Jamiyat | 16:28 / 07.05.2021
19671
4 daqiqa o‘qiladi

Muddatidan avval pensiyaga kimlar chiqishi mumkin?

AOKAda Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda, xususan, muddatidan avval pensiyaga chiqish shartlari to‘g‘risida ma'lumot berildi.

Ta'kidlanishicha, muddatidan oldin pensiyaga chiqarish amaliyoti oldindan mavjud, biroq bunda qonunchilikka ko‘ra, ma'lum bir shartlar qo‘yilgan.

«Muddatidan avval pensiyaga chiqarish amaliyoti mavjud. Bu oldindan qo‘llanib kelgan. Pensiyaga yaqin qolgan fuqarolar ishlamasligini aytib, avvalroq pensiyaga chiqarishni so‘rashadi. Bunda e'tibor beradigan jihati shuki, ma'lum bir shartlar qo‘yilgan. Birinchidan, korxona/tashkiloti tugatilgan yoki shtatlar qisqartirishiga uchragan xodim bo‘lishi kerak. Ikkinchidan, erkaklar 58, ayollar 53 yoshda bo‘lishi kerak. Shundan keyin mehnat organlari tomonidan ularga mos vakant ish joylari bo‘lmagan taqdirda, pensiya jamg‘armasiga yo‘llanma beriladi hamda ularning pensiya yoshiga qadar muddatdagi pensiya pullari Bandlikda ko‘maklashish davlat jamg‘armasi tomonidan to‘lab beriladi», - dedi  Bandlik va mehnat vazirligi boshqarma boshlig‘i Temur Mahmudov.                         

Qonunchilikda muddatidan oldin pensiyaga chiqish tartibi qanday?

Davlat pensiyalari O‘zbekiston respublikasining «Fuqarolarning davlat pensiya ta'minoti to‘g‘risida»gi qonuni va pensiya ta'minotiga oid boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga qat'iy rioya qilgan holda tayinlanadi va to‘lanadi.

Qonunning 7 moddasiga asosan, yoshga doir pensiya olish huquqiga erkaklar 60 yoshga to‘lganda va ish staji kamida 25 yil, ayollar 55 yoshga to‘lganda va ish staji 20 yil bo‘lgan taqdirda ega bo‘ladilar.

Qonunning 14-moddasida texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o‘zgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ish xususiyatining o‘zgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqarganligi yoxud korxonaning tugatilganligi munosabati bilan ishdan ozod etilgan va ishsiz deb e'tirof etilgan erkaklar 55 yoshga to‘lganda va ish staji kamida 25 yil, ayollar 53 yoshga to‘lganda va ish staji kamida 20 yil bo‘lgan taqdirda ega bo‘ladilar.

Muddatidan oldin pensiyaga chiqish uchun qanday hujjatlar zarur, qayerga murojaat qilinadi?

Yoshga doir pensiya tayinlash uchun murojaat qilgan shaxsning arizasiga pensiya tayinlash uchun zarur hujjatlar bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tuman (shahar) bandlikka ko‘maklashish markazining shaxsni ishsiz deb e'tirof etish to‘g‘risidagi taqdimnomasi ilova qilinishi kerak.

Bandlikka ko‘maklashish markazi tomonidan (5 ish kunida) berilgan taqdimnoma budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasining tuman bo‘limi tomonidan muddatidan oldin yoshga doir pensiya tayinlashga asos bo‘lib xizmat qiladi.

Mavzuga oid