Jahon | 16:29 / 21.06.2021
28459
9 daqiqa o‘qiladi

Armaniston: Kutilmagan g‘alaba. Barcha sobiq prezidentlar qatnashgan saylovda Pashinyan ustun keldi

20 iyun kuni Armanistonda parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi, unda 21ta partiya va to‘rt blok qatnashdi. Saylovda mamlakatning barcha sobiq prezidentlari, birinchi prezident, "Arman milliy kongressi" partiyasi rahbari Levon Ter-Petrosyan, undan keyingi prezidentlar Robert Kocharyan va Serj Sargsyan qatnashdi.

Armaniston bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Nikol Pashinyanning «Fuqarolik shartnomasi» partiyasi navbatdan tashqari o‘tkazilgan parlament saylovlarida g‘alaba qozondi. Armaniston MSK ma'lumotlariga ko‘ra, ovozlarning 100 foizi hisoblab chiqilganidan keyin , Pashinyanning partiyasi 53,92 foiz ovoz olgani ma'lum bo‘lgan, mamlakatning sobiq prezidenti Robert Kocharyanning «Armaniston» blokiga esa 21,04 foiz saylovchi ovoz bergan.

Armanistonning yana bir sobiq prezidenti Serj Sargsyan «Shon-sharaf» bloki 5,23 foiz ovoz to‘plagan.

Partiya uchun parlamentga o‘tish to‘sig‘i 5 foiz, bloklar uchun esa 7 foiz hisoblanadi.

Saylovoldi kampaniyasi qizg‘in kechgani elektoratni ham faollashtirdi va armanistonliklarning siyosatchilardan hafsalasi pir bo‘lgani haqida gapirib kelgan ekspertlarning kutganidan farqli o‘laroq, saylovda davomat yetarlicha yuqori bo‘ldi. Armaniston Markaziy saylov komissiyasi ma'lumotiga ko‘ra, ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan saylovchilarning qariyb 50 foizi saylov uchastkalariga kelgan.

Kutilmagan g‘alaba
Grigor Atanesyan, BBC korrespondenti, Yerevan

Bu Pashinyanning kutilmagan g‘alabasi bo‘ldi. Uning partiyasi saylovchilarning qariyb 54 foizi ovozini oldi va parlamentda ko‘pchilik o‘ringa ega bo‘ldi, bu esa unga hukumatni shakllantirish imkonini beradi.

Ekspertlar ham bunday natijani kutishmagandi - o‘tgan yilgi Qorabog‘ urushidagi mag‘lubiyatdan keyin Pashinyanning reytingi keskin pastlagan, ijtimoiy so‘rovlar ham uning partiyasi ancha kamtarroq natija qayd etishini ko‘rsatayotgandi.

Ammo ko‘pchilik Pashinyanga berilgan ovozlarni mamlakatni 20 yil mobaynida boshqargan va hozirgi saylovda muxolifatchi sifatida qatnashgan ikki sobiq prezidentga qarshi berilgan ovozlar deb hisoblamoqda.

Bu saylovlar natijasi shuni ko‘rsatmoqdaki, odamlar avvalgi rejim qaytishini istashmaydi.

Ammo poytaxt Yerevanda Pashinyanning partiyasi 50 foizdan kamroq ovoz oldi - bu esa elita qatlamining hokimiyatdan ko‘ngli qolgani ifodasidir. Diplomatlar, davlat xizmatchilari, harbiylar va huquq-tartibot organlari vakillari bosh vazirning muvaffaqiyatsiz siyosatini tanqid qilishmoqda, ziyolilarni esa uning balandparvoz shiorlarga va ko‘chalardagi aksiyalarga tayanadigan populistlarcha uslubidan zada bo‘lishgan.

O‘z partiyasi g‘alabasi haqida e'lon qilarkan, Pashinyan milliy birlikka intilishga va'da berdi. Bu esa bugungi Armaniston jamiyatida oson ish emas, qutblashuv juda yuqori darajada. Hokimiyatga intilayotgan barcha tomonlar bir-birini haqoratlamoqda, bosh vazirning o‘zi esa mitinglarda bolg‘asini sermab, muxoliflariga tahdid soldi.

Sobiq prezident Kocharyanning muxolifatdagi bloki saylov vaqtida keng ko‘lamli qoidabuzarliklar va soxtalashtirishlar haqida ma'lum qilmoqda. Uning saylovoldi shtabi Konstitutsion sud orqali saylov natijalari bo‘yicha bahslashishga urinishi kutilmoqda.

Ammo bu oson bo‘lmaydi, xalqaro kuzatuvchilar, shu jumladan, Rossiya Davlat dumasi, MDH va KXShT missiyalari yakshanba kungi saylovlarda jiddiy qoidabuzarliklar qayd etishmagan va saylovga yuqori baho berishgan.

Qoidabuzarliklar bo‘lganmi yoki yo‘q?
Armanistonning sobiq prezidenti Robert Kocharyan boshqaruvidagi «Armaniston» bloki saylov natijalarini tan olmasligini bildirgan.

«Saylovning MSK tomonidan e'lon qilingan natijalari bahsli va ishonchsiz. Bu natijalar so‘nggi sakkiz oyda kuzatilgan jamiyat hayotidagi jarayonlarga mos emas. Saylovoldi kampaniyasi davrida muxolifat kuchlarining ko‘p ming kishilik mitinglari, hukumatdagilarning kam sonli tadbirlari, ishonchsizlik inqirozi mamlakatdagi aslida butunlay boshqacha kayfiyat mavjudligini ko‘rsatadi», deyiladi blok bayonotida.

Bayonotda muayyan misollar keltirilmagan: gap «alyans rahbariyatiga nisbatan haqoratlar va nafrat aks etgan materiallar» haqida ketadi.

Yerevan bo‘ylab chindan ham kimdir Kocharyan qo‘li qonga belangan holda tasvirlangan varaqalar tarqatgan, ammo shu kabi aksiyalar muxolifatchilar tomonidan ham o‘tkazilgan.

Sobiq prezident Serj Sargsyanning «Shon-sharaf» bloki ham ayblovlarga qo‘shilib, amaldagi hukumatni saylovchilarga bosim o‘tkazishda aybladi.

Norozi partiyalar asosan to‘g‘ridan to‘g‘ri ovoz berish jarayoni bilan bog‘liq bo‘lmagan holatlarni tilga olishmoqda. Masalan, saylov kuni poytaxtdan 200 km masofadagi Sisian shahrida «Armaniston» blokining markaziy shtabida politsiya tomonidan tintuv o‘tkazilgani ma'lum qilingan. Tintuvdan maqsad hozirgacha ma'lum emas.

Boshqa bir ayblov go‘yoki harbiy xizmatchilar majburan saylov uchastkalariga olib borilgani haqida: muxolifat harbiylar uyushgan holatda uchastkalarga keltirilganidan shunday xulosa qilmoqda. Mamlakat mudofaa vazirligi bunga munosabat bildirib, harbiy xizmatchilar xizmat taqozosi tufayli doimo shunday holatda ovoz berishlarini bildirgan.

Armanistondagi saylovlarni sakkiz xorijiy tashkilotdan jami 483 nafar xorijiy kuzatuvchi kuzatib bordi. Ularning hech biri jiddiy qoidabuzarliklar haqida xabar berishmagan.

Rossiyalik kuzatuvchilar ham yuqori davomat kuzatilganini qayd etib, tizimli muammolarga duch kelinmaganini bildirishgan.

«Sputnik Armeniya» xabariga ko‘ra, RF Davlat dumasi missiyasi rahbari Viktor Volodatskiy faqat kichik muammolar kuzatilganini aytib o‘tgan.

Parlamentdagi muxolifat vakili, «Farovon Armaniston» partiyasi yetakchisi Edmon Marukyan BBC rus xizmati bilan suhbatda, saylovlar kunida jiddiy qoidabuzarliklarga dalil ko‘rmaganini ma'lum qilgan.

«Barchasi tinch kechdi, hech qanday tartibsizliklar bo‘lmadi, natijalarni [e'lon qilinishini] kutyapmiz», degandi muxolifatchi.

Parlamentdagi o‘ng qarashlarni ifodalovchi «Mening qadamim» fraksiyasi deputati Mikael Zolyan ham ovoz berish jarayoniga ta'sir ko‘rsatgan jiddiy qonunbuzilishlarini ko‘rmaganini qayd etgan.

«Uchastkalarda ayrim qoidabuzarliklar kuzatilgani haqida ma'lumotlar bo‘ldi, masalan, odamlarga uchinchi byulleten berilmagan. Avvalgi kunlarda saylovchilar ovozini sotib olishga harakatlar haqida xabarlar chiqqandi. Ammo politsiya tezda reaksiya qilgan, umid qilamanki, bular natijalarga ta'sir ko‘rsatmagan», deydi u.

Davomat yuqori bo‘lishi ham muxolifatga naf bermadi
Ko‘plab ekspertlar saylov boshlanishidan ancha oldinroq saylovchilar ovoz berishga u qadar katta qiziqish bildirmasligi va yakunda saylov uchastkalarida davomat juda past bo‘lishini taxmin qilishgandi. Ammo ovoz berish boshlangach dastlabki uch soatda davomat avvalgi saylovlarning shu vaqtidagi ko‘rsatkichlaridan oshib ketdi.

Ekspertlar saylovda davomat past bo‘lishi Pashinyanning foydasiga xizmat qilishini aytishgandi. Amalda esa prognozlar o‘zini oqlamadi.

Muxolifat vakili Edmon Marukyan poytaxtda ovoz beruvchilar bu qadar faol bo‘lishini kutmaganini tan olgan.

«Yerevanda davomat juda yuqori bo‘ldi, regionlarda esa passivlik kuzatildi», deydi u.

Marukyan kuchlarning bunday taqsimotida muxolifatning parlamentdagi imkoniyatlari haqida aniq gap ayta olmagan: «Aytish juda qiyin. Oldindan ko‘rish qiyin. Keyinroq bilib olamiz».

Mikael Zolyan esa davomat yuqori bo‘lganidan hayratda emas: «Ko‘p vaqtdan buyon ilk marta natijalar qanday chiqishi tushunarsiz edi. Kim g‘alaba qozonishigina emas, parlamentga qancha partiya o‘tishi ham mavhum edi. Va bular barchasi urushdan keyin - armanlarni shok holatiga tushirgan voqealardan keyin bo‘lmoqda. Odamlar o‘z pozitsiyalarini bildirishni istashdi».

Yakshanba kungi ovoz berish jarayonida davomat yuqori bo‘lgan hududlar muxolif kayfiyat yuqori bo‘lgan hududlar edi.

Xususan, bu Tog‘li Qorabog‘ bilan chegaradosh Syunik regioni. Aprelda Pashinyanning bu yerga kelishi namoyishlar keltirib chiqargandi. Mahalliy aholi bosh vazirni sotqin deb atab, yo‘llarni to‘sib tashlagandi.

Natijada o‘nlab kishilar qo‘lga olingan. Norozilik aksiyalarida mahalliy boshqaruv organlari vakillari ham ishtirok etgandi.

Mavzuga oid