O‘zbekiston | 17:59 / 12.05.2021
5656
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda quyosh fotoelektr stansiyasi qurish bo‘yicha loyihaning moliyaviy takliflari o‘rganilmoqda

2021 yil 12 may kuni Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida 200 MVt quvvatga ega quyosh fotoelektr stansiyasini (QFES) qurish bo‘yicha loyiha moliyaviy takliflarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Shundan so‘ng moliyaviy takliflar (tarif) natijalari e'lon qilindi.

Energetika vazirligi matbuot xizmati ma'lum qilishicha, loyihani amalga oshirishga 54ta xalqaro kompaniya qiziqish bildirdi. Ulardan ikki bosqichli tanlovdan so‘ng 5ta malakali ishtirokchilar o‘z takliflarini (tijorat, texnik va moliyaviy) taqdim etdi, shulardan 4tasi moliyaviy takliflar bosqichida qatnashadi.

Moliyaviy takliflarning ochilish natijalari:

1) Abu Dhabi Future Energy Company PJSC (Masdar 457 MVt) – 1 kVt.s elektr energiyasi uchun 1,80 sent;

2) International Company for Water and Power Projecs (ACWA Power 354 MVt) – 1 kVt.s elektr energiyasi uchun 2,48 sent;

3) Jinko Power (HK) Co., Ltd. China Power Holding International (500 MVt) – 1 kVt.s elektr energiyasi uchun 2,16 sent;

4) Total Eren S.A. TOTAL SOLAR INTL (400 MVt) – 1 kVt.s elektr energiyasi uchun 3,39 sent.

Moliyaviy takliflarning talab qilingan mezonlarga muvofiqligi baholanganidan so‘ng, loyihani amalga oshiradigan investor nomi e'lon qilinadi.

Ushbu loyiha O‘zbekiston hukumati tomonidan Osiyo taraqqiyot banki (OTB) ko‘magi bilan amalga oshirilayotgan umumiy quvvati 1 GVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish dasturining bir qismi hisoblanadi.

Dastur Energetika vazirligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan amalga oshirilmoqda. U mamlakatda tobora ortib borayotgan elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojni qondirish uchun 2030 yilga qadar mamlakatda 5 GVt.gacha ekologik toza quyosh energiyasini ishlab chiqarish strategiyasining muhim tarkibiy qismlaridan biri hisoblanadi.

Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida 200 MVt o‘zgaruvchan tok quvvatiga ega bo‘lgan QFES loyihasi amalga oshiriladi. Loyiha doirasida ishlab chiqaruvchi-investor 220 kV yangi nimstansiyani va 500 kVt.li “Surxon” nimstansiyasiga ulanish uchun 52 km elektr uzatish tarmog‘ini qurishi kerak.

Mavzuga oid