O‘zbekiston | 08:42 / 29.06.2021
1805
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda yilning o‘tgan muddatida 32 kishi avtohalokatdan vafot etgan

2021 yilning o‘tgan davrida viloyat hududida 97ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan. Oqibatda 78 kishi jarohatlangan, 32 kishi esa vafot etgan. Bu haqda Kun.uz'ga Navoiy viloyati IIB YXHB axborot xizmati xabar berdi.

Ushbu avtohalokatlarning 21 tasiga tezlikni oshirish, 6 tasiga mashinani mast holatda boshqarish, 3 tasiga boshqaruv paytida uxlab qolish, 5 tasiga qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketish, 12 tasiga piyodaga yo‘l bermaslik, 3 tasiga svetofor ishoralariga amal qilmaslik sabab bo‘lgan. 7 ta avtohalokat esa bevosita piyodalarning aybi bilan yuzaga kelganligi aniqlangan. 

«Afsuski, tezlikni oshirish, piyodalarga yo‘l bermaslik, velosipedchi va piyodalarning yo‘l harakati qoidalariga rioya etmaslik holatlari ko‘p uchrayapti. Shu sababli, hududlarda tushuntirish ishlari olib borilib, velosipedchilarga 750 dona nur qaytaruvchi nimchalar, 5 120 dona buklet va 3 150 dona eslatma tarqatildi», — deydi Navoiy viloyati IIB YXHB axborot xizmati rahbari Farruh Yakubov.

2021 yil 27 iyun kuni Navoiyda uxlab qolgan haydovchi sodir etgan YTHda uning o‘zi va otasi vafot etgandi.

Mavzuga oid