Fan-texnika | 18:46 / 13.06.2021
62229
18 daqiqa o‘qiladi

«Chiqindi qutisi bolasi» yoxud go‘dakligidayoq tashlab ketilgan millioner dasturchi hikoyasi

Freddi Figgers o‘zining ilk kompyuterini 9 yoshida qo‘lga kiritadi. Bu eski va buzuq kompyuter bo‘lsa-da, aynan shu kompyuter uning texnikaga bo‘lgan muhabbatini olovlantiradi va hech kim tasavvur ham qilmagan darajadagi ixtirochi, tadbirkor va telekom millioneri bo‘lib yetishishida muhim rol o‘ynaydi.

«Shart-sharoit va mavjud holatingiz sizning kim ekaningizni belgilab berishiga yo‘l qo‘ymang».

Bu – 31 yoshli tadbirkor Freddi Figgersning birinchi maslahati.

8 yoshdaligida kunlardan bir kun u otasi Natandan o‘zining qayerda va qanday tug‘ilgani haqida so‘raydi va unutib bo‘lmaydigan bir javobni oladi.

«Quloq sol, men sen bilan ochiqcha gaplashaman, Fred. Biologik onang seni tashlab ketgan. Men va Betti Mey esa seni mehribonlik uyiga berishni xohlamadik va biz seni asrab oldik. Sen mening o‘g‘limsan», deydi otasi unga.

Freddi tug‘ilganidan ko‘p o‘tmay, uni Florida shtatining qishloq hududidagi katta chiqindi qutisi yonida tashlab ketilgan holda topishadi.

Freddi bu voqeani ilk bor eshitganda «Men chiqindiman», deb o‘ylaydi va o‘zini keraksiz va tashlandiqday his qiladi. Ammo otasi uning yelkasidan tutib, shunday dalda beradi: «Bu holat seni xafa qilishiga hech qachon yo‘l qo‘yma!»

Freddini asrab olgan Natan Figgers kichik ta'mir ishlarini bajaruvchi hunarmand bo‘lib, uning rafiqasi Betti Mey Figgers fermer xo‘jaligi ishchisi edi.

1989 yil, ya'ni Freddi dunyoga kelgan yil Figgers juftligi Shimoliy Florida shtatidagi taxminan 8 ming aholiga ega bo‘lgan qishloq aholi punkti – Kuinsida yashardi.

Natan Figgers va Betti Mey. Freddi (o‘ngda)

«Chiqit bola, sen hech kimga kerak emassan!»

Figgerslar ilgari ko‘plab bolalarni homiy oila sifatida boqishgandi, ammo ular ikki kunlik chaqaloq Freddini o‘z o‘g‘illari sifatida qabul qilishga qaror qilishadi.

Freddining so‘zlariga ko‘ra, u Freddi Natan va Betti Meydan o‘zi ehtiyoj tuygan barcha mehr-muhabbatni topadi, ammo Kuinsidagi bolalar unga juda shafqatsiz munosabatda bo‘lishadi.

«Bolalar meni masxara qilib, «Chiqindi qutisining bolasi», «Axlat bola», «Sen hech kimga kerak emassan» yoki «Sen irkitsan» kabi so‘zlar bilan haqoratlab ustimdan kulishardi. Ba'zan esa maktab avtobusidan tushganimda, orqadan kelib ushlab olgan bolalar meni chiqindi qutisiga uloqtirishar va kulishardi», deydi Freddi.

Bolalarning haqoratlari shu darajaga borib yetadiki, otasi endi Freddini avtobus bekatida kutib turar va u bilan birga uyga qaytar edi. Ammo bolalar hatto Natanga ham gap otishdan tortinishmasdi.

Natan va Betti Mey Freddi uchun chinakam qahramon timsoli va namuna edilar.

