“Sudlashib, Toshkentdagi mingdan ziyod daraxtlarni asrab qolganmiz” - ekofaol Alisher Nasimov
“Toza havodan nafas olish – sizning huquqingiz, uni olib qo‘yishga hech kimning haqqi yo‘q”, deydi ekofaol Alisher Nasimov. U daraxtzorlar o‘rni qurilishga berib yuborilgan holatlar bo‘yicha aholiga huquqiy yordam berib kelmoqda. Jamoatchilik faoli Kun.uz bilan suhbatda ekologiyaga zid yer ajratishlar va daraxtkesarlik uchun javobgarlik choralarining ta’siri yo‘qligi haqida so‘zlab berdi.
“Sudlarda kurashib, daraxtzorlarni asrab qolyapmiz”
— Toshkentda 54 yildan beri yashab kelaman, muhandisman, qurilish institutini bitirganman. Hozir tadbirkorlik bilan shug‘ullanaman. 20 yilcha ilgari “Ekologiya xabarnomasi” jurnalida ishlaganman. Tabiatga bo‘lgan mehrim oshsa oshdiki, kamaymadi.
Ko‘p ijtimoiy tarmoqlarda odamlar daraxtlarni saqlab qolishda yordam so‘rab yozadi. O‘zimga o‘xshagan ekofaollar juda kam. Ancha joylarni asrab qoldik. Chilonzordagi 11-mavzeda 300 ta, Uchtepada 1000 ta, Yunusobod 11-mavzeda 150 taga yaqin daraxtni asrab qolganmiz. 50 yillik daraxtzor, ko‘rsangiz qorong‘i deb o‘ylaysiz. Biz daraxt ekishga emas, ko‘proq borlarini asrab qolishga harakat qilamiz.
Toza havodan nafas olish haqqingiz, uni olib qo‘yishga hech kimning haqqi yo‘q. Nafas olish uchun ham pul to‘laymiz, degan narsaga borib qolmaylik. Organlarda ishlaydigan odamlar ham biz bilan birga shu havodan nafas oladi. Shu daraxtlarni kesishga ruxsat bersa yoki kessa, o‘zi o‘tirgan shoxni kesgan bo‘ladi.
“Yer ajratishdan oldin ekologik o‘rganishlar o‘tkazilmayapti”
— Oxirgi paytlarda juda ko‘p daraxtlarning ildiz qismini asfalt qilishyapti, bunda daraxtlar 4-5 yilda nobud bo‘lib ketadi. Chunki ularga tabiatdan, atmosferadan va yerdan kerakli mikroelementlarni olishda to‘silgan betonlar to‘sqinlik qiladi. Shuning uchun ko‘p joylarda daraxtlarni arralash holatlari bor. Bizga bu borada murojaatlar keladi va biz qo‘ldan kelgancha daraxtlarni asfaltdan bo‘shatamiz, 50-60 sm kvadrat doira shaklida bo‘shatishga harakat qilamiz.
Yunusobod, Shayxontohur, Uchtepa, Chilonzor tumanlarida ishladik. Asosiy ishlarim Yunusobod va Uchtepa tumanida bo‘ldi. Mahalliy hokimliklar o‘rganmasdan turib, joyiga chiqmagan holda “ma, senga yer” deb, auksionga chiqarvorgan, sotib yuborgan. Hokim qaror qabul qilishdan oldin ekologik ekspertizasi qonuniga asosan ekologik ekspertiza o‘tkazishi kerak.
Joyiga chiqib, daraxtlarning yoshiga qarab masofa saqlash qoidalari bor. Hech qanaqa tadbirlar o‘tkazmay qurilishlarga ruxsatnoma berilgan, bu odamlarning noroziligiga olib kelyapti. Odamlar hokimiyat yoki boshqa organlarga murojaat bilan chiqadi, lekin ular qarorlarni bekor qilib, odamlarga yondashib, sudga ariza kiritishga harakat qilmaydi. Men bu borada ko‘p bora odamlarga yordam beraman, men ishni faqat sud bilan hal qilish kerak deyman.
