Jamiyat | 19:42 / 10.07.2021
45785
3 daqiqa o‘qiladi

73 yashar erkakka kuch ishlatgan IIB xodimlariga sud hukmi o‘qildi

Toshkent shahar IIBB Post-patrul xizmati xodimlari sud tomonidan 73 yoshli kishiga qarshi kuch ishlatganlikda aybdor deb topildi. Ularga nisbatan 2 yil muddatga ichki ishlar organlarida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda, 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

“Yoshlar” telekanali reportajida ma'lum qilinishicha, hodisa 2020 yil 5 dekabr kuni sodir bo‘lgan. Xizmat vazifasini o‘tayotgan PPX xodimlari uch nafar fuqaroni “mast bo‘lsa kerak” degan gumonda to‘xtatadi. Biroq, ta'kidlanishicha, bu fuqarolar atrofdagilar hayoti yoki xavfsizligi uchun xavf soluvchi hech qanday xatti-harakat sodir etishmagan.

Shunga qaramay, IIB xodimlari ular bilan qo‘pol munosabatda bo‘lishgan. Go‘yoki, tuman IIBda tibbiyot xodimlari borligi haqida yolg‘on gapirib, ularni tuman IIB binosiga olib bormoqchi bo‘lishgan. Biroq 73 yoshli fuqaro xodimlarga qarshilik ko‘rsatgan. IIB xodimlari qasddan kuch ishlatib, fuqaroni avtomashinaga o‘tkazmoqchi bo‘lishganida, unga og‘ir tan jarohati yetkazishgan.

“Ratsiya orqali PPX xodimlariga svetofor oldida mast holatdagi noma'lum fuqarolar turgani haqida xabar kelgan. Shundan so‘ng xodimlar aytilgan joyga borib, ushbu fuqarolarni yonlariga chaqirib gaplashishgan. O‘rtada bahs kelib chiqqan. 73 yoshdagi fuqaro mashinaga suyanib turgan vaqtda ichki ishlar xodimlaridan biri kelib, uning oyog‘idan ko‘tarib, mashinaga o‘tirg‘izmoqchi bo‘lganda mijozim boshi bilan mashinaga qattiq zarb bilan urilib, tan jarohati olgan”, – deydi jabrlanuvchining advokati Nigora Tojiboyeva.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Yunusobod tuman sudi tomonidan ushbu jarayonda ishtirok etgan IIB xodimlarini Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismining «k» bandi (Bir guruh shaxslar tomonidan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) va 206-moddasi 1-qismi (Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) bo‘yicha aybdor deb topildi.

Aybdorlarga Jinoyat kodeksining 45-moddasini (Muayyan huquqdan mahrum qilish) qo‘llagan holda, 9-moddasi (Ayb uchun javobgarlik prinsipi) tartibida tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan, 2 yil muddatga ichki ishlar organlari tizimida ishlash huquqidan mahrum qilib, 5 yil muddatga ozodlikdan cheklash jazosi tayinlandi.

Eslatib o‘tamiz, 11 iyun kuni Kattaqo‘rg‘onda tuman DSI boshlig‘i o‘rinbosari ichki ishlar xodimlari bilan bo‘lgan ziddiyat vaqtida vafot etgan edi. Mazkur holat yuzasidan Kattaqo‘rg‘on tumani prokuraturasi tomonidan JKning 206-moddasi 1-qismi (Mansab vakolatidan chetga chiqish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Shuningdek, 19 iyun kuni Urganch tumani Yuqoribog‘ qishlog‘ida yashovchi Islom Rajabov xonadonida saqlanayotgan 30 tonna bug‘doyni reyderlik yo‘li bilan tortib olib ketgan, bu jarayonda fuqarolarga nisbatan kuch ishlatgan IIB xodimlari xatti-harakatlariga huquqiy baho berish maqsadida Urganch tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.

Mavzuga oid