«Men ba'zan otam o‘zi umuman tanimaydigan odamlariga yordam qilayotganini, uysizlarga oziq-ovqat olib borib berayotganiga guvoh bo‘lardim. U ajoyib inson edi. Ular ikkisi meni tarbiyalashdi va men ham shunday odam bo‘lishni xohlardim». 

Betti Mey va Natan Figgers

Uning ko‘zlari chiqindilar ichidan ham kompyuter qidirar edi...

Dam olish kunlari Freddi va Natan chiqindiga tashlangan narsalar orasida ishga yaraydigan biron narsa bor-yo‘qligini bilish uchun chiqindi qutilarini ko‘zdan kechirishardi. Freddining ko‘zlari faqat kompyuter qidirar edi.

«Qadim bir naql bor: «Kimningdir chiqindisi – kimningdir xazinasidir». Men ham kompyuterlarga qiziqar edim. Men har doim Gateway kompyuteriga ega bo‘lishni xohlardim, ammo o‘sha paytda uni sotib olish uchun pulimiz yo‘q edi».

Nihoyat, Freddi 9 yosh ekanida ular Goodwill  deb nomli eski buyumlar do‘koniga borishadi va u yerda ishlamaydigan eski Macintosh kompyuterini ko‘rib qolishadi.

«Biz sotuvchini ko‘ndirdik. «Mayli, sizga 24 dollarga beraman», dedi u. Biz uni sotib oldik va uyga olib keldik. Men azbaroyi xursandligimdan aqldan ozayozgandim».

O‘sha paytda Freddi radio, budilnik yoki videopleyer kabi ko‘plab elektron qurilmalar bilan tanish edi. Shu vaqtdan e'tiboran, uning butun diqqat-eʼtibori buzuq Macintosh kompyuteriga qaratiladi.

«Biz uni uyga olib kelganimizda ishlamadi. Shuning uchun ham men uni qismlarga ajratib chiqdim. Ularni birma-bir ko‘zdan kechirayotib kondensatorlar buzilganini payqab qoldim. Payalnigim bor edi. Men otamning radio budilnigidagi qismlarni kompyuterga kavsharladim».

Taxminan 50 marta urinishdan keyingina kompyuter nihoyat ishlaydi. Aynan o‘shanda Freddi butun umrini texnika dunyosiga bag‘ishlashga qaror qiladi.

Freddi Figgersning bolaligi

Boshqalar o‘ynab yurgan bir paytda u buzilgan kompyuterlarni tuzatardi

«Bolalar masxara qilishi natijasida tug‘ilgan barcha azoblardan meni kompyuter qutqarardi», deydi Freddi.

Maktabda kimdir uni haqorat qilsa, «Uyga borgach, kompyuter o‘ynayman», deb o‘zini tinchlantirardi.

12 yoshga to‘lganda Freddining mahorati boshqalarning ham e'tiborini jalb qila boshlaydi. Hamma bolalar bog‘da o‘ynab-kulib yurgan bir paytda Freddi maktab qoshidagi kompyuter laboratoriyasida buzilgan kompyuterlarni tuzatishga kirishadi.

«Agar qattiq disk buzilgan bo‘lsa, almashtirar edim. Agar xotirasi yetarli bo‘lmasa, RAM qo‘shardim», deydi u.

O‘sha paytlar Kuinsi shahrining meri ayni vaqtda maktabdan keyingi ta'lim uchun ham mas'ul edi. U buzilgan kompyuterlarga Freddi birin-ketin «jon» ato etayotganini ko‘rgach, unga ota-onasi bilan birga hokimiyat binosiga kelishni tayinlaydi.

«Biz shahar hokimiyatiga borganimizda u menga orqa xonadagi kompyuterlarni ko‘rsatdi. Ey, Xudoyim, 100tacha kompyuter ustma-ust uyib tashlangan edi. «Bularni tuzatish kerak», dedi mer».

Shundan so‘ng Freddi maktabdan keyingi barcha vaqtini soatiga 12 dollarlik ish haqi evaziga o‘sha bir uyum kompyuterlarni birma-bir ta'mirlashga sarflaydi.