50 yillik daraxtni ko‘chirib o‘tqazib bo‘lmaydi, 100 foiz kafolat yo‘q u daraxt yashab ketishiga. Ekologiya hozir bunga e’tibor berib, katta daraxtlarni ko‘chirishga ruxsat bermayapti. Yer kodeksining 66-moddasi bor, daraxtzorlarni egallagan yer maydonlarida qurilishga ruxsat berilmaydi. Chunki sal nariroqni kovlasangiz ham daraxtning ildizi shu yergacha kelgan bo‘lishi mumkin, bu daraxt qurib ketishiga olib keladi.
“Qimmat daraxtmi, oddiymi – qonunda hammasining maqomi teng bo‘lishi kerak”
— Ko‘p joylarda daraxtlar kesilyapti. Bir necha kun oldin Yashnobod tumani Mashinasozlar mahallasidan yordam so‘rab chiqishdi, borsam allaqachon 4-5 ta daraxtlar kesilgan. Qizil kitobga yoki qimmatbaho daraxtlar fondiga kiritilgan daraxtlar kesilgan. Bu juda ham vahshiylik...
O‘tgan yili Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga javobgarlikni kuchaytirishni so‘rab murojaat qildim. Hozirgi qarorlarda qimmatbaho daraxtlar deb alohida ajratib ko‘rsatilgan, lekin shart emas, daraxt qimmatbahomi, yoki oddiyligi, hammasi bi xil kislorod beradi. Shu qimmatbaho degan joyini olib tashlanglar, hamma kesilgan daraxtlar uchun javobgarlik qattiq bo‘lsin. Quruvchilar keladi-da, ikkita daraxt bor ekan, kesib tashlab, jarimasini to‘lab, sotilgan kvartiralardan pulini chiqarib olamiz, deydi. Bu narsa ularni to‘xtatmaydi. Jinoiy javobgarlikni kuchaytirib, 3-5 yil qamoq jazosi belgilansa, arzimagan narsa uchun qamalib ketmay deb o‘ylab ko‘radi.
Quruvchi firmalar ko‘pincha ko‘chadan odam topib keladi-da, sen bo‘yninga ol, deydi. Men hali birorta firmaga protokol qilinganini ko‘rganim yo‘q. Hammasi Toshkentda bo‘layotgan narsalar. Ularda tabiatni asrash, tabiatga mehr berish degan narsalar yo‘q, hammasining mehri pulga.
“Dardingni kimga aytishni bilmaysan, yuraging og‘riydi”
— Berkitadigan narsa yo‘q, fikrimni bildiraman, ekologik partiyani tozalab, astoydil ishlaydigan odamlarni qo‘yish kerak. O‘zim tashabbus bildirib, bir nechta masalalar yuzasidan javobgarlikni kuchaytirish borasida murojaat qilib javob ololmadim. Partiya jim. Deputatlar kelib suhbat qilishdi, lekin vektorni boshqa tomonga burishga harakat qilishdi.
O‘tgan yildan boshlab sobiq vaksina instituti bor edi, o‘shaning hududida 200 dan ziyod daraxt kesilib ketgan. O‘rnida “Hills Blue” qurilyapti. Shu masala bilan ularga chiqdim, prokuturaga chiqdim, javob yo‘q. Google Maps'ga qarasangiz, bu yer 2023 yilda qanday bo‘lgan-u, hozir qanday...
