Sloveniya: Ikki asrdan beri shaharlashish jarayonidan himoya qilinayotgan park (foto)
Lyublyana – yashil shahar. UzbekLife uchun mazkur maqola orqali shaharning o‘ziga xosligi, xususan yashil tabiati haqida ma'lumot bermoqchiman.
Sloveniyaning poytaxti bo‘lgan ushbu shaharda deyarli barcha ko‘chalar chetida daraxtlar tizilib turadi, shahardagi aksariyat devorlar, binolar va uylarni ham manzarali o‘simliklar qoplaganini ko‘rish mumkin.
Shuningdek, insonlar tabiatdan bahra olishi uchun shahar markazida Tivoli park bunyod etilgan (1813 yil).
Parkning hududi 5 kilometr kvadratdan ortiqroq. Lyublyana kabi kichik shahar uchun (163,8 kilometr kvadrat) bu ancha katta park hisoblanadi. 1984 yilda ushbu parkni shaharlashishdan saqlash, undagi bioxilma-xillikni asrash maqsadida shahar hokimiyati uni «Alohida e'tibordagi tabiiy obekt» sifatida e'lon qiladi va shu tarzda hukumat himoyasiga olinadi. 2015 yilda esa shahar hokimiyati park, undagi bir qancha tabiiy qadriyatlar, hayvonlarni asrashga qaratilgan yangi tartib-qoidalarni tuzib chiqadi.
Parkda nimalar qilish mumkin?
Parkka kirish bepul bo‘lib, unda ko‘plab mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanishingiz mumkin. Quyida ularning ayrimlariga to‘xtalib o‘tamiz.
1. Piknik. Parkda keng maysazorlar mavjud. U yerda oilangiz yoki do‘stlaringiz bilan piknik qilishingiz mumkin.
2. Dars qilish. Parkda maxsus partalar ham joylashtirilgan. Ko‘pincha talabalar kompyuterlarini olib kelib, shu partalarda dars qilib o‘tiradi. Maysazorlar ustida ham kitob o‘qib o‘tirgan yoshlarni tez-tez uchratish mumkin.
3. Piyoda sayr. Park piyoda sayr qilishga mo‘ljallangan yo‘laklar, shuningdek, o‘rmonzor hududga ega. Yo‘laklar yoki o‘rmonzor bo‘ylab sayr qilishingiz, daraxtlar, o‘simliklar, qushlar hamda hayvonlarni tomosha qilishingiz mumkin.
4. Velosipedda uchish. Parkda velosipedda uchish uchun maxsus yo‘laklar qurilgan. Mazkur maxsus yo‘laklardan tashqari o‘rmon ichida ham velosipedda sayr qilib yurganlarni uchratishingiz mumkin.
5. Bolalar maydonchasi. Parkda turli ko‘ngilochar sharoitlarga ega bolalar maydonchasi bor. Bolali oilalar farzandlarini maydonchaga olib kelishlari uchun sharoitlar yaratilgan.
6. Tamaddi qilish. Park ichida bir qancha tamaddixonalar ham bor. Istasangiz, tanishlaringiz bilan kelib tamaddi qilishingiz mumkin. Bundan tashqari park ichida bir nechta muzqaymoqxonalar ham mavjud.
7. Tennis o‘ynash. Park 12 ta tennis kortiga ega. Kortlarda maxsus murabbiylar tennisdan saboq ham beradi.
8. Shu bilan birga, parkda yugurish va boshqa erkin mashqlar bilan shug‘ullanish uchun tashrif buyuruvchilar ham ko‘p.
9. Bundan tashqari park hududida joylashgan bir qancha tarixiy binolar (Tivoli qasri – XVII asr, Sekin saroyi – XVII asr, Tivoli-holl –XX asr) haykallar, obektlarni ham tomosha qilsangiz bo‘ladi.
Biz Lyublyanada yashagan vaqtimiz uyimiz shundoqqina park yonida edi, parkkacha 7-8 daqiqalik yo‘l edi. Deyarli har hafta parkka aylangani chiqar, har safar turli yo‘llardan yurar va turli obektlarni ko‘rardik.
Parkdagi bahaybat, yo‘g‘on daraxtlarni ko‘rib Toshkentda ayovsiz chopib tashlanayotgan daraxtlar xayolimdan o‘tardi…
Maqsud Salomov,
UzbekLife kolumnisti
Mavzuga oid
09:20 / 22.10.2024
Sloveniyada Ikkinchi jahon urushidan qolgan yirik bomba zararsizlantirildi
09:47 / 02.08.2024
Ozarboyjon Sloveniyaga gaz yetkazib berishni boshladi
22:30 / 31.07.2024
Sloveniyada rossiyalik ikki josusga hukm o‘qildi
22:18 / 21.06.2024