Haiti prezidentiga hujum tafsilotlari ma'lum qilindi
Haiti prezidenti Jovenel Moizga hujumni 5 kishidan iborat guruh sodir etgan. Hujum oqibatida halok bo‘lgan Moizning tanasiga 12ta o‘q tekkan.
Juno7 mahalliy portalining xabar berishicha, Moiz 5,56 mm va 9 mm kalibrdagi qurollardan o‘qqa tutilgan. Haiti prezidentining jasadi “ayanchli holatda” topilgan. Ta'kidlanishicha, uning chap qulog‘i, peshonasi, qorni, o‘ng va chap oyog‘ida o‘q izlari bo‘lgan. Shuningdek, Moiz chap oyog‘i singan va chap ko‘zi o‘yilgan holda aniqlangan.
Shu bilan birga, uning tansoqchilaridan birortasiga hujum oqibatida zarar yetmagan. Moizning o‘ldirilishi ishi bilan shug‘ullanayotgan sudyaning ta'kidlashicha, qotillar Haiti prezidentining qarorgohida nimanidir izlashgan, chunki huquq-tartibot idoralari xodimlari u yerga yetib kelganda uy ostin-ustun qilingan holatda bo‘lgan. Shuningdek, prezident uyining ko‘plab xonalarida o‘q izlari bo‘lgan.
Ta'kidlanishicha, hujum qilgan shaxslar o‘zlari bilan qandaydir jomadonlarni olib ketishgan.
Moiz 7 iyulga o‘tar kechasi o‘z qarorgohiga uyushtirilgan hujum oqibatida halok bo‘ldi. Hujum vaqtida Moizning rafiqasi Martin Moiz og‘ir yaralangan. Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, unga hozirda Floridadagi shifoxonada tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Shuningdek, Moizning farzandlari mamlakatni tark etib, hozirda xorijda qolmoqda.
Avvalroq Moizga hujum qilgan ehtimoliy jinoyatchilardan 4 nafari o‘ldirilgani, 2 nafari qo‘lga olingani ma'lum qilingandi.
Moizga 2018 yil oktyabrda ham suiqasd amalga oshirilgan. O‘shanda Haiti asoschisi va milliy qahramoni Jan-Jak Dessalin o‘limining 212 yilligiga bag‘ishlangan marosimda Moiz o‘qqa tutilgan. Hujum oqibatida Haiti prezidentiga jiddiy zarar yetmagan va u xavfsiz joyga evakuatsiya qilingan.
Mavzuga oid
23:57 / 14.11.2024
Haitida bir kunda Amerikaning uchta yo‘lovchi samolyoti o‘qqa tutildi
21:37 / 21.08.2024
AQSh Haiti sobiq prezidentini giyohvand moddalar savdosida ayblab, unga sanksiyalar qo‘lladi
12:07 / 11.03.2024
XMT: Haiti poytaxti qamal holatida
18:46 / 09.03.2024