O‘zbekiston | 12:10 / 30.06.2021
6478
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda AKTga ixtisoslashgan universitet tashkil etildi 

Hukumat qarori bilan Jizzax shahrida “Sambhram” universiteti tashkil etildi.

Adliya vazirligi xabariga ko‘ra, “Sambhram” universiteti (Hindiston) nodavlat oliy ta'lim tashkiloti hisoblanadi.

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida oliy ma'lumotli kadrlarni tayyorlash universitetning asosiy vazifa va faoliyat yo‘nalishlaridan biridir.

Universitetda o‘qitish kunduzgi ta'lim shaklida ingliz, rus tillari va davlat tilida to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi. 

Bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklariga qabul parametrlari universitet tomonidan belgilanadi. 

Universitet bitiruvchilariga O‘zbekiston va Hindistonda oliy ta'lim to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan diplom beriladi.

Qarorga ko‘ra, Universitetga har yili qabul qilinadigan talabalarning 20 foizini o‘qitish uchun imtiyozli ta'lim grantlari ajratiladi. Bunda talabalarning 5 foizini bepul o‘qitish, 5 foiziga 50 foizli, 10 foiziga 25 foizli to‘lov-kontrakt miqdorini to‘lab berish bo‘yicha imtiyozlar taqdim etiladi.

Mavzuga oid