O‘zbekiston | 13:53 / 15.07.2021
22909
2 daqiqa o‘qiladi

«Samarqandliklar qurilishlardan bezib ketgan» - arxitektor Taxmina Turdialiyeva

Kun.uz aniq rejasiz rivojlanayotgan shaharlar, yo‘llar, jamoat transporti, qurilishlar va ijtimoiy tengsizlik kabi mavzularda arxitektor Taxmina Turdialiyeva va «Yashil qurilish» sohasi mutaxassisi, xalqaro ekspert Temurbek Ahmedov bilan intervyu uyushtirdi.

Unda Taxmina Turdialiyeva Samarqanddagi qurilishlar va bunga viloyat aholisining munosabati haqida ham o‘z fikrlarini bildirdi.

«Tramvay qurilishi bo‘yicha ham tanqidiy fikrlar bor. Adashmasam, odamlarda tramvay yurganda undan chiqadigan tebranish kuchi tarixiy binolarga salbiy ta'sir ko‘rsatadi, degan xavotir bor.

Ikkinchidan, qurilishlar jarayoni. Bu jarayonlar viloyatda juda og‘ir kechyapti. Hozir tramvayni yer ostidan o‘tadigan qilishmoqchi. Buning uchun tunellar ham qazib qo‘yishgan. Shu jarayonlar odamlarga yoqmayapti.

Qurilish bo‘laveradi, bo‘laveradi. Yo‘llar esa qayta-qayta qurilaveradi. Odamlar qurilishlardan bezib ketgan. Odamlarning maqsadi dam olish va shahrini chiroyli ko‘rish.

To‘g‘ri, o‘tgan asrlarda ham Samarqandda tramvay bo‘lgan. O‘sha paytda tramvayning tebranish kuchi tarixiy binolarga ta'sir ko‘rsatgan yoki ko‘rsatmaganini arxitektor olimlar o‘rgangan bo‘lishi kerak. Shunga qaramay qurilishlarga ruxsat berildimi, demak mumkin ekan. Umuman olganda hozir tramvay yo‘li himoya qilinadigan hududga kirmaydigan qilib qurilyapti. Zarar yetkazishmaydi degan umiddaman», – dedi arxitektor.

Ma'lumot uchun, Taxmina Turdialiyeva 2020 yilda Samarqand viloyat hokimi Erkinjon Turdimovning qurilish masalalari bo‘yicha maslahatchisi etib tayinlangan va bir muddat shu lavozimda faoliyat yuritgan.

Mavzuga oid