Sport | 15:15 / 27.05.2021
18736
3 daqiqa o‘qiladi

«Real» Zidanning iste'fosini e'lon qildi

Zinedin Zidan «Real» bosh murabbiyligini tark etdi.

Madrid klubi fransuz mutaxassis bilan shartnoma uning tashabbusi bilan bekor qilinganini e'lon qildi.

«Uning qarorini hurmat qilgan holda barcha mehnatlari uchun rahmat aytamiz. Zidan «Real»ning ramzlaridan biri va doim klub afsonasi bo‘lib qoladi. Futbolchi sifatida ham, murabbiy sifatida ham. «Real» har doim Zidanning o‘z uyi», - deyilgan klub bayonotida.

Murabbiyning amaldagi shartnomasi 2022 yil yoziga qadar tuzilgandi. 

Bir muddatlik tanaffusdan keyin 2019 yil martida «Real»ga qaytgan Zidan o‘tgan mavsumda Ispaniya chempionligi va Ispaniya Superkubogini qo‘lga kiritgandi. Joriy mavsumda «Real» Chempionlar ligasi yarim finaliga yetib bordi va La Ligada ikkinchi o‘rinni egalladi.

Zidan «Real»ni 2016 yildan 2018 yilga qadar ham boshqargan, bu vaqt mobaynida u jamoani uch bor Chempionlar ligasi g‘olibligiga boshlab borgandi. Shuningdek, «Real» uning rahbarligida bir marta Ispaniya chempioni bo‘lgan, bir marta mamlakat Superkubogini, ikki marta UYeFA Superkubogini qo‘lga kiritib, ikki marta klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida g‘olib chiqqandi.

Fransuz mutaxassis «qaymoqranglilar» boshqaruvida jami 263 o‘yin o‘tkazib, 174 g‘alabagaga erishgan, 53 durang qayd etgan va 36 o‘yinda mag‘lub bo‘lgna. To‘plar nisbati 605:267.

Bundan avvalroq «Yuventus»ning sobiq bosh murabbiyi Massimiliano Allegri yoki «Inter»ning sobiq bosh murabbiyi Antonio Konte «Real»ga kelishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgandi.

Ispaniyaning Marca nashri esa Zidan ketgan holatda uning o‘rnini «Real»ning sobiq sardori Raul Gonsales egallashi haqida yozgandi. Shuningdek, OAVda «Real» rahbariyati Germaniya terma jamoasi bosh murabbiyligini tark etgan Yoaxim Lyovning nomzodini ko‘rib chiqayotgani haqida yozgan.

Mavzuga oid