O‘zbekiston | 17:48 / 24.05.2021
15684
8 daqiqa o‘qiladi

G‘arib maktablar muammosi. Yechim qayerda?

Dunyoda ilm-fan va texnologiyalar ko‘z ilg‘amas darajada shiddat-la rivojlanmoqda. Har kuni o‘nlab kashfiyotlar qilinmoqda. Insonlar hatto koinotda ham o‘rin topishga, uning sirlarini ochishga betinim intilyapti. Biz esa maktablarni ta'mirlashdek eng birlamchi bosqichlardan nariga o‘ta olmayapmiz.

Foto: Kun.uz / arxiv

Nega biz hamon rivojlangan davlatlar allaqachon bosib o‘tgan yo‘lga tushib ololmayapmiz?

Har uchta maktabdan biri ta'mirtalab ahvolda

Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatovning aytishicha, bugungi kunda respublikada 3 mingdan ortiq maktab ta'mirtalab, o‘quvchilarga 1 million o‘rin yetishmaydi. Shu sabab 70 foiz maktabda darslar ikki smenada o‘tiladi.

Birgina shu raqamlarning o‘ziyoq xalqning puli – davlat budjeti taqsimotidagi mantiqsizlik va mas'uliyatsizlikni yaqqol ko‘rsatadi. Va ehtimol, bo‘lgan va bo‘layotgan o‘g‘riliklar ko‘lamini ham.

To‘g‘ri-da, minglab maktablar ta'mirtalab, yetarli sharoiti yo‘q, prezident aytganidek, ko‘rib tavba deb yuboradigan darajada abgor bo‘lsa, ta'lim sifatini oshirish haqida qanday gapirish mumkin?

Vazirga ko‘ra, 3 mingta maktabning ta'miri uchun 37 trillion so‘m kerak. Bu – mamlakat iqtisodiyotining 6 foizini tashkil etadigan pul. Bu – yillar davomida mazkur yo‘nalishga kam e'tibor qaratilgani, o‘nlab yoki yuzlab samarasiz loyihalarga trillionlab mablag‘ ajratib, ta'lim soyada qolib kelgani, shundog‘am kam ajratilgan pullar ham talon-toroj bo‘lib ketganining oqibati.

Foto: Kun.uz / arxiv

Natija – bugungi manzara: bir sinfda 40talab o‘quvchi o‘qiyotgan, sport zal-u oshxonadan nishon ham yo‘q g‘arib maktablar. Ta'mir uchun ota-onalardan majburiy pul yig‘ishlar. Ota-onasi pul bermagan bolalarning dars vaqtida sazoyi qilinishi...

Ta'lim va ilm-fan rivojlanmas ekan, yangi O‘zbekiston g‘oyasi orzuligicha qolaveradi

Kuzatuvlarimizga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda maktablarda o‘quvchilardan ta'mir uchun pul yig‘ish holatlari yana ko‘paygan. Bunga ham budjetdan ajratilayotgan mablag‘ kamligi sabab.

Savol tug‘iladi, nega fuqarolar ham bir necha turdagi soliqlarni to‘laydi, ham maktab ta'miri uchun yana pul beradi? Maktablardagi elementar muammolarni qoniqarli darajada bo‘lsa-da hal etish uchun 30 yil nega kamlik qildi?

Bunga o‘nlab omillar ta'sir ko‘rsatgan va bu davom etmoqda. Birinchi masala – ajratilayotgan mablag‘larning yetarli emasligida.

Foto: Kun.uz / arxiv

Masalan, 2021 yil uchun davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunda Xalq ta'limi vazirligiga 22 trln so‘m ajratilishi belgilangan. Shundan obektlarni loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish) va jihozlash uchun kapital qo‘yilmalarga 1,9 trln so‘m yo‘naltiriladi.

Bundan chiqdi, agarda ushbu pullar faqat maktablar ta'miriga yo‘naltirilsa, 3 mingta maktab ta'mirlanishi uchun yana 35 trln so‘m yetishmaydi. Umumiy hisobda 3 mingta maktabni ta'mirlashga yiliga 200 mln dollardan mablag‘ ajratilgan taqdirda ham ularni to‘liq ta'mirlashga 17-18 yil vaqt ketadi. Bu degani kamomad shu zaylda davom etsa, hali hamma maktabga yaxshi sharoit yaratish haqida gapirmasa ham bo‘ladi.

Garchi oxirgi yillarda bu yo‘nalishga mablag‘ ajratish ko‘paygan bo‘lsa-da, agar ishlar shu zaylda davom etsa, biz hali ancha vaqt ta'mirlash g‘amidan u yoqqa o‘ta olmay yuramiz.

Qimmatbaho loyihalar muhimmi yoki ta'lim?

 

Foto: Kun.uz / arxiv

Yaqinda o‘tkazilgan yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyev maktablarni ta'mirlash tizimida to‘planib qolgan muammolar haqida gapirdi.

