O‘zbekiston | 20:21 / 27.05.2021
47231
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda xonadon egasi imkoniyati cheklangan xizmatkor ayolni kaltakladi

Ijtimoiy tarmoqlarda kar-soqov ayolga shafqatsiz munosabatda bo‘lingani aks etgan videolar tarqaldi. Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi holat yuzasidan rasmiy ma'lumot berdi.

Videoda bir ayol imkoniyati cheklangan ayolni urib, yoshi kattaroq boshqa bir ayoldan kechirim so‘rattirgani, onasi ekani aytilayotgan bu ayolning oyoqlarini majburlab o‘ptirgani va urib-tepgani aks etgan.

Poytaxt IIBBning aniqlashicha, 25 maydan 26 mayga o‘tar kechasi soat 03:15larda 102 raqamiga tez yordamdan xabar kelib tushgan, unda 24 yoshli Mohizoda V. tan jarohatlari bilan keltirilgani aytilgan.

Ma'lum bo‘lishicha, 24 may kuni 28 yoshli Mumtozbegim D. o‘zining Mirobod tumanidagi xonadonida ikki nafar tanishi: 20 yoshli Diyora B. va 23 yoshli Mukarram M. bilan birga 24 yoshli Mohizoda V.ga tan jarohatlari yetkazishgan.

Biroq ayol o‘zi tushuntirib bermagan sabablarga ko‘ra, o‘zi yashab kelgan ushbu xonadondan faqatgina 25 maydan 26 mayga o‘tar kechasi chiqqan. U Nukus ko‘chasidan o‘tib ketayotgan tez tibbiy yordam mashinasini to‘xtatib, qo‘l harakatlari bilan tibbiy yordamga muhtojligini bildirgan va oyog‘idagi jarohatlarni ko‘rsatgan.

Hozirda barcha ishtirokchilarning shaxsi aniqlangan, sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan.

Holat yuzasidan Mirobod tumani IIO FMB Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 110-moddasi 2-qismi «v» bandi (ojiz ahvoldaligi aybdorga ayon bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan qiynoq) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

«Tergov davomida sodir bo‘lgan voqeaning sabablari batafsil o‘rganiladi», – deyiladi shahar IIBB axborotida.

Ijtimoiy tarmoqlarda, kaltaklangan ayol shu xonadonda xizmatkor bo‘lib ishlab kelgani, uning hatto homilasi nobud bo‘lgani haqida ham xabarlar tarqalmoqda.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid