Jahon | 18:25 / 04.05.2021
49610
10 daqiqa o‘qiladi

Markaziy Osiyodagi chegara muammolari: ularni hal qilish mumkinmi?

Bir necha yildan beri mintaqa davlatlari chegaradagi nizoli masalalarni hal qilishga urinayotgan bo‘lsa-da, bu muammo og‘riqli nuqtaligicha qolmoqda. Buni aprel oyi oxirida Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasidagi vaziyat keskinlashgani yana bir bor isbotladi. Markaziy Osiyoda chegaralarni to‘liq delimitatsiya va demarkatsiya qilishda asosiy muammolar nimada?

KYRGYZSTAN PRESIDENCY/GETTY IMAGES

SSSR qulaganiga 30 yildan oshiq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, Markaziy Osiyo mintaqasida chegaraviy muammolar hal etilmay kelyapti. So‘nggi yillarda davlat chegaralarini huquqiy rasmiylashtirish hamda chegaradagi bahsli hududlar muammosini uzil-kesil hal etish borasida bir qancha amaliy harakatlar o‘tkazildi. Xususan, Samarqand shahrida 2017 yil 10-11 noyabr kunlari BMT shafe'ligida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqaror rivojlanishni ta'minlash bo‘yicha «Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik» mavzusidagi xalqaro konferensiyada O‘zbekiston, Qozog‘iston va Turkmaniston o‘rtasidagi bahsli nuqtalar bo‘yicha kelishuvga erishildi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 9 martida Tojikistonga tashrifi vaqtida chegaralardagi muammolarni hal qilish borasidagi asosiy natijalar bo‘yicha kelishuv imzolandi.

Shuningdek, mart oyida Toshkentga Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov bilan muzokaralardan so‘ng ikki davlat rahbarlari chegara masalalari bo‘yicha 3 oyda bir to‘xtamga kelinishini aytgandi. Shundan so‘ng, Qirg‘iziston tomoni 26 martda bahsli hududlar bo‘yicha 100 foiz kelishuvga erishilganini ma'lum qildi. Ammo Qirg‘izistonning Qorasuv tumanidagi Savay qishloq okrugi aholisining namoyishlaridan so‘ng Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev namoyishchilar bilan uchrashuvda o‘zbek tomoni bilan kelishuv shartlarini o‘zgartirish to‘g‘risida va'da berdi.

Bundan tashqari, aprel oyi oxirida Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasidagi vaziyat yana keskinlashdi va ikki tomondan jami 50ga yaqin odamlar nobud bo‘ldi.

Bir necha yildan beri mintaqa davlatlari chegaradagi nizoli masalalarni hal qilishga urinayotgan bo‘lsa-da, bu holat og‘riqli nuqtaligicha qolmoqda.

So‘nggi qirg‘iz-tojik chegarasidagi keskinlikda nimaga e'tibor qaratish kerak?

Birinchidan, oxirgi keskinlikning Dushanbeda Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining Mudofaa vazirlari kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan kunga to‘g‘ri kelganiga qaramay, qurolli to‘qnashuvga aylanib ketgani va Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyevning O‘zbekiston va Tojikiston bilan chegaralar masalalari bo‘yicha oxirgi oylarda o‘tkazgan muzokaralari fonida sodir bo‘layotgani amaldagi qirg‘iz hukumatining chegaraviy muammolarini hal qilishda olib borayotgan siyosatiga nisbatan katta ishonchsizlik yuzaga keltirdi.

Ikkinchidan, chegaradosh qishloqlar aholisi o‘rtasidagi voqea suv resurslaridan birgalikda foydalanish atrofida yuzaga kelgan. Mintaqada suv resurslari atrofidagi har qanday harakatlar allaqachon nizolarning asosiy manbayiga aylanib qolgan, chunki bu bevosita aholi manfaatlari va farovonligiga ta'sir qiladi. Ikki respublikada ham aholi daromadlarining keskin kamligi odamlarni yer va suv resurslaridan maksimal foydalanishga undaydi. Qishloq xo‘jaligi ishlari boshlangan bahor va yoz oylarida suv iste'molining keskin oshishi qo‘shnilar o‘rtasidagi ziddiyatni kuchaytiradi.

