O‘zbekiston | 13:00 / 29.06.2021
3063
2 daqiqa o‘qiladi

Shumanayda hokimlikning 2 mutasaddisi hokim qarorini qalbakilashtirdi

Shumanay tumani prokuraturasi qishloq xo‘jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanishga qaratilgan qonunchilik ijrosini o‘rgangan. Ushbu jarayonda qator qonunbuzilish holatlari aniqlangan.

Yer resurslari va ko‘chmas mulk kadastri tuman filiali boshlig‘i lavozimida ishlagan B.Allamuratov xizmat vazifasidan g‘araz maqsadda foydalangani ayon bo‘lgan.

Allamuratov tuman qurilish bo‘limi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi K.Otamuratov bilan til biriktirib, hokim qarori va boshqa rasmiy hujjatlarni qalbakilashtirgan hamda Q.Mambetmuratov ismli fuqaroga yer fondi zaxirasidagi 0,04 gektar maydonni uy qurish uchun olib berishini va'da qilgan. Qalbaki qurilish pasportini tayyorlab berish evaziga undan 2,5 mln so‘m pulni olib, 1 mln so‘mini o‘ziga qoldirgan va qolganini K.Otamuratovga bergan.

K.Otamuratov esa tanishi A.Matirzayev bilan til biriktiradi va yuqorida qayd etilgan usulda unga tuman yer fondi zaxirasidagi 0,04 gektar maydondan uy qurish uchun qalbaki qurilish pasportini tayyorlab beradi.

Bu harakatlari uchun ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, sud tomonidan jazo choralari tayinlangan.

Kun.uz muxbiri vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Shumanay tumani hokimligi matbuot xizmati bilan bog‘landi. Hokimlik mutasaddilarning hozirgi faoliyati, ularga tayinlangan jazo chorasi haqidagi savollar ochiqligicha qoldi.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin Qoraqalpog‘istonda mansabdorlarning korrupsion holat bilan bog‘liq jinoyatlar soni ma'lum qilingandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid