DXX Samarqandda noqonuniy yer sotish holatlariga chek qo‘ydi
Samarqand viloyati Oqdaryo tumanidagi fermer xo‘jaligi raisi tuman hokimligida bosh mutaxassis lavozimida ishlovchi qarindoshi bilan o‘zaro kelishgan holda, o‘zi rahbarlik qilayotgan fermer xo‘jaligiga qarashli sug‘oriladigan 1 gektar yer maydonini hokimlik zaxirasiga qaytarib, so‘ngra uni issiqxona tashkil qilmoqchi bo‘lgan fuqaro nomiga rasmiylashtirib berish evaziga undan 50 ming AQSh dollari va “Neksiya-3” avtomashinasi talab qilgan.
DXX matbuot xizmati xabariga ko‘ra, DXX Samarqand viloyati boshqarmasi xodimlarining viloyat prokuraturasi hamda ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirida ushbu shaxslar so‘ralgan pulni olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Past Darg‘om tumani Davlat soliq inspeksiyasi inspektori chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaligi rahbari bilan o‘zaro kelishgan holda, ushbu fermer xo‘jaligiga qarashli 15 gektar yer maydonini boshqa bir fuqaroga intensiv bog‘ tashkil etishi uchun tuman hokimligida ishlovchi tanishlari orqali rasmiylashtirib berish evaziga undan 13 ming AQSh dollari talab qilgan.
DXX Samarqand viloyati boshqarmasi, viloyat prokuraturasi hamda ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda ular so‘ralgan pulni olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Samarqand tumanida yashovchi 2 nafar fuqaro o‘zlari ijara asosida foydalanib kelayotgan, hokimiyat balansida bo‘lgan tog‘li hududdagi 3 gektar yaylov yer maydonini mahalliy fuqaroga 30 ming AQSh dollariga sotishni rejalashtirib, tuman hokimligidagi tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berishni va'da qiladi.
DXX Samarqand viloyati boshqarmasi hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda ushbu shaxslar so‘ralgan puldan 12,5 ming AQSh dollarini olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Payariq tumanidagi g‘alla va paxtachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaligi rahbari muqaddam sudlanib, ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq jazo muddatini o‘taganligiga qaramasdan, xatosidan to‘g‘ri xulosa chiqarmaydi. U mahalliy tadbirkorning ishonchiga kirib, unga intensiv bog‘ tashkil etishi uchun tuman hokimligida rahbarlik lavozimlarida ishlovchi tanishlari orqali 30 gektar yer maydoni olib berishni va'da qiladi hamda evaziga 15 ming AQSh dollari so‘raydi.
DXX Samarqand viloyati boshqarmasi va Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda u so‘ralgan puldan 7,5 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlandi.
Payariq tumanida kuzatilgan yana bir holatda fermer xo‘jaligi rahbari mazkur xo‘jalikning sug‘oriladigan 1 gektar yer maydonini parrandachilik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaroga 15 ming AQSh dollariga sotishga kelishgan va hokimiyat tizimidagi tanishlari orqali uning nomiga rasmiylashtirib berishni va'da qilgan.
Fermer xo‘jaligi rahbari so‘ralgan puldan avans sifatida 4 ming AQSh dollari olgan vaqtida DXX Samarqand viloyati boshqarmasi va Departamentning hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.
Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mavzuga oid
19:25 / 23.11.2024
Bahodir Qurbonov DXX raisi etib tayinlandi
19:15 / 23.11.2024
DXX raisi Abdusalom Azizov lavozimidan haydaldi - manba
19:57 / 22.11.2024
«Toshkent viloyati suv ta’minoti» AJ mutaxassisi 1,6 ming dollar bilan ushlandi
16:53 / 22.11.2024