«O‘tgan 4 yilda maktabga juda ko‘p e'tibor berdik, ammo muammolar hali ham ko‘p. Kamchiliklarni 27 yil ko‘rib ko‘rmaslikka olganmiz. Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqanddagi maktablarning ahvolini yaxshi bilaman.

Uchinchi renessansga poydevor quryapmiz, deyapmiz. Agar mablag‘larni to‘g‘ri sarflab, kelajagimiz bo‘lgan maktablarga birinchi navbatda yo‘naltirmasak, kitobi, sharoiti, o‘qituvchining ish haqini joy-joyiga qo‘ymasak, niyatimizga erisha olmaymiz.

Hozirning o‘zida maktabni ta'mirlash, uyoq-buyog‘ini suvash uchun 30 trillion so‘m kerak bo‘lyapti. Bir paytlar partani olib borib qo‘yib, maktab filiallari ochilgan. Bu hozir katta muammoga aylanyapti: bunday maktablar filiallarida o‘qigan bolalarning bilimi, o‘qituvchilarning saviyasi, oyligi, sharoiti qanday bo‘ladi – bunga javob yo‘q. Bu – faqat maktab ta'limining o‘zidagi muammolar. Shermatovni oldimga chaqirsam, sharoitni yaxshilash uchun 30 trillion mablag‘ kerak, deyapti. Bu kitob-u partasi hisobga olinmaganda, faqat ta'mirlash uchun ketadigan mablag‘. [Sog‘liqni saqlash vaziri] Hojiboyevni chaqirsam, 60 trillion so‘m kerak, deyapti. Bu pullarni qayerdan olamiz?» dedi davlat rahbari.

Umuman olganda, O‘zbekiston iqtisodiyotida budjet taqchilligi ortib borayotgan bugungi kunda xarajatlar nisbatini to‘g‘ri yo‘naltirish g‘oyat muhim ahamiyatga ega.

E'tibor berilsa, bugungi O‘zbekiston xarajatlarining, shu jumladan tashqi qarzlarning ham juda katta qismi qurilishga yo‘naltirilgan.

Masalan, «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari. Ularga 2021 yilda 31,5 trln so‘m ajratilishi ma'lum qilindi. Dasturdan joy olgan mahalla guzari, arzon dorixonalar, kichik istirohat bog‘lari va boshqa bir qator ortiqcha xarajat talab qiladigan loyihalar budjet sarfini sezilarli oshiradi.

Yana aytaylik, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari. 3 yil davomida budjetdan 600 mingdan ziyod aholi va tadbirkorlik sub'yektlariga 15 trln so‘mdan ortiq miqdorda imtiyozli kreditlar ajratilgan. Ammo u pullarning katta qismini budjetga qaytarish qiyin masalalardan biriga aylangan.

Foto: Kun.uz / arxiv

Shuningdek, energetika sohasiga yo‘naltirilayotgan, hatto davlat tashqi qarzi evaziga ajratilayotgan milliardlab dollarlar hali aholi hayotida ijobiy aksini to‘la ko‘rsatganicha yo‘q.

Yaqinda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari e'tirozlariga sabab bo‘lgan voqealardan biri – Toshkentda 8,8 mln dollar evaziga maqom markazi qurilishi haqidagi xabar bo‘ldi. Buning ham bugungi iqtisodiy sharoitimizda ortiqcha qurilish ekanini ko‘pchilik tasdiqlaydi.

Bundan tashqari, samarasiz va kechiktirsa hech narsa o‘zgarmaydigan yuzlab qurilishlar borki, ular ham budjet sarfi ortishiga olib kelmoqda.

Kuchsiz parlament budjetni to‘g‘ri taqsimlay olmaydi

Aytish kerakki, budjet mablag‘lari qanchalik to‘g‘ri va samarali sarflanayotgani – bugunning birinchi raqamli, eng muhim masalasi.

Jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, har bir so‘m qayoqqa ketdi va qanday natija berdi, degan savollar doimiy yangrab turishi va javoblar muntazam olinishi asosiy jarayonga aylanishi zarur.

Foto: Kun.uz / arxiv

Mablag‘ni belgilangan maqsadda to‘g‘ri sarflashdan tashqari, uni to‘g‘ri taqsimot qilish ham ahamiyatli. Afsuski, davlat budjetini qayerga sarflash borasida hukumat amalda bilganini qilyapti, deputatlar bu masalaga katta ta'sir o‘tkaza olmayapti.

Budjet qonun bilan tasdiqlanayotgan bo‘lsa-da, yakuniy qonun hukumat kiritgan loyihadan katta farq qilmayapti. Bunda bir tarafdan ijro hokimiyatining qonun chiqaruvchi hokimiyatdan sezilarli ustun ekani, ikkinchi tarafdan deputatlarning loqaydligi – ularning hammasi ham masala dolzarbligini anglamasligi muhim rol o‘ynayapti.

Shu o‘rinda, adolatli deputatlik saylovlari – siyosiy islohot masalasi muammo ildizi va yechim sifatida namoyon bo‘ladi.

Islombek Umaraliyev

Mavzuga oid