O‘zbekiston | 23:21 / 26.07.2021
13141
4 daqiqa o‘qiladi

“Hozir bojxona organlarida vakansiya yo‘q” - DBQ raisi o‘rinbosari

“Bojxona tizimida islohotlar qilingunga qadar yiliga o‘rtacha 300–500 nafar xodim ishdan bo‘shatilgan. Bu – bojxona organlarining 10 foiz shaxsiy tarkibi degani”, – dedi Davlat bojxona qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Ilhom Muxtorov tizimdagi korrupsiya haqidagi savolga javoban.

26 iyul kuni so‘nggi 5 yillikda bojxona organlarida amalga oshirilgan islohotlarning asosiy natijalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda bojxona islohotlari tizimdagi korrupsiya darajasiga qanday ta'sir qila olgani bo‘yicha savol berildi. Savolga Davlat bojxona qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Ilhom Muxtorov javob berdi.

“Bojxona tizimida islohotlar amalga oshirilgunga qadar yiliga o‘rtacha 300 dan 500 nafargacha xodim ishdan bo‘shatilgan. Buncha xodim degani bojxona organlarining 10 foiz shaxsiy tarkibi degani. Ichida aqllisi bo‘lgan, yomoni bo‘lgan, gap bunda emas, gap kadrlarning ketishida. Bu sonlarning ichida korrupsiya omillari bilan ketgan kadrlar ham bor.

Men bojxona tizimida korrupsiya qolmadi, deb ayta olmayman. Lekin biz qayerda muammomiz borligini, qaysi joyda bojxonachi shu ishni qilishi mumkinligini bilamiz.

So‘nggi yillarda biz ham tadbirkorning holatiga kirib, ham inspektor o‘rniga o‘zimizni qo‘yib ko‘rib islohotlar qildik. Ruxsatnoma berish, qarorlar qabul qilishda manfaatlar to‘qnashuvi holatlarini o‘rganib chiqdik va buning ehtimolini minimallashtirdik.

Eng katta jarayon bu – bojxona ko‘rigi. Bojxona ko‘rigi tadbirkorning juda ko‘p vaqtini va pulini oladigan jarayon. Oldinlari bojxonachi xohlasa chiqardi, xohlamasa chiqmas edi. Bu pul degani. Mana shu holat korrupsion elementning bir ko‘rinishi.

Ikkinchidan, qiymatlar masalasi. Uni ham avtomatizatsiya qilishga harakat qilyapmiz. Oldin qanday edi? Bojxonachi qaror qilar edi sizning mahsulotingizni necha puldan, qaysi TIF TN kodi bilan “rastomojka” qilishni. Hozirda bunday imkoniyatlar kesilgan.

Yana bir narsa, bugungi kunda bojxona organlarida vakantning o‘zi yo‘q. Bir yilda pensiyaga chiqayotganlar soni 70-80 nafarni tashkil qiladi. Bu ham kadrlar potensialini mustahkamlashga, korrupsiyaning oldini olishga olib kelyapti.

Ayni vaqtda yana bir amaliyotni yo‘lga qo‘yganmiz. Oldin bunday amaliyot bo‘lmagan. Bojxonaning o‘zi tegishli huquqni muhofaza qilish organi bilan hamkorlikda xodimning ustidan operativ yo‘l bilan ishlab, qo‘liga kishan solib, topshiryapmiz. So‘nggi yillarda 10 dan ortiq xodimni shunday ishdan oldik va jinoiy javobgarlikka tortdik”, – dedi Ilhom Muxtorov.

DBQ raisi o‘rinbosariga ko‘ra, tizimdagi asosiy vazifa – ilg‘or xorij tajribasini tatbiq qilish va barcha jarayonlarni raqamlashtirish.

O‘zbekiston o‘tgan yili savdo tartib-taomillarini soddalashtirish bo‘yicha Kioto konvensiyasi hamda vaqtincha olib kirish bo‘yicha Istanbul konvensiyasiga qo‘shilgan edi.

Ilhom Muxtorovga ko‘ra, joriy yil oxiriga borib bojxona rasmiylashtiruvi jarayoni o‘zgarishini aytdi.

“Katta o‘zgarish qilamiz. Masofadan yukni chiqarish degan tushuncha bor. Bojxona postlaridagi hozirgi rasmiylashtirish jarayonlaridan voz kechmoqchimiz. Bojxona rasmiylashtiruvini markazlashgan holda, markazlardan amalga oshirishni yo‘lga qo‘ymoqchimiz.

Bu – tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchisi va bojxona o‘rtasidagi jismoniy kontaktni minimallashtirish. TIF qatnashchisi bojxonaga kelishi tartibi hozirgacha saqlanib qolyapti.

Ikkinchi yangilik – yuklarni avtomatik chiqarib yuborish tizimi. Bunda xodim qatnashmaydi, tizimning o‘zi qaror qabul qiladi. “Sizning yukingiz falon tizim orqali bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazildi, rahmat” degan xabar chiqadi. Shu narsani import jarayonlariga ham tatbiq etish niyatimiz bor”, – ta'kidladi Davlat bojxona qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari.

Mavzuga oid