Jizzax viloyatining Zarbdor va Mirzacho‘l tumanlari hokimliklari 370 mln so‘mdan Trailblazer LTZ AT, Samarqand viloyatining Qo‘shrabot va Narpay tumani hokimliklari 398 mln so‘mlik Trailblazer LTZ AT, Qashqadaryo viloyati hokimligi 349 mln so‘mga Equinox-AT, 206 mln so‘mdan jami 620 mln so‘mga 3 dona Tracker, Surxondaryo viloyati hokimligi 1 mlrd 194 mln so‘mga 3ta Trailblazer LTZ AT, viloyat ichki ishlar boshqarmasi 398 mln so‘mga Trailblazer LTZ AT va 380 mln so‘mga Isuzu D-MAX (IRBIS-AT) pikapi, viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi 398 mln so‘mga Trailblazer, viloyat davlat soliq boshqarmasi 349 mln so‘mga Equinox-AT, Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasi 795 mln so‘mga Tahoe, 635 mln so‘mga ikkita Malibu, 115,6 mln so‘mga esa Lacetti, Andijon viloyati hokimligi Tahoe, Tuproqqal'a tumani hokimligi 398 mln so‘mga Trailblazer, 138 mln so‘mga Lacetti va 90 mln so‘mdan jami 630 mln so‘mga 7ta Nexia-3 rusumli avtomobil xarid qilgani haqidagi xabarlar tarqalgan edi.

Mavzuga oid