Dardingni kimga aytishni bilmaysan, yuraging og‘riydi. Har biri 50 yillik daraxtlar ular. O‘sha yerda yashab yurgan odamlar daraxtlardan nafas oladi. Bundan tashqari, shahar atrofida issiqxonalar juda ko‘p. Toshkent tumaniga chiqqanimizda aholi bilan reyd qilganmiz. Bitta issiqxonaga chiqqanimizda tushunarsiz materiallarni maydalab, pechda yoqishgan. Bir metr uzoqdan nariroqda hech narsa ko‘rinmaydi, shunchalik tutun bo‘lib ketgan. Ekologiyani chaqirdik, o‘lchab jarima yozib ketdi. Bir-ikki kun ishlamadi-da, yana o‘z holatiga qaytdi. Javobgarlikni kuchaytirish kerak baribir. Toshkent atrofi bo‘lgani uchun shamol bilan uchib shaharga keladi. Toshkentda e’tibor bersangiz hamma yo‘talib yuradi, quruq yo‘tal hammada. Sababi havoning zararli moddalar aralashmasi ko‘payib ketgani bilan bog‘liq deb o‘ylayman. Odam achinib ketadi, Toshkent oldin qanaqa chiroyli edi. Avval daraxtlar uylardan baland turardi. Faqat Chilonzor Yunusobodning ayrim joylarida qolgan katta daraxtlar.
“Toshkent snos” guruh bor, qachon qarama falon mahallada daraxt kesilyapti degan xabar chiqadi. Hech kim bu narsaga jiddiy e’tibor berayotgani yo‘q, butun Toshkentdagi holatlarga qarshi kurashishga bir o‘zimning kuchim yetmaydi. Ba’zan odamlarga qayerga murojaat qilishni o‘zim aytaman, odam o‘zi harakat qilsa, kuchi va vaqtining qadriga yetadi.
Ekofaollikdan tashqari, huquqiy faolman. Odamlar noqonuniy qurilishlarni to‘xtatish bo‘yicha ko‘p murojaat qiladi. Toshkent shahar bosh boshqarmasi tomonidan ekologik ekspertiza o‘tkazmasdan turib ko‘p ruxsatnomalar berilgan, shularni haqiqiy emas deb topish uchun sudlarga murojaat qilamiz. Ko‘p vaziyatlar bo‘yicha bergan arizalarimizni sudlar 90 foiz holatda qoniqtiradi.
“Toshkentda 200 dan ziyod mahalla binolari quriladi, ajratilgan yerlarda ko‘p yillik daraxtlar bor”
— Tabiatni muhofaza qilish borasida o‘ntacha normativ hujjatlar bor. Lekin ijro hali sust, davlat idoralari “otpiska”dan boshqa javob berishmaydi. Hozir ham Toshkent shahar hokimining maxfiylik belgisi bilan belgilangan qarori chiqqan: 200 dan oshiq mahallaga mahalla binolarini qurish uchun yer uchastkalari ajratilgan. Lekin qaror chiqarishdan oldin joyiga borib o‘rganilmagan, ko‘p yillik daraxtlar bor bu joylarda. Ekologiya va tabiatni muhofaza qilish organlari bilan vaziyatni o‘rganmay turib ruxsatnoma berilgan, bu odamlarning noroziligiga olib kelyapti.
Barcha o‘zbekistonliklar tabiatga e’tiborini qaratishi kerak. Davlatimiz tomonidan “yashil hudud”, “yashil makon” loyihalari amalga oshirilyapti. Ekopolitsiya tuzilgan. Odamlar avvalgiga qaraganda ancha faollashgan. Lekin avval hech kim e’tibor bermagan, maktablarda o‘rgatilmasdi. Hozir bolalar ko‘chalarni toza tutishda faollashgan.
Madina Ochilova,
Diyoraxon Nabijonova,
Kun.uz
Mavzuga oid

09:38 / 26.04.2025
Eco Expo Central Asia: Toshkentda ilk bor ekologik texnologiyalar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi

07:35 / 25.04.2025
O‘zbekistonning ko‘p asrlik 9 tup daraxti maxsus xalqaro ro‘yxatga kiritildi

20:34 / 24.04.2025
Toshkentda avtomobilni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun onlayn ariza berish mumkin bo‘ldi

08:50 / 24.04.2025