Jamiyat | 12:23 / 16.06.2021
17135
10 daqiqa o‘qiladi

Yangiyo‘l fermerlarini xonavayron qilmoqchi bo‘lgan kim: soliqchilarmi yoki hokim?

Davlat amaldorlari tadbirkorlardan noqonuniy pul undirishga uringani fosh bo‘lsa-yu, mansabidan chetga chiqqanlarga qanday chora ko‘rilgani aytilmasa... Qonunsizlikning bir cheti deputatlarga borib taqalsa... Fermerlar kengashidan esa sado chiqmasa... Bu nima degan gap?

Kuni kecha Kun.uz Yangiyo‘l tuman soliq inspeksiyasi tomonidan 750dan ortiq fermerga qo‘shimcha soliq to‘lashlari bo‘yicha mantiqsiz xabarnomalar yuborilgani haqida maqola chop etgandi.

Reallikka asoslanmagan xatlarda aslida ishlatilmagan suv, olinmagan hosil va shtatda yo‘q ishchilar uchun ham katta miqdordagi soliqlar to‘lanishi fermerlardan talab etilgan.

Bu jamoatchilikka oshkor bo‘lgach, Toshkent viloyati soliq boshqarmasi holat yuzasidan o‘rganish boshlanganini bildirdi.

Soliq inspeksiyasining bu mantiqsiz xabarnomasini olgan bir necha fermerlar Kun.uz'ga murojaat qilib, kasod qiluvchi bunday noqonuniy va haqiqatga zid soliqlardan, o‘zlariga bo‘lgan qo‘pol munosabatdan norozi ekanliklarini bildirishdi.

«Soliqchilar yuborgan xatdagi noreal pullarni fermerlar to‘lay olmaydi. Hatto uyimizni sotsak ham u talablarni bajarishning iloji yo‘q. Yoki biz Yangiyo‘ldan ko‘chib ketishimiz kerakmi?» – deydi «Yangiobod qalb dostoni» fermer xo‘jaligi raisi Tursunali Amanov.

Fermerning aytishicha, bu yil yer sug‘orish uchun suv may oyida berila boshlagan. O‘tgan yili foydalanilgan suv soliqlari esa to‘lab bo‘lingan.

Tursunali Amanov

«Soliqchilar suvga to‘lovni yil oxirida olishlari kerak. Lekin hozir yig‘ib olishmoqchi. Ular «eng kamida 5 million so‘m pul to‘laysan», deb shart qo‘yishdi. O‘tgan yil uchun menga 84 ming kub suv yozishibdi. Men kanal ustida turganim yo‘q-ku! Keyin janjal boshlandi. Ular kelib: «Bo‘pti, aka, sizga 16 ming kub suv yozib beramiz. Keling, kelishaylik, fermersiz, ertaga yordam beramiz», deyishdi.

Fermerlar kengashi degan tashkilot bor. Ular fermerlarning himoyachisi bo‘lishi kerak. Amalda unday emas. Ular hokimning laganbardori. Qani saylab qo‘ygan deputatlarimiz? Bizdan xabar olishmaydimi? Yo‘q, ular biz tomonga bormaydi. Axir, kelsa oyog‘i kir bo‘lib qoladi-ku!» – dedi u.

«Amir Vali Fayz» MChJ ta'sischisi Kamoliddin Ikromov 92 gektar yeri borligini, soliq inspeksiyasi undan qo‘shimcha 110ta odamni ishga olishi kerakligini aytgani haqida so‘zlab berdi. U buncha odamni ishga ololmasligini, deyarli hamma ishlarni texnika bajarishi, shuncha odamni ishga olsa, mahsulot tannarxi oshib ketishi, kerakli ishlarni 4-5 ishchi bilan ham uddalay olishi mumkinligini aytadi. Buning ustiga o‘tgan yili pandemiyada karantin bo‘lgani, hech kim ko‘chaga chiqmagani va soliq idorasi da'vo qilgan qo‘shimcha 110ta odamni ishlatish umuman imkonsiz bo‘lganini qo‘shimcha qildi.

«Soliqchilar aytayotgan normativ qonun-qoida – farmon yoki qaror emas. Bu o‘quv qo‘llanmaga o‘xshash, ya'ni tavsiyaviy xarakterdagi ma'lumotlardir. Ular bu normativlarni «qonuniy» deb fermerlarni qiynashyapti, nima uchundir «jazolashyapti». Soliqchilar biror fermerning yeriga borib, «qancha suv ishlatding, qancha hosil olding?» deb so‘rashmagan ham. Chunki o‘zlari ham o‘sha paytda onlayn shaklda ishlashdi.

Ular bizga «ko‘zingni o‘yib olaman», deyapti. O‘zi shu munosabatlari ham ko‘z o‘yishdan boshqa narsa emas. «Hisobotlarni qayta topshiringlar», deydi. Biz hammasini elektron shaklda topshirganmiz-ku. Uni qayta topshirsak, qonun-qoidani, statistik ma'lumotlarni buzish bo‘ladi. Buning uchun bizga yana jarima keladi. Biz fermerlarga noreal qarzdorlik qo‘yildi. Buni hamma ko‘rib turibdi. Bu holatga nisbatan hukumatdan munosabat kutib qolamiz», – deydi tadbirkor.

Suhbat davomida «Farovon ishonch bog‘i» fermer xo‘jaligi rahbari Barno Buxarova ham o‘zi duch kelgan muammo haqida gapirdi.

