O‘zbekiston | 18:36 / 07.05.2021
53504
6 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Rustam Qosimov oilasiga ta'ziya bildirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat va jamoat arbobi, taniqli olim va pedagog, 7 may kuni vafot etgan Rustam Qosimovning ta'ziyali xonadoniga tashrif buyurib, marhumning farzandlari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi.

Rustam Sobirovich Qosimov 1955 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetining sharqshunoslik fakultetida o‘qib, mehnat faoliyatini Toshkent suv xo‘jaligi institutida arab tili tarjimonligidan boshlagan. Ko‘p yillar oliy ta'lim sohasida turli vazifalarda ishlagan. 2004-2009 yillarda O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari sifatida fan, ta'lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy sohalar rivojiga hissa qo‘shgan. Oxirgi yillarda O‘zbekiston Respublikasi prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori vazifalarida ishlab kelayotgan edi.

R.Qosimovning ko‘p yillik samarali mehnati davlat tomonidan munosib taqdirlanib, 2006 yilda «Mehnat shuhrati» ordeni bilan mukofotlangan edi.

Davlat rahbarining ko‘ngil so‘rashi og‘ir damda marhumning oilasiga hamdardlik, katta dalda bo‘ldi. 

Qur'on oyatlari tilovat etilib, duo qilindi.

Prezident marhumning ezgu ishlarini yodga oldi.

«Juda qayg‘udaman. Qo‘limizdan kelganini qildik. Xudoning irodasi ekan. Vatanga sadoqatli, fidoyi, aqlli, millatimizning ziyolilaridan birini yo‘qotdik. Biz juda ko‘p yillari birga ishlaganmiz, og‘ir kunlarimiz ham bo‘lgan. Hozir ham menga eng katta yordamchi, maslahatgo‘y edi. Ilohim, joylari jannatda bo‘lsin. Ishlarini farzandlari davom ettirsin», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Marhumning oilasi, farzandlari doimiy e'tiborda bo‘lishi ta'kidlandi.

O‘zbekiston hukumati vakillari Rustam Qosimov vafoti munosabati bilan rasmiy hamdardlik bildirishdi. 

Mamlakatimiz davlat va jamiyat boshqaruvi sohasi og‘ir judolikka uchradi. Ko‘zga ko‘ringan davlat va jamoat arbobi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi, taniqli olim va pedagog Rustam Sobirovich Qosimov og‘ir kasallikdan so‘ng shu yil 7 may kuni 65 yoshida vafot etdi.

R.Qosimov 1955 yil 30 avgustda Toshkent shahrida ziyolilar oilasida tug‘ildi. O‘rta maktabni tugatib, Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning sharqshunoslik fakultetida tahsil oldi.

Mehnat faoliyatini Toshkent suv xo‘jaligi institutida boshlab, bir necha yil davomida xorijiy Sharq mamlakatlarida tarjimon bo‘lib xizmat qildi. Keyinchalik Toshkent davlat universitetida tadqiqotchi, o‘qituvchi, katta o‘qituvchi, fakultet dekani lavozimlarida samarali ishladi, pedagogik faoliyatni ilmiy izlanishlar bilan uyg‘un holda olib borib, iqtisod fanlari doktori ilmiy darajasi va dotsent unvoniga sazovor bo‘ldi.

Katta tashkilotchilik qobiliyatiga ega bo‘lgan R.S.Qosimov Vatanimiz mustaqilligining dastlabki yillarida Toshkent davlat texnika universiteti hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasida kafedra mudiri, fakultet dekani, Bank-moliya akademiyasi rektori, oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirining birinchi o‘rinbosari va vazir, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari kabi mas'ul vazifalarda sidqidildan mehnat qilib, mamlakatimizda ta'lim-tarbiya sohasini zamon talablari asosida rivojlantirish, yuksak malakali kadrlar tayyorlash ishiga munosib hissa qo‘shdi.

Shuningdek, u O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasining boshqaruv tizimida turli lavozimlarda ishlab, jamiyatimizda fuqarolik institutlarining o‘rni va nufuzini oshirish borasida jonbozlik ko‘rsatdi.

Butun ongli hayotini el-yurtga beminnat xizmat qilishga bag‘ishlagan fidoyi rahbar mamlakatimiz taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarish, yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonlarida faol ishtirok etdi. Ushbu davrda oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi o‘rinbosari, Davlat maslahatchisi, Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori lavozimlarida qizg‘in faoliyat olib bordi.

Keyingi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi va ayni vaqtda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori lavozimlarida samarali ishlab, yurtimizda millatlararo do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash, diniy-ma'naviy qadriyatlarimizni tiklash va rivojlantirish, mahalla institutining o‘rni va nufuzini oshirish, nuroniylar, xotin-qizlar va yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, kambag‘allikni qisqartirish, ijtimoiy-ma'naviy muhit barqarorligini ta'minlashga qaratilgan muhim davlat dasturlarini amalga oshirishda o‘zining boy bilim va tajribasi, yuksak salohiyatini safarbar etdi.

R.S.Qosimov salkam 50 yillik mehnat faoliyati davomida qaysi lavozimda ishlamasin, doimo xalqimiz va Vatanimiz manfaatini ko‘zlab, fidokorona mehnat qildi. Mamlakatimiz jamoatchiligi uning ilm-fan, ta'lim-tarbiya sohasidagi keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirish, yoshlarni milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, O‘zbekistonning xalqaro obro‘-e'tiborini oshirish borasidagi xizmatlarini yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi.

R.S.Qosimov davlatimiz va xalqimiz oldidagi xizmatlari uchun “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan edi.

Xalqimizning yetuk farzandi, taniqli davlat va jamoat arbobi, yoshlarning mehribon ustozi, kamtarin va samimiy inson Rustam Sobirovich Qosimovning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

Mavzuga oid