O‘zbekiston | 11:25 / 16.06.2021
15721
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatidagi «Piramida»lar sotuvga qo‘yildi

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumanidagi “Chorvoq oromgohi” dam olish maskani 8ta alohida lotlarga bo‘lingan holda ommaviy savdoga chiqarilishi to‘g‘risida xabar berdi.

Qayd etilishicha, davlat aktivlarini sotish ikki bosqichda o‘tkaziladi. Bunda:

  • birinchi bosqichda – talabgorlar oldindan malakalanadi (saralanadi), jumladan, savdolarda qatnashish uchun talab qilingan hujjatlar to‘liqligi, zakalat puli kelib tushgani, davlat aktivlaridan kelgusida foydalanish yo‘nalishlariga qo‘yilgan talabga nisbatan talabgor tomonidan taklif etilgan biznes konsepsiyasi loyihasi maqbul yoki maqbul emasligi ko‘rib chiqiladi;
  • ikkinchi bosqichda – talabgorning tijorat takliflari (sotib olish narxi va to‘lovni amalga oshirish muddati) hamda to‘lov qobiliyati baholanadi.

Bildirilishicha, davlat aktivlaridan kelgusida mehmonxona yoki boshqa turizm infratuzilmasi obektini barpo etish talabi qo‘yiladi. Talabgorlar tomonidan bir yoki bir nechta lotlar bo‘yicha takliflar taqdim etilishi mumkin. Bunda, har bir lot bo‘yicha takliflar alohida beriladi.

Davlat aktivini (bir lot bo‘yicha) sotib olish bo‘yicha birinchi bosqichda bitta taklif kelib tushgan hollarda, savdolar o‘tkazilmagan deb e'tirof etiladi. Talabgor davlat aktivini sotib olish to‘lovini bir oydan ko‘p muddatlarda (ko‘pi bilan 36 oy) amalga oshirishni taklif etganda, uning narx taklifi ushbu muddatlarni inobatga olgan holda, belgilangan tartibda joriy qiymatga keltirib baholanadi.

Savdo yakunlari bo‘yicha savdo g‘olibi bilan “Davaktiv” agentligi tomonidan xabarnoma yuborilgan sanadan boshlab 20 kun ichida oldi-sotdi shartnomasi rasmiylashtiriladi (fors-major holatlari bundan mustasno) va savdolarga qatnashish uchun to‘langan zakalat puli davlat aktivi xarid to‘lovining bir qismi sifatida qabul qilinadi. Davlat aktivlari savdolari yakunlari bo‘yicha g‘olib tomonidan to‘lanadigan xarid qiymatiga chegirma qo‘llanilmaydi.

Mavzuga oid