«Aslida, pul ahamiyatsiz edi. Bu – o‘zimga yoqqan ishni qilish uchun ajoyib imkoniyat edi va men undan juda ham katta zavq olardim».

Freddi Figgers o‘zi ilk bor ta'mirlagan Macintosh bilan

600 ming dollardan voz kechish

Bir necha yil o‘tgach, dasturlash imkoniyati paydo bo‘ladi. Kuinsi shahrining suv bosimini o‘lchaydigan soatlarni boshqarish tizimiga ehtiyoj tug‘iladi va kompaniya shunga mo‘ljallab tuzilgan kompyuter dasturi uchun 600 ming dollar haq to‘lashini e'lon qiladi.

«Freddi naq kompyuter sichqonchasining o‘zginasi. Balki bu ishni u bajara olar?» deydi shahar menejyerlaridan biri.

Freddi agar imkoniyat berilsa, ushbu dasturni to‘liq yoza olishi mumkinligini aytadi.

«Menga kerakli dasturni o‘rnatish imkoniyati berildi. Men 600 ming dollarni olmadim. Odatiy to‘lovimni olib, uyga qaytdim», deydi u.

Bu – Freddining hayotidagi muhim burilish nuqtasi edi.

U atigi 15 yoshda edi, lekin ota-onasini xafa qiluvchi qaror qabul qiladi – maktabni tashlab, o‘z shaxsiy kompyuter biznesini boshlashga ahd qiladi.

«Ular ta'lim, ish, pensiya sikliga ishonishardi. Men bu zanjirni uzib, boshqa bir narsa qilishni xohladim», deydi u.

Bir-ikki yil ichida Freddining biznesi o‘sib, muvaffaqiyatli rivojlanib boradi, ammo uning otasi Natan Alsgeymer kasalligiga chalinadi. U kechalari to‘satdan uyg‘onib, oqshom televizorda ko‘rganlarini takrorlay boshlaydi. Ba'zan esa ertalablari g‘oyib bo‘lib qoladigan odat chiqaradi.

Bu – Alsgeymer kasalligining asoratlari edi. Ba'zan u yarim-yorti kiyinib, lekin har doim oyoq kiyimini kiygan holda aylangani chiqib ketardi.

Ushbu voqea Freddining ilk ixtirosi tug‘ilishiga sabab bo‘ladi.

«Men otamning poyabzalini oldim. Taglikka 90 megagersli karnay, mikrofon va mintaqaviy tarmoq kartasini joylashtirdim. Uni kompyuterimga bog‘ladim. Bu voqea Apple yoki Google xarita dasturlari yaratilishidan oldin sodir bo‘lgan. Otam g‘oyib bo‘lganda men kompyuterimdagi tugmachani bosib, «Dada, qayerdasiz?» deb so‘ray olardim. Otam esa oyoq kiyimidagi qurilmadan chiqqan ovozni eshitib, «Fred, men qayerdaligimni bilmayman», derdi».

Shunday qilib, Freddi GPS orqali otasining joylashgan nuqtasini aniqlar va uni olib uyga qaytardi. Freddining aytishicha, u ushbu amaliyotni 8 martacha qo‘llaydi.

Freddi Figgers o‘smirlik yillarida

Afsuski, endi kech bo‘lgandi...

Natanning ahvoli yomonlashgandan yomonlashib boradi. Oila a'zolari ichidan uni qariyalar uyiga topshirishni istaganlar ham chiqadi, ammo Freddi bunga ko‘nmaydi. Buning o‘rniga, u hamma joyda, hatto biznes uchrashuvlarida ham otasini o‘zi bilan birga olib yura boshlaydi.

«U meni tark etmadi va men ham uni tark etmoqchi emasman», deydi u.

Freddi mijozlar bilan uchrashuvga borganda otasi Natanni mashinaning orqa o‘rindig‘ida konditsioner va radioni yoqiq, rulni esa qulflagan holda qoldirardi.