«Bizning yerlar Qozog‘istonga chegara hududida. Har oyda 4 marta majlisga chaqirishadi. Doim pul so‘rashadi. 29 million so‘m QQS chiqaribdi. Qayerdan chiqaradi buni? Bo‘lishi mumkin bo‘lmagan raqam-ku. Qanday qilib hisoblashgan, hayronman», – deydi u.

«Xalqobod Erali chavandoz» fermer xo‘jaligi rahbari Qodir Umarov tuman fermerlar kengashi soliq idorasiga noto‘g‘ri ma'lumotlar berib yuborgani, yangi yilgacha barcha soliqlarni to‘lab bo‘lgani, ammo uning fermer xo‘jaligiga 47 mln qo‘shimcha soliq qarzdorlik yozishganini aytdi.

Qodir Umarov

«Fermerlar kengashiga kelib, menga noto‘g‘ri statistika beribsizlar, to‘g‘ri statistikani yozib beringlar», desam, yozib berishmadi. 1 tiyin ham qarzim yo‘q edi. Qayerdandir 47 million so‘m qarz chiqarib yozishgan. U pulni men xohlasam ham to‘lay olmayman. Hech qanaqasiga imkon yo‘q», – deydi fermer.

«Soliqchilar yuborgan ogohlantirish xatida yetishtirilmagan mahsulot miqdori yozilib, g‘irt tuhmat qilgan. Men soliqlarni yopganman, ular esa hisobotlarni qayta hisoblatishni talab qilishyapti», – ta'kidladi u.

Kun.uz muxbiri mazkur xabarnomalar qanchalik qonuniy ekaniga oydinlik kiritish maqsadida Yangiyo‘lda bo‘lib, tuman soliq inspeksiyasi shu'ba boshlig‘i Javohir Yo‘ldoshevga murojaat qildi. Taassufki, soliq xodimi bu harakatlarning barchasi qonuniy ekanini ta'kidladi.

Javohir Yo‘ldoshev

«Tanlanma asosida tuman bo‘yicha 500dan ortiq fermer xo‘jaliklarida qishloq xo‘jaligi tomonidan taqdim etilgan, tasdiqlangan me'yoriy hujjatlar asosida joylarga chiqib tahlil o‘tkazdik. Natijalarga ko‘ra, aksariyat fermer xo‘jaliklari xodimlari sonini 2 nafar qilib ko‘rsatayotgani, aslida undan ko‘p odamni, kerak bo‘lsa, chetdan olib kelib kunbay ishlatayotgani, hatto o‘ziga tegishli yer maydonlarini og‘zaki holatda ijaraga berib ishlab kelayotgan holatlari aniqlangan.

Biz fermer xo‘jaligiga: «Sizda 100 gektar yer maydoni bor. Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan tasdiqlab berilgan normativ hujjatlarga asosan, 50 nafar ishchi-xodimingiz bo‘lishi kerak. Lekin hisobotingizda 2 nafar xodim ko‘rsatilgan», deb ogohlantirish xati berganmiz.

Shunda fermer kelib, tasdiqlovchi hujjatlari bilan, «Haqiqatan 100 gektar yer maydonimni mana shuncha texnika yordamida haydaganman, 50 nafar emas, 10 nafar xodim ishlatganman», deyishi kerak. Ana shu holatlar bo‘lsa, biz fermer xo‘jaliklari dalillarini inobatga olib, tahlildagi summalarni real aniqlangan holatlar bo‘yicha qayta hisobotlarni topshirib, bartaraf qilamiz», – dedi u.

Ammo ko‘p o‘tmay, soliqchining so‘zlari mutlaqo asossiz, harakatlari esa qonunga zid ekani oydinlashdi.

Toshkent viloyati soliq boshqarmasi o‘rganishlarni yakunlab, Yangiyo‘l tuman soliq inspeksiyasi xodimlari xatti-harakatlari g‘ayriqonuniy ekanini, shuningdek, bu ishlarga bosh-qosh bo‘lgan mas'ullarga chora ko‘rilganini ma'lum qildi. Bu qanday chora ko‘rilgani ochiqlanmadi.

Biroq, Kun.uz'ga kelib tushgan hujjatga ko‘ra, mazkur fermerlarni bu tarzda «soliqqa tortish tadbiri»ga Yangiyo‘l tumani xalq deputatlari kengashining, Yangiyo‘l tumani hokimi Ulug‘bek Yalgashev tomonidan imzolangan qarori bilan start berilgan.

Buni anglatuvchi o‘sha hujjatni quyida keltirmoqdamiz:

Kun.uz viloyat soliq boshqarmasi bilan bog‘lanib, aynan kimlarga va qanday intizomiy jazo choralari qo‘llangani bo‘yicha izoh so‘radi. Biroq, so‘rov javobsiz qoldirildi.

Yana bir achinarli chizgi: shu fermerlarning hisobiga – ular to‘laydigan a'zolik badaliga faoliyat yuritadigan Fermerlar kengashi ushbu vaziyatda fermerlarning himoyasi uchun hech narsa qilmadi. «Bizga murojaat kelib tushmagan», deya hatto holatga nisbatan o‘z pozitsiyasini bildirmadi.

Davlat amaldorlari noqonuniy harakatlar bilan tadbirkorlardan ochiqdan ochiq pul undirishga uringani fosh bo‘lsa-yu, mansabidan chetga chiqqanlarga qanday chora ko‘rilgani aytilmasa...

Qonunsizlikning bir cheti deputatlarga borib taqalsa...

Fermerlar kengashidan esa sado chiqmasa...

Shokir Sharipov,
Islombek Umaraliyev,
Kun.uz.

Tasvirchi – Abduqodir To‘lqinov.

Mavzuga oid