Jahon | 21:09 / 01.07.2021
8210
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniya Afg‘onistondagi harbiy amaliyotiga yakun yasadi

Germaniya mudofaa vaziri Annegret Kramp-Karrenbauer ARD telekanaliga bergan intervyusida mamlakatning Afg‘onistondagi harbiy amaliyotdagi ishtirokiga yakun yasadi. Bundesver bo‘linmalari Afg‘onistonga 2001 yil dekabrda 11 sentyabrdagi teraktdan keyin yuborilgandi.

Foto: DPA

Kramp-Karrenbauerning ma'lum qilishicha, Afg‘onistonda 20 yil davom etgan harbiy amaliyotda 150 mingga yaqin nemis harbiysi ishtirok etgan. Ular asosan Hindukushda joylashgan. Amaliyot davomida 59 nemis harbiysi halok bo‘lgan.       

«Biz Afg‘onistondan Yevropa namunasidagi davlatni yarata olamiz deb xato o‘ylagan ekanmiz», deb aytgan Germaniya mudofaa vaziri.

U Afg‘onistondagi harbiy kampaniyaga yakun yasar ekan, bo‘lg‘usi xalqaro amaliyotlarni o‘tkazishda «real siyosiy maqsadlar»ni o‘z oldiga qo‘yish muhim ekanini ta'kidlab o‘tgan.

Vazirning aytishicha, Germaniya NATO bo‘yicha ittifoqdoshlar bilan birga Afg‘onistonga yordam berishni davom ettirish yo‘llarini izlamoqda. «Afg‘onistonda harbiy amaliyotimiz yakunlanayotgan bo‘lsa-da, biz Afg‘oniston tomonda qolishimiz lozim. Misol uchun, biz tinch aholini qo‘llab-quvvatlashimiz mumkin», deb qo‘shimcha qilgan vazir. Uning ta'kidlashicha, hozirda NATOda Afg‘oniston armiyasini kelgusida qanday qo‘llab-quvvatlash mumkinligi haqida muzokaralar bormoqda. 

Nemis harbiylarining oxirgi guruhi Afg‘onistonni 30 iyunda tark etdi. Germaniya mudofaa vaziri qo‘shinlarning mintaqadan olib chiqilishini «muhim tarixiy voqea» deb atadi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid