O‘zbekiston | 09:09 / 03.07.2021
1749
2 daqiqa o‘qiladi

404 million so‘mlik televizorlarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi

“Porter” hamda “Kobalt” avtomashinalariga yashirilgan televizorlar to‘xtatib qolindi. Bu haqda Farg‘ona viloyat bojxona boshqarmasi axborot xizmati ma'lum qilmoqda. 

Ma'lum bo‘lishicha, Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlari tomonidan olingan tezkor ma'lumotlarga asosan o‘tkazilgan tadbir davomida viloyatning chegaraoldi hududidan “Chust-Buvayda” yo‘nalishida harakatlanayotgan “Porter” hamda “Kobalt” rusumli avtomashinalar kuzatuvga olingan. Avtoulovlar Buvayda tumanidagi xonadonlarning biriga kirgan vaqtida to‘xtatish choralari ko‘rilgan paytda avtomashina haydovchilari voqea joyidan qochib yashiringan.
 
Ushbu avtoulovlar xonadon egasi E.D. va xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida “Porter” avtomashinasi yukxonasida qiymati 165 million so‘mlik 99 dona hamda “Kobalt” avtomashinasida 44 million so‘mlik 26 dona televizor borligi aniqlangan.

Shu bilan birga, ushbu avtomashinalar kirib to‘xtagan xonadonda ham qiymati 196 million so‘mlik 126 dona televizor saqlanayotgani aniqlangan.

O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida dastlabki qiymati 404 million so‘mlik jami 241 dona xorijda ishlab chiqarilgan, bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tganini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan hamda tegishli markirovka bilan markirovkalanmagan televizorlar borligi aniqlangan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq, “Log‘on — Marg‘ilon” yo‘nalishida 121 million so‘mlik oyoq kiyimlarning noqonuniy olib kirilishiga chek qo‘yilgani haqida xabar berilgan edi.

Mavzuga oid