Uchinchidan, ikki davlat o‘rtasidagi nizolarda harbiy harakatlar o‘sib borayotgani. Bu bir tomondan Xitoy va Rossiya kabi tashqi faktorlarning ikki tamonlama munosabatlarini tartibga solishda faollashuviga olib kelsa, boshqa tomondan mintaqa davlatlari o‘rtasidagi hamkorlik jarayonlariga jiddiy ta'sir o‘tkazadi. Ikki davlat ham XXI asrning 21-yilida harbiy harakatlar yordamida hududiy muammolarni to‘la-to‘kis hal qila olmasligini tushunishi va anglashi kerak.

To‘rtinchidan, chegaradagi hal qilinmagan muammolar nafaqat ikki alohida mamlakatni, balki butun mintaqani zaiflashtiradi. Qashshoqlik, etnik millatchilik va avtokratiyalar mintaqaviy hamkorlik uchun to‘siq bo‘luvchi asosiy omillardir. Shuningdek, bu tashqi kuchlarning har qanday vaqtda bosim o‘tkazishiga imkoniyat beruvchi quroli ham hisoblanadi.

Ayni paytda ikki qo‘shni respublika o‘rtasidagi mojaro potensiali dolzarbligicha qolmoqda. Hozirgi paytdagi davlat rasmiylari o‘rtasidagi kelishuv muammoga to‘laligicha barham bermaydi. Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi umumiy chegara uzunligi 972 kilometrni tashkil etadi, shuning 451 kilometri demarkatsiya qilinmagan holda qolmoqda. Bu 70dan ortiq bahsli hududlar deganidir.

To‘liq integratsiyalashmagan Markaziy Osiyo davlatlari

Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi kelishmovchiliklarning asl sababi – oldindan suvdan va transport kommunikatsiyalaridan foydalanishdagi murosa yo‘qligi bo‘lib kelgan. Mustaqillikdan keyingi yillarda mahalliy transchegaraviy hamkorlikning rivojlanmaganligi mintaqada chegaraviy muammolarning dolzarb tarzda saqlanib qolishiga sabab bo‘lgan asosiy omillardan biridir. Xususan, Yevropa Ittifoqida Shengen shartnomasi qabul qilinishi mintaqadagi davlatlarni iqtisodiy va siyosiy jihatdan bir-biriga bog‘lab, chegaraviy muammolarning ijobiy tomonga harakatlanishida muhim faktor vazifasini o‘tagan.

Ko‘pchilik ekspertlar Markaziy Osiyo mamlakatlarining dezintegratsiya jarayonini 2ta: iqtisodiy va harbiy-siyosiy omillar bilan o‘lchashadi.

Iqtisodiy dezintegratsiya Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari uchun o‘tmishda uzoq o‘lkalardagi bozorlar ustuvor ahamiyatga ega bo‘lgani bilan ifodalanadi. Neft va tabiiy gazning yirik eksportchilari – Qozog‘iston bilan Turkmaniston uchun Yevropa Ittifoqi, Xitoy va Rossiya bozorlari ustuvor bo‘lgan. Markaziy Osiyo bozorlari yonilg‘i resurslarini iste'mol qilish bo‘yicha Yevroosiyoning yetakchi iqtisodiyotlari bilan raqobat qila olmasdi. Rossiya, Xitoy va Yevropa Ittifoqiga a'zo mamlakatlar Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonning yirik savdo-sotiq va investitsiya sheriklari bo‘lib keldi. Tabiiyki, tashqi savdodagi bunday nomutanosiblik Markaziy Osiyo mamlakatlari ko‘p tomonlama xalqaro aloqalariga nisbatan turli strategiyalar qo‘llashiga sabab bo‘ldi.

