Jahon | 17:01 / 02.05.2021
8039
2 daqiqa o‘qiladi

Crew Dragon kemasi 4 fazogir bilan Yerga qaytdi

2 may kuni AQShning Crew Dragon-1 fazoviy kemasi Xalqaro koinot stansiyasidan ajralib, 4 fazogir bilan birga Yer tomon yo‘l oldi. U 6,5 soatlik parvozdan keyin tungi vaqt Meksika ko‘rfaziga qo‘ndi.    

Kemada Yerga NASA astronavtlari Maykl Xopkins, Viktor Glover, Shennon Uoker va Yaponiya aerokosmik tadqiqotlari agentligi astronavti Soichi Noguchi qaytdi.

Oxirgi marta AQShga qarashli fazoviy kema tungi vaqt dengizga 1968 yil 27 dekabrda qo‘ndirilgandi. O‘shanda Oy atrofida parvoz amalga oshirgan “Apollon-8” kemasi Yerga qaytarilgan.

Crew Dragon-1 ekipaji XKSda yarim yil faoliyat olib bordi. SpaceX kompaniyasi tomonidan NASA uchun ishlab chiqilgan yangi ko‘p marotabalik boshqariluvchi kema orbitaga birinchi muntazam parvozni amalga oshirgandi.

Hozirda koinot stansiyasida “Roskosmos” fazogirlari Oleg Novitskiy va Pyotr Dubrov, NASA astronavtlari Mark Vande Xay, stansiyaga 24 aprelda Crew Dragon-2 kemasida kelgan amerikalik astronavtlar Megan Makartur va Sheyn Kimbro, Yevropa koinot agentligi astronavti Tomas Peske va yaponiyalik astronavt Akixiko Xoside faoliyatini davom ettirmoqda.

Mavzuga oid