O‘zbekiston | 11:41 / 01.07.2021
5133
2 daqiqa o‘qiladi

Bosh prokuratura huzurida Xavflarni baholash markazi tashkil etildi

Foto: Ramiz Baxtiyarov

Prezident farmoni bilan O‘zbekistonning jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish milliy tizimini rivojlantirish strategiyasi tasdiqlandi.

Farmonga ko‘ra, har uch yilda bir marta milliy darajada jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirish bilan bog‘liq tavakkalchiliklar baholanadi.

2022 yilda xalqaro tashkilotlar vakillari, xorijiy davlatlar mutaxassislari hamda sohadagi yetakchi olimlar ishtirokida “Jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirish: zamonaviy tahdidlar va ularga qarshi kurashishning dolzarb masalalari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkaziladi.

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining axborotni to‘plash va unga ishlov berish bo‘limi negizida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Xavflarni baholash markazi tashkil etildi.

Pul mablag‘lari va boshqa mol-mulk bilan bog‘liq shubhali operatsiyalarni tahlil qilish orqali jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirish holatlarini o‘z vaqtida aniqlash markazning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi. 

Shuningdek, yangi tahrirdagi “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqiladi.

Mavzuga oid