O‘zbekiston | 23:22 / 13.07.2021
6478
3 daqiqa o‘qiladi

Ekoqo‘mita daraxtlarni himoyalash uchun dronlardan foydalana boshlaydi

O‘zbekistonda o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlarning elektron bazasi yaratiladi. Bazani yaratishda dronlardan foydalaniladi. Bu haqda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Islombek Boqijonov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda ma'lum qildi.

Elektron baza haqida

— Ekologiya qo‘mitasi 1 oy avval uchuvchisiz uchiriladigan qurilma (dron) xarid qildi. Apparatni olib kelishimizga 3 oy vaqt ketdi. Qurilmani ilk bor Bo‘stonliq tumanida sinab ko‘rdik. Dastlabki parvoz 45 kilometr masofaga teng bo‘ldi. Biz kelgusida daraxtlar xatlovini shu qurilma yordamida bajarib, ishga tushirmoqchi bo‘layotganimiz onlayn platformaga ana shu ma'lumotlarni joylaymiz.

Hozirgi test parvoz natijalarini endi tahlil qilamiz: nechta daraxt, nechta hayvonni suratga olgan.

Bu – tez bo‘ladigan jarayon emas. Joriy yil yakunigacha qisman bo‘lsa-da xatlovni amalga oshirishga harakat qilamiz. Chunki ko‘lami katta bu ishning. Birgina Bo‘stonliq tumanida chamasi 500 ming gektar hudud. Buni samodan tasvirga olish va keyin ushbu lavhalarni tahlil qilib chiqish uchun ko‘p vaqt ketadi.

Darvoqe, biz faqat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalar xatlovini amalga oshiramiz.

Dron orqali xatlovni nega Toshkent shahridan boshlash mumkin emas?

— Bu borada bir qator to‘siqlar bor. Bu qurilmani uchirish uchun aviatsiya markazidan ruxsat olish kerak. Shahar uzra uchish mumkin bo‘lmagan hududlar bor, masalan, “monetniy dvor”, aeroport, harbiy hududlar va hokazo. Aynan pul chiqaradigan zavod tufayli biz Botanika bog‘i ustidan dronni uchira olmadik.

Biz Aviatsiya markazi bilan hamkorlik qilib, ehtimol, qurilmani ularga berarmiz, o‘zlari uchirib, bizga ma'lumotlarni taqdim etishar.

Qurilish maydonlaridagi daraxt kesishlar haqida

— Qurilish maydonlarida daraxtlarni kesishga va ko‘chirishga ruxsat yo‘q. Moratoriy bor. Hech kim ruxsat ololmayapti. Reyderlik bilan kesayotganlarni esa ushlayapmiz, jazolayapmiz. Jamoatchilik ham bizga bu borada katta yordam beryapti.

Ekopartiya vakili va jurnalistni G‘afur G‘ulom nomidagi bog‘ga kiritishmagani haqida

— Men o‘sha vaqt xizmat safarida edim. Agar bizdan yordam so‘rashganida, bu muammo bo‘lmasdi. Aynan dronni park uzra uchirib, kerakli ma'lumotlarni olish mumkin edi. Hozir ham biz bunga shaymiz. Keling, Kun.uz bilan birgalikda shu ishni amalga oshiramiz.

Bobur Akmalov suhbatlashdi.

Mavzuga oid