O‘zbekiston | 17:38 / 06.07.2021
21762
3 daqiqa o‘qiladi

“Odamlarning ommaviy VPN ishlatishi davlatning ziyoniga ishlaydi” - ekspert

O‘zbekistonda ijtimoiy tarmoqlar yana bloklanishi ortidan VPN'dan foydalanuvchilar ko‘paya boshladi. Axborot xavfsizligi bo‘yicha mutaxassis Anvar Narzullayevga ko‘ra, davlat VPN tufayli yuzaga keladigan xavflarni hisobga olishi kerak.

Anvar Narzullayev / Foto: Kun.uz

O‘zbekiston rasmiylari yirik internet kompaniyalardan O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiga oid ma'lumotlarni mamlakat hududiga olib kelishni talab qilmoqda. Bu talabni bajarmagani vaji bilan, 2 iyuldan boshlab Twitter, TikTok, Skype va Vkontakte tarmoqlari faoliyati cheklab qo‘yildi.

Natijada o‘zbekistonlik foydalanuvchilarning ushbu muammolarni chetlab o‘tish maqsadida ijtimoiy tarmoqlardan turli VPN ilovalar orqali foydalanish holatlari ko‘paymoqda.

O‘zbekistondan turib eng ko‘p yuklab olinayotgan Android ilovalar beshtaligida yuqori to‘rt o‘rinni VPN-ilovalar egallab turibdi. Manba: App Annie mobil analitika servisi

Kun.uz bilan suhbatlashgan Universiti Sains Islam Malaysia oliygohining Axborot xavfsizligi kafedrasi yetakchi mutaxassisi, fan doktori Anvar Narzullayev VPN'dan foydalanish davlat va fuqarolar uchun zararlari haqida to‘xtalib o‘tgan edi.

“VPN serverlarni ishlatishning katta xavfi – shaxsiy ma'lumotlar emas, balki taqiqlangan veb-saytlarga kirishi oson bo‘lib qoladi.

Aslida internetda davlat rostan ham bloklashi kerak bo‘lgan narsalar bor. Masalan, pornografik, terroristik ma'lumotlar va qora bozor kabilar. Odamlar VPN'dan foydalanishni boshlagandan keyin bularning hammasi ochilib ketadi. Davlat mana shu tarafdan keladigan xavfni hisobga olishi kerak.

VPN ishlatish davlatning ziyoniga ishlaydi. Qolaversa, VPN ishlatgandan keyin sizning aloqangiz shifrlangan bo‘ladi, siz qaysi saytga kiryapsiz, umuman bilib bo‘lmaydi, natijada davlat buni nazorat qila olmay qoladi.

Ikkinchidan, bizda ko‘pincha bepul VPN serverdan foydalanishadi. Bilib olish kerakki, internetda bepul xizmat taklif qilinyaptimi, demak siz mahsulot bo‘lib xizmat qilyapsiz. Sizning ma'lumotlaringizdan istalgan yo‘lda foydalanishi, hatto, sizning o‘zingizga “shantaj” qilishi ham mumkin”, – deydi mutaxassis.

Mavzuga oid