«Bir safar yig‘ilishda ekanimda derazaga qaradim, eh, Xudoyim, ne ko‘z bilan ko‘rayki, otam orqa oynani tushirib, tashqariga chiqib ketgan edi. Men vahimaga tushdim va xijolat bo‘ldim. «Men ketishim kerak», dedim».

Freddi uchrashuvdan o‘qday otilib, tashqariga chiqadi va otasini shu atrofdagi avtoturargohda topib, yengil nafas oladi.

Natan 2014 yilda 81 yoshida vafot etganida Freddi 24 yoshda edi.

«To‘g‘risi, bu meni yiqitdi, chunki men istagan yagona narsa otamni xursand qilish edi», deydi u.

O‘shanda Freddi poyabzalga o‘rnatiladigan kuzatuv moslamasi ixtirosini 2,2 million dollarga sotgan, pul kelishini kutayotgan edi.

Natan hamisha 1993 yil modelidagi Ford pikapi va baliq ovlash kemasiga ega bo‘lishni xohlardi. Afsuski, Freddi ularni sotib olishga qodir bo‘lganda juda kech edi...

«Bu haqiqatan ham mening ko‘zlarimni ochdi va pul vositadan boshqa narsa emasligini menga o‘rgatdi. Men bu dunyodan ketishdan oldin bu yerni avvalgidan ko‘ra yaxshiroq qilish uchun nima kerak bo‘lsa, qilaman. Men otamga qarayman: u boy emasdi, ammo u juda ko‘p odamlarning hayotiga ta'sir o‘tkaza oldi. Men ham o‘zim bilan ro‘baru kelgan har qanday insonga nisbatan adolatli bo‘lishni va unga qo‘limdan kelganicha yordam berishni xohlayman».

Glyukometrning ixtiro qilinishi

Bu orada Freddi yana bir aqlli qurilmani ixtiro qiladi. Bu ham uning shaxsiy tajribadan olingan ilhomi natijasi edi. Ushbu qurilmaning yaratilishiga 8 yoshida amakisinikiga qilingan tashrif katta turtki beradi.

«Biz amakimnikiga bordik. Onam va dadam eshikni taqillatishdi, lekin ichkaridan hech qanday sado bo‘lmadi. «Fred, derazaga tirmashib, eshikni ichkaridan ocha olasanmi?» dedi dadam».

Freddi ichkariga kirib, ota-onasiga eshikni ochadi. Hamma narsa odatdagidek ko‘rinardi. Amakisi esa kamin yonidagi stulda harakatsiz holda toshday qotib turardi.

«Otam uning yoniga bordi va onamga o‘girilib: «Betti Mey, amaki o‘lib qolibdi», dedi».

Amaki diabetik komaga tushish natijasida vafot etgandi.

«Qandli diabetga chalingan bir bemorni ko‘z oldingizga keltirib ko‘ring. Ular qondagi qand miqdorini tekshirgach, uni yozib qo‘yishlari kerak. Onamning amakisi garchi ularni yozib qo‘ygan bo‘lsa-da, u yashaydigan qishloq joylarida uni baholaydigan hech kim yo‘q edi».

Shunday qilib, Freddi 22 yoshida aqlli glyukometrni ixtiro qiladi. Ushbu qurilma odamning qonidagi shakar miqdorini bir zumda o‘lchab, uni eng yaqin qarindoshiga yetkazar, ma'lumotlarni elektron sog‘liqni saqlash qaydlariga kiritardi. Shu bois, shifokor istalgan paytda ularni nazorat qila olardi. Qurilma, shuningdek, bordi-yu odam qonidagi shakar me'yordan yuqori bo‘lsa, sariq ogohlantirishni yuborardi.

AQShdagi eng yosh aloqa operatori

Ammo Freddi bundan ham kattaroq loyiha ustida bosh qotira boshlaydi. U AQShning aksariyat qishloq joylarida 2G yoki 3G tarmoqlariga ulanish imkoniyati yo‘qligini va Kuinsida yashovchilar internetga hali ham ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilish orqali ulanishlaridan xabardor edi.

U ushbu qishloq joylarda aloqa imkoniyatlarini yaxshilashni istaydi. 2008 yilda u o‘zining aloqa kompaniyasini ochish maqsadida litsenziya olish uchun Federal aloqa komissiyasiga ko‘p bor murojaat qiladi.

«Men ularga yirik telekom kompaniyalari aholisi ming kishidan kam bo‘lgan ushbu punktlar infratuzilmasiga sarmoya kiritmasligini tushuntirishga harakat qildim».

Bu oson bo‘lmaydi. Hatto Freddining so‘zlariga ko‘ra, u 394 marta murojaat qilishi va ko‘p pul sarf qilishi kerak edi.

Ammo 2011 yilda Freddi 21 yoshida AQShdagi eng yosh aloqa operatoriga aylanadi. NBC telekanali hisobotiga ko‘ra, Figgers Communication mamlakatdagi qora tanli amerikalikka tegishli yagona telekommunikatsiya kompaniyasi hisoblanadi.

Freddi dastlabki kunlarda ilk uyali telefon minorasini o‘rnatishdan tortib to optik tolali kabel yotqizishgacha bo‘lgan barcha ishlarni o‘zi bajaradi.

Freddi Figgers rafiqasi Natali va qizi bilan

U Floridaning shimoli va janubiy Jorjiyaning qishloq joylariga xizmat ko‘rsata boshlaydi. Uning kompaniyasi barqaror rivojlanib boradi.

«Maqsadimiz – halollik va oshkoralikdir»

2014 yilda Freddi Figgers F1 nomli smartfon chiqaradi. Ushbu moslamani olib yurgan kishi soatiga 16 kilometrdan ko‘proq tezlikda harakatlanayotganda buni sezib «xavfsizlik sozlamalari»ga o‘tadi va odamlarning mashina haydash paytida SMS yuborishlariga yo‘l qo‘ymaydi.

2019 yilda bozorga chiqarilgan Figgers F3 modeli ba'zi blogerlar tomonidan ta'riflanganidek muvaffaqiyatli bo‘lmagani uchun tanqid qilinadi.

«Bizning maqsadimiz – sifatli va ilg‘or mahsulotlarni arzon narxlarda taklif qilish, shuningdek, halollik va oshkoralikdir», deydi Freddi.

Ayni paytda Freddining 83 yoshli onasida ham Alsgeymer kasalligining dastlabki alomatlari mavjud. Onasi farzandining yutuqlaridan u juda g‘ururlanishini aytadi va u ixtiro qilgan glyukometr amakisi kabi insonlar hayotini saqlab qolishi mumkin bo‘lgan muhim vosita ekaniga ishonadi.

2015 yilda prokuror Natali Figgers bilan turmush qurgan Freddining bir qizalog‘i bor.

U ishidan tashqari, o‘zi tashkil etgan fond orqali ta'lim va sog‘liqni saqlash sohasidagi loyihalarga sarmoya kiritadi va kam ta'minlangan bolalar hamda ularning oilalariga yordam beradi. Amalga oshirilgan so‘nggi loyihalar orasida homiylik ostidagi oilalarda istiqomat qiluvchi bolalar uchun velosipedlar va koronavirus pandemiyasi paytida tibbiyot xodimlariga himoya vositalarini yetkazib berish tashabbusi ham mavjud.

«Dunyo qanchalik sovuq va qorong‘i ko‘rinmasin, hech qachon taslim bo‘lma!»

Bu Freddining kichkintoy qiziga beradigan eng muhim hayotiy maslahatidir. U duch kelgan har bir inson hayotida ijobiy iz qoldirish haqida qayg‘uradi. Ushbu g‘oya unga otasi – birinchi raqamli tarafdori Natandan meros bo‘lib qolgan.