Sport | 21:23 / 03.05.2021
24722
2 daqiqa o‘qiladi

«Tayyorgarlik darajasi yetarli emas» - Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ishlari ko‘rib chiqildi

Bugunga qadar o‘zbekistonlik sportchilar Tokiodagi yozgi Olimpiya o‘yinlariga 41ta yo‘llanma olishgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 3 may kuni yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik jarayoniga oid taqdimot bilan tanishdi.

Yaponiya poytaxti Tokio shahrida bo‘lib o‘tadigan mazkur nufuzli musobaqaga sportchilarimizni tayyorlash uchun keng sharoit yaratilgan edi. Yuqori malakali mutaxassislar jalb qilinib, yuzlab o‘quv-mashg‘ulotlar tashkil etildi. Bugungi kungacha sportchilarimiz yozgi Olimpiya o‘yinlariga 41 ta, Paralimpiya o‘yinlariga 16 ta yo‘llanma olgan.

Taqdimotda Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik darajasi yetarli emasligi ko‘rsatib o‘tildi. May-iyul oylaridagi musobaqalarda yana yo‘llanmalarni qo‘lga kiritish uchun sportchilar va ularning jamoasini qo‘llab-quvvatlash zarurligi ta'kidlandi. Sportchilarga xizmatlarni kuchaytirish, ularni har tomonlama rag‘batlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Federatsiyalar faoliyatini takomillashtirib, jalb qilingan malakali sport menejyerlari bilan birga olimpiadachilarning jismoniy, tibbiy va psixologik holatini yaxshilash uchun har bir sport turi bo‘yicha alohida dasturlar ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

1 may kuni Shavkat Mirziyoyev Qibray tumani hududida barpo etilayotgan bog‘ hududiga tashrif buyurgan, mazkur bog‘ning yonida Olimpiya shaharchasi ham bunyod etilishi ma'lum qilingandi. 

Mavzuga oid