Harbiy-siyosiy nuqtayi nazardan Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston a'zosi bo‘lgan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotini (KXShT) Markaziy Osiyo dezintegratsiyasining ramzi deb atash mumkin. Garchi Markaziy Osiyo mamlakatlari MDH va ShHT (faqat Turkmaniston a'zo emas) singari platformalarda hamkorlik qilayotgan bo‘lsa-da, yaqin vaqtgacha hamkorlikning sof mintaqaviy formati mavjud emasdi. So‘nggi marta Markaziy Osiyo formati – Markaziy Osiyo hamkorligi tashkiloti (MOHT) 2002 yilda tashkil etilgan va u 2005 yilda Yevrosiyo iqtisodiy hamjamiyati (YeOIH) bilan birlashib ketguncha mavjud bo‘lgan edi.

O‘zi Markaziy Osiyo davlatlari integratsiyasi ustida o‘tgan asrning 90-yillaridan beri bosh qotirib kelinadi va so‘nggi uchrashuvlar 2018 yil 15 mart kuni Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida va 2019 yil 29 noyabr kuni Toshkent shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahatlashuv uchrashuvlari ko‘rinishida tashkil etildi. Maslahat uchrashuvlari mintaqa ichidagi aloqalarni tiklash va mustahkamlashga jiddiy hissa qo‘shayotgan bo‘lsa-da, tashqi bozorlar hali-hamon Markaziy Osiyoning har bir mamlakati uchun jiddiy ahamiyat kasb etmoqda. Bu esa tojik-qirg‘iz chegarasida sodir bo‘lgan vaziyatga o‘xshash holatlar takrorlanishiga olib kelishi mumkin.

Xulosa o‘rnida shu ta'kidlash kerakki, Markaziy Osiyoda chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilishda asosiy muammolardan biri – mintaqaning barcha mamlakatlari tomonidan tasdiqlanib, tartib-taomillaridan o‘tgan huquqiy asos yo‘qligidir. Mintaqa davlatlari o‘rtasida chegara muammosi yuzaga kelganda ushbu voqealarni bartaraf etishda tashqi omillarning mumkin bo‘lgan vositachiligi haqida har doim fikrlar yangraydi. Markaziy Osiyoda Moskva yoki Pekin xolis «sudya» emas, balki asosiy geosiyosiy o‘yinchilar hisoblanadi. Shu maqsadda tashqi kuchlar ko‘pincha mintaqa davlatlari manfaatlariga to‘g‘ri kelmaydigan o‘zining geosiyosiy maqsadlaridan kelib chiqib, bu ishlarni amalga oshiradi. Shu sababli, Markaziy Osiyoda chegaralarni delimitatsiya qilish muammosiga yondashuv bir lahzali manfaatlar va millatchilik tuyg‘ulariga emas, balki mamlakatlarni va umuman mintaqani rivojlantirishning aniq strategik dasturiga asoslangan holda amalga oshirilishi maqsadga muvofiqdir.

Oxirgi Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi ziddiyatlarni tahlil qilish har ikki tomon xatti-harakatlarining mantiqsizligini ko‘rsatadi, chunki bu ularning ikkalasi uchun ham bir tomonlama ustunlik olib kelmadi. Markaziy Osiyoda chegara nizolari takrorlanib turishiga qaramay, umuman olganda, ular doimo mahalliy tarzda kechgan va uzoq muddatli xarakterga ega bo‘lmagan. Bu muammolarni mintaqa davlatlarining manfaatlaridan kelib chiqib, o‘zaro birgalikda hal qilinishi eng maqbul yechimdir. Markaziy Osiyodagi suv havzalari, taqsimlash punktlari, yaylov zonalari va transchegaraviy yo‘llarning barcha mamlakatlar va xalqlar manfaati uchun ishlashni boshlashi chegaraviy nizolarni hal qilishdagi «sehrli yechim» bo‘lishi mumkin va bu mintaqa davlatlari o‘rtasida o‘zaro hal qilinishi lozim va lobud.

Doston Ahrorov

Mavzuga oid